وَيُطْعِمُونَ ٱلطَّعَامَ عَلَىٰ حُبِّهِۦ مِسْكِينًا وَيَتِيمًا وَأَسِيرًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: O`zlari taomni yaxshi ko`rib tursalar ham, uni miskin, yetim va asirlarga berarlar.Ўзлари таомни яхши кўриб турсалар ҳам, уни мискин, етим ва асирларга берарлар.Alauddin Mansour: Va taomni suyub-xohlab tursalar-da, (oʻzlari yemasdan) miskin, yetim va asirlarni taomlantirurlar.Ва таомни суюб-хоҳлаб турсалар-да, (ўзлари емасдан) мискин, етим ва асирларни таомлантирурлар.
Ana, birodarlar, abrorlarning xislati nima ekan! Ular hattoki oʻzlariga taom kerak boʻlib, hojatlari tushib tursa ham, miskin, yetim, asirlarni oʻzlaridan ustun qoʻyib, taomni ularga beradilar. Taom yaxshi boʻlsa, albatta, uni koʻproq tanovul qilishga kishida moyillik boʻladi. Ana shunday hollarda uni faqirga berish boyning kambagʻalni hurmat qilishidan kelib chiqadi. Bu esa, oʻz navbatida, ular orasida tenglik boʻlishiga olib keladi. Oyatdagi «miskin» soʻzining alohida taʼkidlanishi ham aynan shunga qaratilgan. Chunki, miskinga, yaʼni oʻziga va oilasiga yetarli yeb-ichish taomi boʻlmagan odamga yordam berish oʻziga toʻqlarning burchidir.
Yetimlarga yordam berish ham nihoyatda savobli ish. Yetimlarga ovqat, kiyim-kechak, taʼlim va tarbiya berish oʻziga toʻqlarning zimmasidagi burchdir. Shunday qilinsa, yetim ham jamiyat uchun foydali shaxs boʻlib yetishadi. Agar unga beparvo qaralsa, kamsitilsa, razolat va jinoyat koʻchasiga kirib, oʻzi yashayotgan jamiyatga faqat zarar keltiruvchi shaxsga aylanadi. Bunga misol keltirib oʻtirish shart emas. Atrofimizga aql koʻzi bilan bir nazar solsak, bas.
Islom dini kishilik jamiyatida qaror topa boshlagan dastlabki kunlardanoq dushmanlardan qoʻlga tushgan asir hayotini saqlab qolish, uning insonlik huquqini hurmat qilishga daʼvat etdi. Bu haqda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga oyatlar ham nozil qilindi. Va ul zot bundan 1400 yil avval, butun dunyo inson xuquqi nima ekanini bilmay turgan bir paytda Alloh taoloning ana shunday insonparvar hukmini eʼlon qildilar.
Islom tatbiq etgan bu huquqlarni, jumladan, asirlarga yaxshi muomala qilish, ularni biror yegulik bilan taʼminlashni Birlashgan Millatlar tashkiloti yaqindagina eʼlon qildi. Bundan yuz yoki ming yil avval emas. Shuning oʻziyoq Alloh taoloning dini nima asosiga qurilganligiga yetarli dalildir.
Musulmonlar birovga yaxshilik qilganlarida riyo uchun, minnat uchun emas, balki savob umidida, qiyomat kuni yaxshi holatlarga erishish umidida qiladilar. Ushbu xislatlar quyidagi oyatlarda ham ifoda etiladi.