وَعَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ: نَهَى رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَنْ بَيْعَتَيْنِ فِي بيعةٍ. رَوَاهُ مَالك وَالتِّرْمِذِيّ وَالنَّسَائِيّ
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh ﷺ bir savdoda ikki savdo qilishdan qaytardilar. Abu Iso aytdi: Abu Hurayraning hadisi hasan sahihdir. Ilm ahli shu hadis bilan amal qiladi. Baʼzi ilm ahli buni shunday izohlaganlar: bir savdoda ikki savdo — kishining: «Senga ushbu kiyimni naqdga oʻn (dirham)ga, qarzga yigirma (dirham)ga sotaman», deb savdolarning birini aniqlamay turib ajralib ketishidir. Agar ulardan birini aniqlab ajralsa, savdo ulardan biriga tushgan boʻlsa, zarari yoʻq. Shofeiy aytdi: Nabiy ﷺning bir savdoda ikki savdodan qaytarishlarining maʼnolaridan biri kishining: «Bu uyimni senga shuncha (pul)ga sotaman, sen ham gʻulomingni menga shuncha (pul)ga sotishing sharti bilan; gʻuloming menga lozim boʻlsa, uyim senga lozim boʻladi», deyishidir. Bunda maʼlum boʻlmagan narxsiz savdo qilingan boʻladi va har biri oʻz savdosi nimaga tushganini bilmaydi.