يَسْـَٔلُونَكَ عَنِ ٱلْأَنفَالِ ۖ قُلِ ٱلْأَنفَالُ لِلَّهِ وَٱلرَّسُولِ ۖ فَٱتَّقُوا۟ ٱللَّهَ وَأَصْلِحُوا۟ ذَاتَ بَيْنِكُمْ ۖ وَأَطِيعُوا۟ ٱللَّهَ وَرَسُولَهُۥٓ إِن كُنتُم مُّؤْمِنِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Sendan o`ljalar haqida so`rarlar. Sen: «O`ljalar Alloh va Payg`ambarnikidir. Bas, Allohga taqvo qilinglar va o`z oralaringizni isloh etinglar. Agar mo`min bo`lsangiz, Allohga va Uning Payg`ambariga itoat qilinglar», deb ayt.Сендан ўлжалар ҳақида сўрарлар. Сен: «Ўлжалар Аллоҳ ва Пайғамбарникидир. Бас, Аллоҳга тақво қилинглар ва ўз ораларингизни ислоҳ этинглар. Агар мўмин бўлсангиз, Аллоҳга ва Унинг Пайғамбарига итоат қилинглар», деб айт.Alauddin Mansour: (Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), Sizdan oʻljalar haqida soʻraydilar. Ayting: «Oʻljalar Alloh va paygʻambarnikidir. Bas, Allohdan qoʻrqingiz va oʻz oralaringizni oʻnglangiz! Agar moʻmin boʻlsangizlar, Alloh va Uning paygʻambariga boʻysuningiz!(Эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом), Сиздан ўлжалар ҳақида сўрайдилар. Айтинг: «Ўлжалар Аллоҳ ва пайғамбарникидир. Бас, Аллоҳдан қўрқингиз ва ўз ораларингизни ўнглангиз! Агар мўмин бўлсангизлар, Аллоҳ ва Унинг пайғамбарига бўйсунингиз!
Badr gʻazoti haqidagi yuqorida keltirilgan maʼlumotlarda taʼkidlanganidek, «Anfol» surasining koʻpgina oyatlari mazkur urush sababidan nozil boʻlgandir. Xususan, dastlabki oyatlar jangdan keyin oʻlja ustida musulmonlar orasida janjal chiqqani sababli tushgandir.
Allohning yordami bilan gʻolib boʻlgan musulmonlar gʻalaba nashidasida mast ekanlar, oʻlja xususida oʻzaro ixtilofga tushib qoldilar. Bu esa, inson tabiati nihoyatda murakkab ekanini yana bir bor koʻrsatadi. Kofirlardan tushgan oʻljani talashayotgan insonlar, aslida, butun mol-mulkidan kechib, Islomni tanlagan zotlar edi. Ularning bir qismi molu dunyolarini, qarindosh-urugʻlarini, aziz vatanlarini tashlab, dinu diyonat yoʻlida hijrat qilganlar.
Boshqalari esa, hijrat qilib kelgan birodarlariga hamma narsalarni berib, ularni oʻzlaridan ustun koʻrgan ansoriylar edi. Ular Badr urushiga kirayotib, «oʻlja» degan narsani xayollariga ham keltirgan emaslar. Balki, tezroq shahid boʻlib, jannatga kirish ishtiyoqida yonar edilar. Ulardan biri jannatga kirishga shoshilganidan qoʻlidagi bir necha xurmoni yeb bitirishga ham chidamagan. Ammo, jang tugab, koʻp yillik mashaqqat va qi-yinchiliklardan keyin dastlabki gʻalaba qoʻlga kirgach, darhol dunyo-ga qiziqish boshlandi. Orada nizo chiqdi. Bu juda ham xatarli hol edi.
Hozirgi kunda islomiy harakatlar yecha olmayotgan bosh jumboq ham shundadir. Daʼvat yoʻlida, dushmanga qarshi kurash yoʻlida moʻʼjizaga oʻxshash ishlar qilinadi-yu, birinchi gʻalaba, bir oz mansab va mol-dunyo qoʻlga kirgach, ixtilof, oʻzaro kelishmovchiliklar boshlanadi. Alloh taolo sahobalar avlodini har xil ishlarni boshlariga solib, tarbiyalab borgan. Badr urushidan keyin oʻlja talashish ham shunga oʻxshash masalalardan biridir. Alloh ularni amaliy xato ustida tarbiyaladi. Oʻsha hodisaning bevosita ishtirokchisi boʻlmish Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan shunday rivoyat bor: «Bu oyatlar biz haqimizda–Badr sohiblari haqida, oʻlja talashib, ixtilof qilganimizda, axloqlarimiz buzilganida nozil boʻlgan. Alloh oʻljani bizning qoʻlimizdan tortib olib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga berdi».
Alloh taolo oyati karimaning avvalida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xitob qilmoqda:
«Sendan oʻljalar haqida soʻrarlar».
Yaʼni, oʻlja ustida talashib, har qaysisi oʻzini boshqalardan koʻra haqliroq bilib, sohiblik daʼvosini qilganidan soʻng, soʻraydilar. «Oʻljalar kimniki»,–deydilar.
«Oʻljalar Alloh va Paygʻambarnikidir, deb ayt».
Oʻljalar sizniki emas. Siz shoshilib, uni oʻzingizniki qilib olmoqchisiz. Yoʻq. Oʻljalar Allohniki.
Alloh sizni kofirlar ustidan gʻolib qildi.
Bu gʻalabani siz keltirganingiz yoʻq. Alloh keltirdi.
Mushriklarni siz oʻldirganingiz yoʻq, balki Alloh oʻldirdi.
Kofirlarni siz asir olganingiz yoʻq, Alloh asir oldi.
Oʻljani siz qoʻlga kiritganingiz yoʻq, Alloh kiritdi.
Oʻljalar sizniki emas, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamniki. Oʻsha zot tufayli sizga Allohning yordami keldi.
Siz boʻlsa, haqqingiz boʻlmagan narsani talashib, bir-biringizni xafa qilib, oʻrtadagi doʻstlikka futur yetkazib yuribsiz. Bunday qilish sizlarga hech munosib emas.
«Bas, Allohga taqvo qilinglar va oʻz oralaringizni isloh etinglar».
Qalbda taqvo boʻlgandagina inson dunyoning oʻtkinchi matohini talashib yurmaydi. Molu dunyo deb oʻz birodarlari bilan orani buzmaydi. Qalbidan taqvo joy olgan insongina Allohga va Paygʻambarga itoat qiladi.
«Agar moʻmin boʻlsangiz Allohga va Uning Paygʻambariga itoat qiling».
Demak, moʻminlikning sharti har bir narsada Allohga va Uning Paygʻambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga itoat qilishdir. Iymon amalda koʻrinadi. Iymonni koʻrsatadigan amal esa, Allohga va Uning Paygʻambariga itoat qilishda zohir boʻladi. Shuning uchun ham, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam oʻz hadisi shariflaridan birida: «Iymon qalbda viqor topgan va amal bilan tasdiq etilgan narsadir», deganlar.
Keyingi oyatlarda haqiqiy moʻminlar kimlar ekani bayon qilinadi: