وَعَنْهُ قَالَ: قَرَأَ عُمَرُ بْنُ الْخَطَّابِ رَضِيَ اللَّهُ عَنهُ: (إِنَّما الصَّدَقاتُ للفقراءِ والمساكينِ) حَتَّى بَلَغَ (عَلِيمٌ حَكِيمٌ) فَقَالَ: هَذِهِ لِهَؤُلَاءِ. ثُمَّ قَرَأَ (وَاعْلَمُوا أَنَّ مَا غَنِمْتُمْ مِنْ شيءٍ فإنَّ للَّهِ خُمُسَه وللرَّسولِ) حَتَّى بلغَ (وابنِ السَّبِيلِ) ثُمَّ قَالَ: هَذِهِ لِهَؤُلَاءِ. ثُمَّ قَرَأَ (مَا أَفَاءَ اللَّهُ عَلَى رَسُولِهِ مِنْ أَهْلِ الْقرى) حَتَّى بلغَ (للفقراءِ) ثمَّ قرأَ (والذينَ جاؤوا منْ بعدِهِم) ثُمَّ قَالَ: هَذِهِ اسْتَوْعَبَتِ الْمُسْلِمِينَ عَامَّةً فَلَئِنْ عِشْتُ فَلَيَأْتِيَنَّ الرَّاعِيَ وَهُوَ بِسَرْوِ حِمْيَرَ نَصِيبُهُ مِنْهَا لَمْ يَعْرَقْ فِيهَا جَبِينُهُ. رَوَاهُ فِي شرح السّنة
Malik ibn Avs ibn al-Hadason (rahimahulloh)dan rivoyat qilinadi: Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu) {Sadaqalar faqat faqirlar va miskinlar uchundir} degan oyatni {...biluvchi va hikmat sohibidir} (degan joyi)gacha oʻqidi (Tavba surasi, 60-oyat), soʻng: «Bu — anavilar uchundir», dedi. Keyin {Bilingki, gʻanimat olgan har qanday narsangizning beshdan biri Allohga va Paygʻambarga (tegishlidir)} degan oyatni {...ibn sabilga}gacha oʻqidi (Anfol surasi, 41-oyat), soʻng: «Bu — anavilar uchundir», dedi. Keyin {Alloh oʻz Paygʻambariga (kofir) qishloq-shaharlar aholisidan qaytargan narsa} degan oyatni {...faqirlar uchundir}gacha oʻqidi (Hashr surasi, 7-oyat). Soʻng {Ulardan keyin kelganlar} (Hashr surasi, 10-oyat) degan oyatni oʻqib: «Bu esa barcha musulmonlarni umuman qamrab oldi. Agar tirik boʻlsam, choʻpon Sarv Himyarda turgan boʻlsa ham, unga oʻz ulushi peshonasi terlamay yetib boradi», dedi. Sharhus-sunnada rivoyat qilingan.