Yuklanmoqda...
Yuklanmoqda...
Alloh taolo Baqara surasida roʻza tutishga qodir boʻlmagan kishilar: «...bir miskin-bechoraning bir kunlik taomi miqdorida evaz to‘lashlari lozim», deydi. Bu miskinning balog‘atga yetishi va mukallaf (shar’iy majburiyatlar yuklangan) bo‘lishi shart qilinadimi? Agar inson o‘ttizta miskinni taomlantirmoqchi bo‘lsa, miskinning farzandlari va qaramog‘idagilar ham shunga kiradimi? Taom o‘rniga pul bersa kifoya qiladimi? Taomlantirish qanday o‘lchovda hisoblanadi?
Ro‘za fidyasi kimga vojib bo‘ladi?
Avvalambor, shuni ta’kidlab oʻtish kerak-ki, Ramazonda ro‘za tutishga qodir bo‘lgan va shar’iy uzri bo‘lmagan biror kishiga ro‘zasini ochish joiz emas. Shar’iy ruxsat bilan ro‘za tutmagan har kim ham har bir kun evaziga bir miskinni taomlantirmaydi. Taomlantirish faqat keksa kishi va tuzalishiga umid qilinmaydigan surunkali kasalga chalingan bemor uchundir.
Alloh taolo aytadi:
﴿وَعَلَى الَّذِينَ يُطِيقُونَهُ فِدْيَةٌ طَعَامُ مِسْكِينٍ ١٨٤﴾
«(Keksalik yoki zaifligi sababli) ro‘za tutishga qiynaladigan kishilar bir miskin-bechoraning bir kunlik taomi miqdorida evaz to‘lashlari lozim» (Baqara: 184).
Ibn Abbos aytdilar: «Bu (oyat) mansux emas. Unda qari chol va qari kampir nazarda tutilgan. Ular ro‘za tuta olishmaydi. Shuning uchun, har bir kun o‘rniga bir miskinni taomlantirishadi» (Sahihi Buxoriy, 4505).
Tuzalishiga umid qilinmaydigan bemorning hukmi keksa kishining hukmi kabidir.
Ibn Qudoma rahimahulloh aytadi:
«Tuzalishidan umid uzilgan bemor ro‘za tutmaydi va har bir qoldirilgan kuni uchun bir miskinni to‘ydiradi, zero u keksa odamga tenglashtiriladi». Iqtibos tugadi «Mug‘niy» (4/396).
...
Taomlantiriladigan miskin deb kimga aytiladi?
Ro‘za fidyasi beriladigan miskin balog‘atga yetgan bo‘lishi shart emas, toʻrt mazhab imomlarining yakdil fikriga (ittifoqiga) ko‘ra, uni mustaqil ovqatlanadigan go‘dakka ham berish mumkin. Ular faqat emizikli bolaga berishda ixtilof qilishgan. Jumhur ulamolar (jumladan Abu Hanifa, Shofe’iy va Ahmad) buni joiz deb bilishgan, chunki bu goʻdak ham miskindir va oyatning umumiy ma’nosiga kiradi. Imom Molik rahimahullohning so‘zlarining zohiriga ko‘ra, u emizikli bolaga berilmaydi. U kishi: «Sutdan ajratilgan bolaga berish joiz», deganlar. Muvaffaq Ibn Qudoma rahimahulloh shuni ixtiyor qilgan.
Qarang: «Mug‘niy» (13/508), «al-Insof» (23/342) va «al-Mavsu’a al-fiqhiyya» (35/101–103).
Ro‘za kafforatiga haqli bo‘lgan miskinga uning farzandlari va ayoli ham qo‘shiladimi?
Miskinning farzandlari, xotini va u nafaqa qilishi vojib bo‘lgan oila a’zolari ham, agar ularning yetarlicha ozuqasi bo‘lmasa va bu miskindan boshqa ularni ta’minlaydigan kimsa topilmasa, ular ham taomlantiriladigan kishilar miqdoriga kiradi.
Shuning uchun miskinga zakot molidan o‘ziga va ahliga kifoya qiladigan miqdorda beriladi.
Ibn Qosim rahimahulloh aytadi:
«Ikki toifaga – ya’ni faqir va miskinlarga – undan (zakotdan) o‘zlariga va oilalariga kifoya qiladigan miqdor to‘liq beriladi». Iqtibos tugadi («Ravd al-murbi’», 3/311).
Ro‘za fidyasining miqdori
Miskinga beriladigan narsa va uning miqdoriga kelsak: unga yarim so’ (taxminan bir yarim kilogramm) o‘sha yurtning asosiy ozuqasidan, xoh guruch, xoh xurmo yoki boshqa narsa bo‘lsin, beriladi. Agar bunga qo‘shimcha tarzda goʻsht va yogʻ qoʻshib berilsa ham, yanada yaxshi bo‘ladi.
Taomning qiymatini pul bilan berish joiz emas.
Shayx Solih al-Favzon hafizahulloh aytadi: «Miskinni toʻydirish, siz zikr qilganingizdek, naqd pul bilan bo‘lmaydi. Balki oʻzingiz yashab turgan yurtning asosiy ozuqasi bo‘lgan taomni berish bilan bo‘ladi; ya’ni har bir kun uchun o‘sha yurtning odatdagi ozuqasidan yarim so’ berasiz. Yarim so’ taxminan bir yarim kiloga teng keladi. Sizga har bir kun uchun biz zikr qilgan miqdorda yurtning ozuqasidan taom berishingiz vojib, naqd pul bermaysiz, chunki Alloh subhanahu va taolo bu haqda:
﴿وَعَلَى الَّذِينَ يُطِيقُونَهُ فِدْيَةٌ طَعَامُ مِسْكِينٍ ١٨٤﴾
«(Keksalik yoki zaifligi sababli) ro‘za tutishga qiynaladigan kishilar bir miskin-bechoraning bir kunlik taomi miqdorida evaz to‘lashlari lozim» (Baqara: 184) deb, taomni aniq aytgan». Iqtibos tugadi, «al-Muntaqo min fatava ash-Shayx Solih al-Favzon» (3/140).
Alloh bilguvchiroqdir.