إِذْ هُمْ عَلَيْهَا قُعُودٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: U(kofir)lar o`sha(chuqur)lar atrofida o`tiribdirlar.У(кофир)лар ўша(чуқур)лар атрофида ўтирибдирлар.Alauddin Mansour: Oʻshanda ular oʻsha (choh)ning ustida oʻtirib olgan,Ўшанда улар ўша (чоҳ)нинг устида ўтириб олган,
Tafsirchilarimiz bu oyatlar tafsirida quyidagi qissani keltiradilar. Imom Ahmad ibn Hanbal Suhaybdan rivoyat qiladilar. Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom aytibdilar: «Sizlardan avval oʻtgan ummatlardan birida bir podshoh oʻtgan. Uning sehrgari bor ekan. Sehrgar qariganda, podshohga:
«Men qarib ajalim yaqinlashib qoldi, menga birorta yosh yigitlardan bersangiz, sehrimni oʻrgatib qoʻysam», debdi. Podshoh unga bir yigitni beribdi va sehrgar unga sehr oʻrgata boshlabdi. Sehrgar bilan podshoh orasida bir rohib (diniy olim) ham bor ekan. Yigit oʻsha rohib huzuriga kelib, uning soʻzlarini eshitib ajablanibdi. Sehrgarning oldiga kech qolib borsa:
«Nimaga kech qolding?»–deb urar ekan. Uyiga kech qolib borsa, uyidagilar ham:
«Nimaga kech qolding?»–deb urar ekanlar. Yigit bu haqda rohibga shikoyat qilsa, u: sehrgar urmoqchi boʻlsa, uyimdagilar tutib qolishdi, degin. Uyingdagilar, nega kech qolding desa, sehrgar tutib qoldi degin, deb oʻrgatibdi. Kunlardan birida yigit yoʻlda ketayotsa, ulkan, dahshatli bir hayvon koʻchani toʻsib, odamlarni oʻtkazmay qoʻyganini koʻribdi. Shunda yigit, sehrgarning ishi Allohga maqbulmi, rohibnikimi–biladigan kun keldi, deb xayolidan oʻtkazibdi. Bir toshni olib:
«Ey Allohim, agar rohibning ishi senga sehrgarning ishidan koʻra maʼqulroq boʻlsa, mana shu hayvonni oʻldirgin, odamlar oʻtib ketsin», deb toshni otsa, hayvon oʻlibdi va odamlar oʻtib ketibdi. Gapni rohibga aytgan ekan:
«Ey bolam, sen mendan afzalsan, kelajakda balolarga giriftor boʻlasan, oʻshanda mening sirimni birovga aytmagin», debdi. Yigit koʻr, pes va boshqa dardlarni davolaydigan boʻlibdi. Podshohning bir doʻsti koʻr boʻlib qolibdi. Yigitga koʻp hadyalar berib:
«Menga shifo ber», debdi. Yigit:
«Shifoni men emas, Alloh beradi, agar iymon keltirsang, duo qilaman, senga shifo beradi», debdi. Soʻng u kishi koʻzi tuzalib, podshohning oldiga borib oʻtiribdi. Podshoh undan:
«E falonchi, koʻzingni kim qaytarib berdi», deb soʻrabdi.
«Robbim», deb javob beribdi u. Podshoh:
«Menmi?»–deb savol qilibdi. U boʻlsa:
«Mening ham, sening ham Robbimiz Alloh», deb javob qilibdi. Podshoh:
«Mendan oʻzga ham Robbing bormi?»–deb taʼkidlab soʻrabdi. Doʻsti:
«Ha bor, mening Robbim ham, sening Robbing ham Alloh», deb javob beribdi. Soʻrab-soʻrab, oxiri yigitni topibdi va unga:
«Ey bolam, sehring kuchli boʻlib, koʻr, pes va boshqa kasallarni davolaydigan boʻlibsan», debdi. Yigit:
«Men hech kimga shifo bermayman, shifoni Alloh beradi», deb tushuntiribdi. Podshoh:
«Menmi?»–deb soʻrabdi. Yigit:
«Yoʻq!»–deb javob qilibdi. Podshoh:
«Mendan boshqa ham Robbing bormi?»–deb soʻrabdi. Yigit:
«Mening ham, sening ham Robbing Alloh», deb javob beribdi. Yigitni azoblab, oxiri rohib haqidagi maʼlumotni olishibdi. Rohibni keltirib, diningdan qayt, degan ekan, koʻnmabdi. Boshidan arra solib arralab, ikkiga boʻlib tashlashibdi. Soʻng koʻr boʻlgan kishiga, diningdan qayt, deyishibdi. U ham koʻnmabdi, uni ham arralab, ikkiga boʻlib tashlashibdi. Yigitga ham:
«Diningdan qayt», debdilar. U ham:
«Yoʻq», deb javob qilgach, podshoh bir guruh odamlariga:
«Yigitni togʻ choʻqqisiga olib chiqinglar, dinidan qaytsa, qaytdi, boʻlmasa, choʻqqidan tashlab yuboringlar», deb buyuribdi. Yigitni choʻqqiga olib chiqishganda:
«Ey Allohim, oʻzing bilib meni bulardan qutqargin», deb duo qilibdi. Togʻ silkinib hammalari choʻqqidan qulab halok boʻlishibdi. Yigit podshoh huzuriga qaytibdi. Podshoh undan:
«Sheriklaringga nima boʻldi?»–deb soʻrabdi. Yigit:
«Alloh meni ulardan qutqardi», deb javob beribdi. Yana bir guruh odamlarga yigitni topshirib, podshoh:
«Buni dengizga olib boringlar, dindan qaytsa, qaytdi, boʻlmasa, choʻktirib yuboringlar», deb buyuribdi. Dengizda yigit:
«Yo Allohim, Oʻzing meni bulardan qutqargin», deb duo qilibdi. Podshohning barcha odamlari gʻarq boʻlib, yigit yana podshohning oldiga boribdi.
