وَفِي رِوَايَةٍ لِلْبُخَارِيِّ: وَضَرَبَ بِكَفَّيْهِ اَلْأَرْضَ, وَنَفَخَ فِيهِمَا, ثُمَّ مَسَحَ بِهِمَا وَجْهَهُ وَكَفَّيْه ِ 1 .
Ammor ibn Yosir (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: men Abdulloh (ibn Masʼud) va Abu Muso bilan oʻtirgan edim. Shunda Abu Muso: «Ey Abu Abdurahmon! Aytgin-chi, agar bir kishi junub boʻlsa-yu, bir oygacha suv topmasa, namozni qanday qiladi?» — dedi. Abdulloh: «Bir oy suv topmasa ham tayammum qilmaydi», — dedi. Abu Muso: «Unda Moida surasidagi mana bu oyatni nima qilamiz: {…suv topmasangiz, pok tuproq bilan tayammum qiling} (Moida 6)?» — dedi. Abdulloh: «Agar ularga shu oyat bilan ruxsat berilsa, ehtimol ular suv ularga sovuq tuyulganda tuproq bilan tayammum qilib qoʻyishar», — dedi. Shunda Abu Muso Abdullohga: «Sen Ammorning soʻzini eshitmadingmi? (U aytgan edi:) Rasululloh ﷺ meni bir yumush bilan yuborgan edilar, junub boʻlib qoldim-da, suv topmadim, shunda tuproqda hayvon agʻanagandek agʻanab oldim. Soʻng Nabiy ﷺ ning oldilariga kelib, buni u zotga aytdim. U zot: ‹Senga qoʻllaring bilan mana shunday qilishing kifoya edi›, — dedilar-da, qoʻllarini yerga bir marta urdilar, soʻng chap (qoʻl)ni oʻng (qoʻl)ga va kaftlarining ustiga hamda yuzlariga surtdilar», — dedi. Abdulloh: «Umar ham Ammorning soʻzigagina qanoat qilmaganini koʻrmadingmi?» — dedi.