Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh ﷺ Abu Sufyonning karvoni nima qilayotganini koʻrib kelish uchun Busaysani josus qilib joʻnatdilar. U (qaytib) keldi, uyda mendan va Rasululloh ﷺ dan boshqa hech kim yoʻq edi. (Roviy) dedi: U zot ayollaridan baʼzilarini istisno qildilarmi, bilmayman. (
Anas) dedi: Bas, u (Busaysa) u zotga (karvon) xabarini aytdi. (
Anas) dedi: Soʻng Rasululloh ﷺ chiqib, gapirdilar va: «Bizning (qoʻlga olishimiz lozim boʻlgan) bir matlubimiz bor. Kimning ulovi tayyor boʻlsa, biz bilan minib chiqsin», dedilar. Shunda kishilar Madinaning yuqori (tomonida) yaylovdagi ulovlari haqida u zotdan ijozat soʻray boshladilar. U zot: «Yoʻq, faqat ulovi hozir (tayyor) boʻlganlargina (chiqsin)», dedilar. Bas, Rasululloh ﷺ va sahobalari yoʻlga chiqib, mushriklardan oldin Badrga yetib bordilar. Mushriklar (ham) keldilar. Shunda Rasululloh ﷺ: «Sizlardan hech biringiz men undan oldinda boʻlmaguncha biron narsaga oldinga oʻtmasin», dedilar. Mushriklar yaqinlashdi, shunda Rasululloh ﷺ: «Eni osmonlar va yer (kabi) boʻlgan jannat sari turinglar!» — dedilar. (
Anas) dedi: Umayr ibnul-Humom al-Ansoriy: «Yo Rasululloh! Eni osmonlar va yer (kabi) boʻlgan jannatmi?» dedi. (U zot): «Ha», dedilar. (U): «Bah, bah!» dedi. Shunda Rasululloh ﷺ: «Seni ‹bah, bah› deyishingga nima undadi?» — dedilar. (U): «Yoʻq, Allohga qasamki, yo Rasululloh, faqatgina uning (jannat) ahlidan boʻlish umidida (aytdim)», dedi. (U zot): «Albatta, sen uning ahlidansan», dedilar. Shunda u sadogʻidan (bir necha) xurmolarni chiqarib, ulardan yeya boshladi, soʻng: «Agar men shu xurmolarimni yeb tugatguncha tirik tursam, bu uzoq umr boʻladi», dedi. (
Anas) dedi: Bas, u oʻzidagi xurmolarni tashlab yubordi. Soʻng ular bilan oʻldirilguncha jang qildi.