Saʼd ibn Abu Vaqqos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Fath yilida men oʻlim yoqasiga keltirgan bir kasallikka yoʻliqdim. Shunda Rasululloh ﷺ meni koʻrgani keldilar. Men: ‹Yo Rasululloh, mening koʻp molim bor, qizimdan boshqa menga voris boʻladigan kishi yoʻq. Bor molimni vasiyat qilaymi?› dedim. U zot: ‹Yoʻq›, dedilar. Men: ‹Molimning uchdan ikkisinimi?› dedim. ‹Yoʻq›, dedilar. ‹Yarminimi?› dedim. ‹Yoʻq›, dedilar. ‹Uchdan birinimi?› dedim. U zot: ‹Uchdan bir (boʻlsin), uchdan bir ham koʻpdir. Vorislaringni boy holda qoldirsang, ularni odamlardan tilanadigan muhtoj holatda qoldirgandan koʻra yaxshiroqdir. Sen Allohning yuzini koʻzlab qilgan har bir xarajatingga, hatto ayolingning ogʻziga olib borgan luqmangga ham, ajr olasan›, dedilar. Men: ‹Yo Rasululloh, hijratimdan orqada qoldiriladigan boʻldimmi?› dedim. U zot: ‹Sen mendan keyin qoldirilib, Allohning yuzini koʻzlab bir amal qilsang, albatta u bilan martabang va darajang ortadi. Balki sen qoldirilarsan, shunda baʼzi qavmlar sendan manfaat koʻrar, boshqalarga esa sen orqali zarar yetar. Allohim, ashobimning hijratini joriy qilgin, ularni ortlariga qaytarmagin. Lekin Saʼd ibn Xavla bechoradir, — Makkada vafot etgani uchun Rasululloh ﷺ unga achindilar›, dedilar.» Abu Iso aytdi: Bu bobda
Ibn Abbosdan ham (rivoyat) bor. Bu hadis hasan sahihdir. Bu hadis
Saʼd ibn Abu Vaqqosdan bir necha yoʻl bilan ham rivoyat qilingan. Ilm ahli huzurida amal shunga koʻradir: kishining uchdan birdan koʻpini vasiyat qilishga haqqi yoʻq. Baʼzi ilm ahli esa Rasululloh ﷺning «uchdan bir ham koʻpdir» degan soʻzlariga koʻra uchdan birdan kamaytirishni mustahab koʻrishgan.