۞ لِّلَّذِينَ أَحْسَنُوا۟ ٱلْحُسْنَىٰ وَزِيَادَةٌ ۖ وَلَا يَرْهَقُ وُجُوهَهُمْ قَتَرٌ وَلَا ذِلَّةٌ ۚ أُو۟لَـٰٓئِكَ أَصْحَـٰبُ ٱلْجَنَّةِ ۖ هُمْ فِيهَا خَـٰلِدُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Go`zal amal qilganlar uchun go`zal savob va ziyodalik bordir. Ularning yuzlarini qarolik ham, xorlik ham qoplamas. Ana o`shalar jannat egalaridir. Ular unda abadiy qolurlar.Гўзал амал қилганлар учун гўзал савоб ва зиёдалик бордир. Уларнинг юзларини қаролик ҳам, хорлик ҳам қопламас. Ана ўшалар жаннат эгаларидир. Улар унда абадий қолурлар.Alauddin Mansour: Chiroyli amal qilgan zotlar uchun goʻzal oqibat va ziyoda neʼmatlar bordir. Ularning yuzlarini na qarolik va na xorlik qoplar. Ana oʻshalar jannat egalari boʻlib, u joyda abadiy qolurlar.Чиройли амал қилган зотлар учун гўзал оқибат ва зиёда неъматлар бордир. Уларнинг юзларини на қаролик ва на хорлик қоплар. Ана ўшалар жаннат эгалари бўлиб, у жойда абадий қолурлар.
Allohga iymon keltirib, uning chaqirigʻiga «labbay» deb javob berib, yaxshi amallarni qilib yashagan bandalar bu dunyoda goʻzal hayot kechiradilar. Oxiratda esa, bu dunyoda qilgan goʻzal amallari uchun savob oladilar, jannatga doxil boʻladilar. Ammo bu hali hammasi emas. Ularga ziyodalik ham bordir. Bu ziyodalik shuki, ularga goʻzal amallarining savobi yetti, yetmish, yetti yuz va undan ham ortiq marta koʻpaytirib beriladi. Shuningdek, jannatdagi oliy maqomlar, nozu neʼmatlar va boshqa ato qilinadigan narsalar ham shu ziyodalikka kiradi. Eng ulkan ziyodalik esa, Alloh subhanahu va taoloning jamolini koʻrishga muyassar boʻlishdir.
Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhi Suhayb roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda aytilishicha: «Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Goʻzal amal qilganlar uchun goʻzal savob va ziyodalik bordir» oyatini tilovat qildilar va: «Jannat ahllari jannatga, doʻzax ahllari doʻzaxga kirganlarida, bir jarchi:
«Ey, jannat ahllari! Albatta, Allohning huzurida U zotning sizga bergan vaʼdasi bor. Oʻshani sizga berishni istaydi!» deb jar soladi.
Jannat ahli boʻlsa:
«U nima ekan? Mezonimizni ogʻir qilib berdi-ku. Yuzlarimizni oq qilib qoʻydi-ku. Jannatga kiritib qoʻydi-ku. Doʻzaxdan saqladi-ku», deyishadi.
Shunda ularga parda ochiladi. Bas, U zotning jamoliga nazar soladilar. Allohga qasamki, U zotning jamoliga nazar solishdan koʻra mahbubroq va koʻzlarga quvonch boʻladiganroq narsani Alloh ularga bermamishdir», dedilar. Ha,
«Goʻzal amal qilganlar uchun goʻzal savob va ziyodalik bordir».
Alloh hammamizni oʻshalarning qatoriga qoʻshgan boʻlsin.
Mazkur baxtiyor bandalarning holi tamoman boshqacha boʻladi:
«Ularning yuzlarini qarolik ham, xorlik ham qoplamas».
Balki, yuzlari oppoq va gulgun boʻladi. Chunki:
«Ana oʻshalar jannat egalaridir. Ular unda abadiy qolurlar».