حَدَّثَنَا إِسْحَاقُ بْنُ مُوسَى الأَنْصَارِيُّ، قَالَ: حَدَّثَنَا مَعْنٌ، قَالَ: حَدَّثَنَا مَالِكٌ، عَنِ ابْنِ شِهَابٍ، عَنِ السَّائِبِ بْنِ يَزِيدَ، عَنِ الْمُطَّلِبِ بْنِ أَبِي وَدَاعَةَ، عَنْ حَفْصَةَ، زَوْجِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم، قَالَتْ: كَانَ رَسُولُ اللهِ يُصَلِّي فِي سُبْحَتِهِ قَاعِدًا، وَيَقْرَأُ بِالسُّورَةِ وَيُرَتِّلُهَا، حَتَّى تَكُونَ أَطْوَلَ مِنْ أَطْوَلَ مِنْهَا.
Paygʻambar ﷺning zavjalari Hafsa (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: U: «Men Rasululloh ﷺni vafotlaridan bir yil oldingacha nafl namozlarini oʻtirgan holda oʻqiyotganlarini koʻrmaganman. (Oxir umrlarida) ular nafl namozlarini oʻtirgan holda oʻqiydigan, surani oʻqib, uni tartil bilan (shoshilmay) ado etadigan boʻldilar, hatto u (sura) oʻzidan uzunroq suralardan ham uzunroq boʻlib ketardi», dedi. Bu bobda Ummu Salama va Anas ibn Molikdan ham (rivoyat) bor. Abu Iso aytdi: Hafsaning hadisi hasan sahih hadisdir. Paygʻambar ﷺdan rivoyat qilinishicha, ular kechasi oʻtirgan holda namoz oʻqirdilar, qiroatlaridan oʻttiz yoki qirq oyatcha qolganda turib, oʻqib, soʻng rukuʼga borardilar, soʻng ikkinchi rakaatda ham shunday qilardilar. Yana ulardan rivoyat qilinishicha, ular oʻtirgan holda namoz oʻqirdilar, agar tik turgan holda qiroat qilsalar, tik turgan holda rukuʼ va sajda qilardilar, oʻtirgan holda qiroat qilsalar, oʻtirgan holda rukuʼ va sajda qilardilar. Ahmad va Ishoq aytdilar: Amal har ikkala hadisga muvofiqdir. Goʻyo ular har ikkala hadisni ham sahih va amal qilinadigan deb bilganlar.