وَٱلشَّمْسِ وَضُحَىٰهَا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Quyosh bilan va uning ziyosi bilan qasam.Қуёш билан ва унинг зиёси билан қасам.Alauddin Mansour: Quyosh va uning yogʻdusiga qasam.Қуёш ва унинг ёғдусига қасам.
Alloh taolo Qurʼoni Karimning boshqa suralarida ham ushbu oyatlarda qasam ichgan narsalari ila, jumladan, Quyosh ila qasam ichgan. Lekin eʼtibor beradigan boʻlsak, har bir qasamda joyiga, maqomiga qarab oʻziga xoslik bor. Ushbu oyatlarda quyosh va boshqa narsalar ila qasam ichish bilan birga, ularning oʻziga xos xususiyatlaridan birini ham qoʻshib qasam ichilmoqda. Bunda, avvalo, qasam ichiladigan narsalarga eʼtiborni tortish bilan bir qatorda, ularning ketidan zikr qilinadigan xususiyatlariga ham eʼtiborni tortish qasd qilingandir.
Ushbu oyatda Alloh taolo quyosh va uning ziyosi, oʻzidan taratadigan yogʻdusi ila qasam ichmoqda. Bu bilan insonning eʼtiborini quyoshga va uning yogʻdusiga tortmoqda. Ha, Alloh taolo aynan quyoshning ulkanligiga, undan chiqadigan yogʻdu, harorat va issiqlik quvvati va boshqa narsalarga eʼtiborni qaratmoqda. Quyoshning hajmi yerning hajmidan bir million uch yuz ming marta katta ekanligini moʻminu kofir yaxshi biladigan boʻlib ketdi. Faqat, hamma insonlarning oʻshandoq ulkan narsani yaratgan Zotga iymon keltirib, itoat va ibodat qilishlari qoldi, xolos. Shuningdek, mutaxassislarning aytishlaricha, quyosh oʻzining har bir kvadrat metr sathidan 84 ming ot kuchiga ega quvvat taratar ekan. Xoʻsh, bu quvvatni unga kim berdi? Yana mutaxassislarning aytishicha, agar quyosh hozir yerga taratayotgan issiqlik bir oz kamaysa, yer muzlab, bir oz koʻpaysa, yonib ketar ekan. Xoʻsh, quyoshning yerga bunchalik aniqlik bilan issiqlik uzatib turishini kim tashkil qilgan?
Bu narsalarni bilgandan keyin, «Ularni kim qilmoqda?» degan savol har bir aqli bor insonni oʻylantirishi kerak. Bu savolga berilishi mumkin boʻlgan birdan-bir toʻgʻri javob–«Bularning hammasini Alloh taolo qiladi, xolos», deyishlikdir. Demak, quyoshni va uning yogʻdusi, harorati va boshqa foydalarini tushunib yetgandan keyin, Alloh taologa iymon keltirib, itoat va ibodat qilishdan boshqa chora qolmaydi.