«Sheriklaringga nima boʻldi?»–deb soʻrabdi podshoh.
«Alloh meni ulardan qutqardi», deb javob qilibdi yigit va podshohga:
«Mening aytganimni qilmaguninggacha meni oʻldira olmaysan, agar aytganimni qilsang, oʻldirishing mumkin», debdi. Podshoh:
«Gapingni ayt», deb buyuribdi. Shunda yigit:
«Hamma odamlarni bir joyga toʻplaysan, meni daraxt shoxiga osasan, oʻqdonimdan bir oʻq olasan, soʻng «Yigitning Robbisi Allohning nomi bilan», deb kamondan otasan, shundagina meni oʻldirishing mumkin», deb oʻrgatibdi. Podshoh yigitning aytganini qilibdi, oʻqni kamonga qoʻyib turib:
«Yigitning Robbisi, Allohning nomi bilan», deb otgan ekan, oʻq yigitning koʻksiga tegibdi. Yigit oʻq tekkan joyini ushlab turib vafot etibdi. Toʻplangan odamlar, yigitning Robbisiga iymon keltirdik, deyishibdi. Podshohning aʼyonlari: mana endi, sen qoʻrqqan narsa sodir boʻldi, odamlar hammasi iymonga keldi, deyishibdi. Shunda podshoh farmoni bilan «uxdud»–chuqurlar qazilibdi va oʻtlar yoqilibdi, dinidan qaytganlarni qoʻyib, qaytmaganlarning barchasini olovli chuqurlarga tashlashibdi. Odamlar oʻzini tortib orqaga tashlashib turgan ekan, emizikli bolasi bor bir ayolni ham oʻtga tashlash uchun keltirishibdi, u ham oʻzini olib qochmoqchi boʻlgan ekan, goʻdak tilga kirib: sabr qiling onajon, siz haq yoʻldasiz, debdi».
Bu qissani imom Muslim va imom Nasaiy ham oʻz kitoblarida rivoyat qilganlar.
Insoniyat oʻzining uzoq tarixi davomida dindorlarga qarshi qilingan qatagʻonlar, jabr-zulmlar va azob-uqubatlarni koʻrgan. Ana oʻshalardan baʼzilarini Qurʼoni Karim oʻzining baʼzi suralarida keltirgan. Ushbu «Buruj» surasida ham uning siyoqiga moslab qisqa qilib «Ashobi Uxdud»ning qissasi keltirilmoqda. Unda kofirlar moʻminlarni olovga toʻldirilgan uzun-uzun chuqurga tashlab kuydirib, oʻzlari ustida tomosha qilib turganligi vasf qilinmoqda. Ushbu oyatlar nozil boʻlayotgan bir paytda oz sonli musulmonlar Makka mushriklarining alvon azoblariga duchor boʻlayotgan edilar. Ushbu oyatlar, albatta, musulmonlarga ibrat va sabr-bardoshga daʼvatdir. Qurʼoni Karimda bayon qilingan oʻtgan ummatlarning iymon va kufr orasidagi davomli kurashining tarixini yaxshilab oʻrgangan mufassirlarimiz ushbu oyatlarda kelgan qissa haqida oʻta ibratli bir fikrni aytganlar. Ularning aytishlaricha, Qurʼoni Karimda iymon bilan kufr oʻrtasidagi bardavom kurashni vasf qiluvchi barcha qissalar iymonning gʻolib boʻlishi va kufrning magʻlub boʻlishi bilan tugaydi. Ahli iymonlar ahli kufrlarga qarshi sabr-matonat bilan kurashadilar, jabr-zulm va azob-uqubatlarni yengib, bu dunyoning oʻzida iymon-eʼtiqodlari va jiddi-jihodlari samarasini koʻradilar. Ahli kufrlar esa, bu dunyoning oʻzida sharmandai sharmisor boʻlib, magʻlubiyatga uchraydilar.
Faqatgina «Ashobul uxdud» qissasida bu ish yuzaga chiqmaydi. Unda moʻminlarning gʻalabasi, kofirlarning magʻlubiyati zikr qilinmaydi. Bundan, baʼzi vaqtlarda iymon bilan kufrning orasidagi kurashning haqiqiy natijasi oxiratga qolishi mumkin ekan, degan xulosa chiqadi. Shuning uchun ham, baʼzi musulmonlar oʻz iymonlari va jihodlari samarasini bu dunyoda koʻrmay ketsalar, xafa boʻlmaslik kerak, u dunyoda albatta koʻradilar. Baʼzi kofirlar oʻz kufrlari va gunohlari jazosini bu dunyoda tortmay ketsalar ham, xafa boʻlmaslik kerak, u dunyoda albatta tortadilar.
Modomiki, qadimdan kofirlar moʻminlarga tazyiq oʻtkazib, ularga zulm qilib, azoblab, qamab, oʻldirib kelayotgan ekanlar, ular bu ishni nima uchun qilayotganlarini oʻrganish kerak. Bechora moʻminlar nima uchun buncha azoblanadi? Kofirlar moʻminlardan qanday ayb topdilarki, ularni bunchalik tazyiqqa olib, azoblaydilar? Jumladan, ushbu qissadagi zikri kelayotgan kofirlar moʻminlardan nima ayb topdilarki, ularni oʻtga tashlab kuydiradilar?
Bu savolning javobi kelasi oyatda keladi.