جَزَآؤُهُمْ عِندَ رَبِّهِمْ جَنَّـٰتُ عَدْنٍ تَجْرِى مِن تَحْتِهَا ٱلْأَنْهَـٰرُ خَـٰلِدِينَ فِيهَآ أَبَدًا ۖ رَّضِىَ ٱللَّهُ عَنْهُمْ وَرَضُوا۟ عَنْهُ ۚ ذَٰلِكَ لِمَنْ خَشِىَ رَبَّهُۥ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ularning mukofotlari Robbilari huzuridagi (daraxtlari) ostidan anhorlar oqib turgan «adn» jannatlaridir. U yerda abadul-abad qolurlar. Alloh ulardan rozi bo`ldi, ular ham Undan rozi bo`ldilar. Bu, Robbidan qo`rqqanlar uchundir.Уларнинг мукофотлари Роббилари ҳузуридаги (дарахтлари) остидан анҳорлар оқиб турган «адн» жаннатларидир. У ерда абадул-абад қолурлар. Аллоҳ улардан рози бўлди, улар ҳам Ундан рози бўлдилар. Бу, Роббидан қўрққанлар учундир.Alauddin Mansour: Parvardigorlari huzuridagi ularning jazo-mukofotlari — ostidan daryolar oqib turadigan mangu jannatlardir. Ular oʻsha joyda abadul-abad qolguvchidirlar. Alloh ulardan rozi boʻldi, ular ham (Allohdan) rozi boʻldilar. Bu (mukofot) Parvardigoridan qoʻrqqan kishi uchundir.Парвардигорлари ҳузуридаги уларнинг жазо-мукофотлари — остидан дарёлар оқиб турадиган мангу жаннатлардир. Улар ўша жойда абадул-абад қолгувчидирлар. Аллоҳ улардан рози бўлди, улар ҳам (Аллоҳдан) рози бўлдилар. Бу (мукофот) Парвардигоридан қўрққан киши учундир.
Yaʼni, iymon keltirgach, solih amallar qilib, xaloyiqning eng yaxshisi unvoniga musharraf boʻlgan abror bandalarning u dunyodagi mukofotlari Robbilari huzuridagi, ostidan anhorlar oqib turadigan «adn» jannatidir. «Adn» degani «doimiy iqomat joyi» maʼnosini anglatadi.
«U yerda abadul-abad qolurlar.»
Yaʼni, ular mazkur «adn» jannatida doimiy qoladilar. U yerdan chiqmaydilar ham, u yerda oʻlmaydilar ham. Balki, doimiy huzur- halovat, nozu neʼmatda bardavom boʻladilar.
«Alloh ulardan rozi boʻldi...»
Yaʼni, Alloh taolo ularning bu dunyoda qilgan iymon-eʼtiqod va toat-ibodatlaridan rozi boʻldi.
«...ular ham Undan rozi boʻldilar.»
Yaʼni, moʻmin bandalar ham oʻzlariga berilgan oliy martabalar va yaxshiliklar uchun Alloh taolodan rozi boʻldilar.
«Bu, Robbisidan qoʻrqqanlar uchundir.»
Alloh taolo barchamizni Robbisidan qoʻrqqanlardan qilsin. Omiyn!