إِنَّمَا ٱلْمُؤْمِنُونَ ٱلَّذِينَ إِذَا ذُكِرَ ٱللَّهُ وَجِلَتْ قُلُوبُهُمْ وَإِذَا تُلِيَتْ عَلَيْهِمْ ءَايَـٰتُهُۥ زَادَتْهُمْ إِيمَـٰنًا وَعَلَىٰ رَبِّهِمْ يَتَوَكَّلُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Albatta, Alloh zikr qilinsa, qalblari titraguvchi, oyatlari tilovat etilsa, iymonlarini ziyoda qilguvchi va Robbilariga tavakkul qilguvchilargina mo`minlardir.Албатта, Аллоҳ зикр қилинса, қалблари титрагувчи, оятлари тиловат этилса, иймонларини зиёда қилгувчи ва Роббиларига таваккул қилгувчиларгина мўминлардир.Alauddin Mansour: Faqat Alloh (nomi) zikr qilinganida qalblariga qoʻrqinch tushadigan, Uning oyatlari tilovat qilinganda iymonlari ziyoda boʻladigan va Parvardigorlarigagina suyanadigan kishilar (haqiqiy) moʻmindirlar.Фақат Аллоҳ (номи) зикр қилинганида қалбларига қўрқинч тушадиган, Унинг оятлари тиловат қилинганда иймонлари зиёда бўладиган ва Парвардигорларигагина суянадиган кишилар (ҳақиқий) мўминдирлар.
Oyatda moʻminlarning bir necha sifati zikr qilingan. Oyat
«Albatta», degan taʼkid bilan boshlanayotgani diqqatni tortadi.
«Alloh zikr qilinsa, qalblari titraguvchi»lar... moʻminlardir.
Demak, moʻminni ajratish uchun Allohni zikr qilish kerak ekan. Alloh zikr qilinganda, qalbini titroq bosib, undan qoʻrqib turgan odam moʻmin boʻladi. Yaʼni, masalan, biron ishni Alloh buyurgan, qilish kerak, deyilsa, Allohdan qoʻrqib, oʻsha ishni bajarishga kirishgan odam moʻmin boʻladi. Gapni eshitib turib, Alloh zikr qilingandan keyin ham qoʻrqmay, u ishdan boʻyin tovlagan odam moʻmin emas.
Misol uchun, Alloh namoz oʻqishni farz qilgan, Uning amrini bajarish har bir musulmonga farzdir, deyilsa, qalbini titroq bosib, darhol namoz oʻqishni boshlagan odam moʻmin. Mazkur hukmni eshitib, yana oʻqimay ketaveradiganlar esa, moʻmin emasdir.
Shuningdek, aroq ichishni Alloh harom qilgan, kim uni ichsa, gunohkor boʻladi, deyilsa, Allohdan qoʻrqib, aroq ichmay qoʻygan odam moʻmindir. Allohdan qoʻrqmay, yana ichavergan odam esa, moʻmin emas. Ushbu misolni boshqa har bir amrga va qaytariqqa solishtirib olavering.
«oyatlari tilovat etilsa, iymonlarini ziyoda qilguvchi» lar ... moʻminlardir.
Yaʼni, Allohning oyatlari tilovat qilinganda, iymoni ziyoda boʻladigan inson moʻmindir. Qalbiga Qurʼon taʼsir etadigan, iymonini baquvvat qiladigan inson moʻmindir. Ammo, Qurʼoni Karim oyatlari qanchalik tilovat qilinsa ham, iymoni ziyoda boʻlmay turaveradigan inson moʻmin emasdir.
«...va Robbilariga tavakkul qilguvchilargina moʻminlardir».
Yaʼni, faqat Alloh taologagina qaytadigan, Unigina koʻzlaydigan, Undangina panoh tilaydigan, Undangina hojatlarini ravo qilishni soʻraydigan, Ungagina ragʻbat qiladigan, U xohlasa, boʻladi, xohlamasa, boʻlmaydi, deb eʼtiqod qiladigan kishilargina moʻminlardir. Bu degani, dunyodagi ishlarga aralashmay, sababini axtarmay turaverish kerak, degani emas. Moʻmin har bir ishni rejaga solib, puxta oʻylab, turli sabablarni topib, keyin qiladi. Lekin oʻsha tadbirlarning oʻzigagina suyanib qolmaydi. Fikr, reja va tadbirlar natija berdi, ham demaydi. Balki, Allohga suyanadi. Natijani Allohdan deb biladi. Shunday tushunchaga ega boʻlmagan odam moʻmin emas.
Mulohaza qilinsa, Qurʼonda odamlar moʻminlar va moʻmin emaslarga ajratilgan. Baʼzilar aytayotganidek, «haqiqiy moʻmin, oddiy moʻmin va moʻmin boʻlmaganlar»ga emas. Mazkur sifatlarga ega boʻlganlargina moʻmindir, boshqalari moʻmin emas. Uchinchi toifa yoʻq. Agar boʻlsa, Alloh aytar edi.
Keyingi oyatda moʻminlarning sifatlarini zikr qilish davom etadi: