وَمَآ أُمِرُوٓا۟ إِلَّا لِيَعْبُدُوا۟ ٱللَّهَ مُخْلِصِينَ لَهُ ٱلدِّينَ حُنَفَآءَ وَيُقِيمُوا۟ ٱلصَّلَوٰةَ وَيُؤْتُوا۟ ٱلزَّكَوٰةَ ۚ وَذَٰلِكَ دِينُ ٱلْقَيِّمَةِ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Holbuki, ular faqat Allohgagina ibodat qilishga, Uning dinigagina ixlos qilishga, boshqa dinlarga moyil bo`lmaslikka, namozni to`liq o`qishga, zakot berishga buyurilgan edilar. Ana shu, to`g`ri(millat)ning dinidir.Ҳолбуки, улар фақат Аллоҳгагина ибодат қилишга, Унинг динигагина ихлос қилишга, бошқа динларга мойил бўлмасликка, намозни тўлиқ ўқишга, закот беришга буюрилган эдилар. Ана шу, тўғри(миллат)нинг динидир.Alauddin Mansour: Holbuki, ular faqat yagona Allohga, U zot uchun dinni xolis qilgan, Toʻgʻri Yoʻldan ogʻmagan hollarida ibodat qilishga va namozni toʻkis ado etishga hamda zakotni (haqdorlarga) ato etishga buyurilgan edilar. Mana shu Toʻgʻri (Yoʻldagi millatning) dinidir.Ҳолбуки, улар фақат ягона Аллоҳга, У зот учун динни холис қилган, Тўғри Йўлдан оғмаган ҳолларида ибодат қилишга ва намозни тўкис адо этишга ҳамда закотни (ҳақдорларга) ато этишга буюрилган эдилар. Мана шу Тўғри (Йўлдаги миллатнинг) динидир.
Ha, ahli kitob boʻlmish oʻsha yahudiy va nasorolar Tavrot va Injilda faqat Alloh taoloning Oʻzigagina ibodat qilishga amr etilgan edilar. Ammo, ular bu amrni bajo etmadilar. Ular Allohdan boshqaga, Uzayrga, Iysoga, Maryamga, hatto oʻz ahbor va rahbarlariga ham ibodat qildilar.
Alloh subhanahu va taolo «Tavba» surasida:
«Va ular ahborlari va rohiblarini Allohdan oʻzga Robb qilib oldilar va Masiyh ibn Maryamni ham. Holbuki, ular faqat yagona ilohgagina ibodat qilishga amr qilingan edilar», degan.
Albatta, ahbor va rohiblarga ibodat qilish ularga sajda qilish emas, ularning oʻzlaricha halol deganini halol bilib, harom deganini harom bilib, Alloh taoloning aytganini qoʻyib, ularning aytganiga yurishdir. Ular.
«Uning dinigagina ixlos qilishga... buyurilgan edilar.
Ha, ahli kitoblar boʻlmish yahudiy va nasorolar faqat Alloh taoloning dinigagina ixlos qilishga, xolis shu dingagina amal qilishga amr qilingan edilar. Lekin ular bu amrni bajo keltirmadilar. Ular Alloh taoloning diniga turli-tuman narsalarni, jumladan, oʻzlari toʻqib chiqargan bidʼat-xurofotlarni ham aralashtirib yubordilar.
Alloh taoloning diniga ixlos qilish faqat Alloh taoloning Oʻzini koʻzlab, roziligini oʻylab ish qilishdan iboratdir. Ixlos ibodatning magʻzidir. Hadisi qudsiyda Alloh taolo:
«Men shirkdan behojatlarning behojatiman. Bas, kim bir amal qilsa-yu, unda Mendan boshqani shirk keltirsa, Men uni ham, shirkini ham tark qilurman», degan.
Ulamolarimiz amallarni uchga taqsimlanganlar:
1) Amr qilingan amallar. Bularni qilishda Alloh taoloning roziligini koʻzlash shart. Agar niyat sal boshqacha boʻlsa, riyoga aylanadi.
2) Nahyi qilingan–qaytarilgan amallar. Bundoq amallarni niyat qilmay tark qilsa, ularning zararidan forigʻ boʻladi, ammo savob olmaydi. Ammo, niyat qilib, Alloh taoloning roziligi uchun mazkur ishlarni tark qilsa, ajr oladi.
3) Muboh amallar. Yemoq-ichmoq, oila hayotiga oʻxshash ishlar. Bu amallarni niyatsiz qilsa, ajr olmaydi. Ammo, Alloh taoloning roziligini olish niyatida qilsa, ajr oladi. Har bir muboh amal Alloh taoloning roziligini niyat qilish ila ibodatga aylanadi. Ibodatga quvvat boʻlsin, degan niyatda taom tanovul qilish ham ibodat.
Shuningdek, ular
«boshqa dinlarga moyil boʻlmaslikka...» buyurilgan edilar.
Ha, ahli kitob boʻlmish yahudiy va nasorolar Alloh taoloning dinida sobit turishga, boshqa dinlarga moyil boʻlmaslikka amr qilingan edilar. Ular bu amrni ham bajo keltirmadilar. Alloh taoloning dini Islom qolib, turli din va mazhablarga ergashib ketdilar.
«Namozni toʻliq oʻqishga, zakot berishga buyurilgan edilar.»
Ha, ahli kitob boʻlmish yahudiy va nasorolar namozni toʻla-toʻkis ado etishga, farz boʻlgan zakotni berishga amr qilingan edilar. Ammo, ular bu amrni ham bajo etmadilar.
Ular oʻzlariga buyurilgan mazkur amrlarni bajo etganlarida, oʻzlariga yaxshi boʻlar edi. Chunki:
«Ana shu toʻgʻri(millat)ning dinidir».
Ana oʻsha, vasfi yuqorida zikr qilingan toʻgʻri millatning dini– Islom millatining dinidir. Modomiki, oʻsha ahli kitobdan va mushriklardan boʻlgan kufr keltirganlar Alloh taoloning amrini ado etmagan ekanlar, toʻgʻri yoʻldagi millatning diniga yurmagan ekanlar. Endi...