وَإِلَى ٱلسَّمَآءِ كَيْفَ رُفِعَتْ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Va osmonning qandoq ko`tarilganiga?Ва осмоннинг қандоқ кўтарилганига?Alauddin Mansour: Osmonning qanday koʻtarib qoʻyilganiga;Осмоннинг қандай кўтариб қўйилганига;
Ushbu oyati karimalarda Alloh taolo Oʻz qudratini koʻrsatish uchun insonlarga, xususan, kofirlarga Oʻzining yaratgan narsalaridan toʻrttasiga nazar solib koʻrishni tavsiya qilmoqda:
1. Tuyaning qanday yaratilganiga, nazar solmaydilarmi?
Qurʼon nozil boʻlgan payt va joyda odamlarga eng yaqin hayvon tuya boʻlgan, shuning uchun ularning eʼtibori tuyaga tortilyapti. Haqiqatan ham, tuya bir moʻʼjiza: uning tuzilishi–quloq, burun, koʻz, oyoq, tuyoqlari sahro uchun moslashgan. Shuning uchun ham, uni arablar «sahro kemasi» deyishadi. Tuya issiq havoda yurishga moslashgan, suv ichmay bir necha kunlab yurishi mumkin va hokazo.
Endi, «sahro kemasi»ning yaratilishidagi baʼzi bir ajoyibotlarga, qisqacha boʻlsa ham, nazar solaylik. Tuyaning koʻzlari boshning yuqori qismiga joylashgan boʻlib, ortga qarash imkonini beradi. Uning qovoqlari esa, qumni toʻsishga moslashgandir. Shuningdek, tuyaning burun kataklari va quloqlari ham qum kirishini toʻsadigan junlar bilan jihozlangan. Sahroda shamol turishi bilan tuyaning tumshuqlari ham, quloqlari ham jismiga tortilib, qumdan zarar koʻrmaydigan holatga kelib oladi.
Tuyaning tuyoqlari ham alohida shakldagi suyaklarga kiygizilgan goʻsht va teridan iborat qoʻlqop boʻlib, qumda bundan boshqa tuyoq bilan yukli ravishda yurish mumkin emas.
Tuya sahroda och qolganda, quruq yogʻochni, hatto tikonni ham yeb ketaveradi.
Tuyaning oʻrkachi oʻziga xos ozuqa omboridir. Agar tuya sahroda och qolsa, oʻsha oʻrkachidagi «ombor»dan ozuqa olaveradi.
Sahroda eng zaruriy narsa suv hisoblanadi. Tuyani Alloh taolo bu ehtiyojiga ham moslab yaratgan. Avvalo, tuya ter chiqarmaydigan qilib yaratilgan. Yaʼni, jismidagi suvni oʻzida saqlab turadi. Qolaversa, tuyaning burni ogʻziga ulangan. Shuning uchun, uning nafas olishi tufayli chiqqan bugʻ ham yana ogʻzi orqali ichiga qaytadi. Shu bilan birga, tuya birdan koʻp suv ichib olish qobiliyatiga ega. U oltmish litrgacha suv ichishi mumkin. Bu esa, unga sahroda olti kundan oʻn kungacha suv ichmay yurish imkonini beradi.
Ushbu zikr qilingan narsalar Alloh taoloning, oʻsha tuyani yaratgan Zotning qudratiga dalil emasmi? Ha, tuyaning va har bir jonzotning yaratilishiga ibrat nazari bilan, aqlni ishlatib qaragan inson Alloh taoloning qudratiga tan bermay iloji yoʻq.
2. Va osmonning qanday koʻtarib qoʻyilganiga, nazar solmaydilarmi?
Osmon ham hamma joyda barchaning nazari tushib turadigan narsa. Lekin uning ulkanligi, ichidagi narsalarning koʻpligi, intizomi va boshqa shunga oʻxshash narsalariga ibrat nazari bilan, aqlni ishlatib qaragan inson Alloh taoloning qudratiga tan bermay iloji yoʻq.
3. Va togʻlarning qandoq oʻrnashtirilganiga, nazar solmaydilarmi?
Togʻlar ham oʻz salobati ila hammaning nazariga tushib turadigan narsa. Ularning tuzilishi, sir-asrori, ajoyibotlari ham aqlni ishlatgan, eʼtibor nazari solganlarni Allohga iymon keltirishga undaydi.
4. Va yerning qandoq qilib tekislab qoʻyilganiga, nazar solmaydilarmi?
Yerdagi ajoyibotlar doimo aqlli kishilarni iymonga yoʻllab kelgan. Kim eʼtibor nazari bilan qarasa, koʻp narsani topadi.
Qiyomat kuni manzaralari, Oʻzining borliqdagi qudrati koʻrinishlarini zikr qilib boʻlgandan soʻng, Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamning eʼtiborlarini Paygʻambarliklarining tabiatiga tortadi. Unda vaʼz-nasihat, irshod va majbur qilmaslik asos ekanini eslatadi.