إِنَّ فِى ٱخْتِلَـٰفِ ٱلَّيْلِ وَٱلنَّهَارِ وَمَا خَلَقَ ٱللَّهُ فِى ٱلسَّمَـٰوَٰتِ وَٱلْأَرْضِ لَـَٔايَـٰتٍ لِّقَوْمٍ يَتَّقُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Albatta, kecha va kunduzning almashib turishida va Alloh osmonlaru yerda yaratgan narsalarda taqvo qiladigan qavmlar uchun oyat — belgilar bordir.Албатта, кеча ва кундузнинг алмашиб туришида ва Аллоҳ осмонлару ерда яратган нарсаларда тақво қиладиган қавмлар учун оят — белгилар бордир.Alauddin Mansour: Albatta, kecha va kunduzning almashib turishida hamda Alloh osmonlar va Yerda yaratib qoʻygan narsalarda Allohdan qoʻrqadigan qavm uchun oyat-alomatlar bordir.Албатта, кеча ва кундузнинг алмашиб туришида ҳамда Аллоҳ осмонлар ва Ерда яратиб қўйган нарсаларда Аллоҳдан қўрқадиган қавм учун оят-аломатлар бордир.
Kecha-kunduzning almashib turishi doimiy jarayon. Juda ham ulugʻ bir jarayon. Dunyo bino boʻlganidan beri bir xilda davom etib kelayotgan jarayon. U bir soniyaga ham xato qilmaydi. Kecha kirishi muqarrar lahzada kecha kiradi. Kunduz boʻlishi muqarrar lahzada kunduz boʻladi. Hech kim, hech qanday kuch bu jarayonga aralasha olmaydi. Hammasi Allohning irodasi va tadbiri ila roʻy beradi. Ammo, bu ishlar tinimsiz takrorlanaverganidan, inson bu jarayonga eʼtibor bermay qoʻygan, uning qanday sodir boʻlayotgani, kim tomonidan qilinayotgani haqida koʻp ham fikr yuritmaydi. Agar fikr yuritganida, shunday qudratli Alloh Oʻz bandalaridan biriga vahiy yuborishi mumkin ekanligiga ajablanmas edi.
Shuningdek, osmonlaru yerda Alloh taolo yaratgan narsalarning har birida, kattayu kichik, yumshogʻu qattiq–barcha-barchasida Allohdan qoʻrqadigan bandalar uchun Uning mavjudligiga va hamma narsaga qodirligiga dalillar bisyordir. Shu bois, qadimgi musulmon faylasuflar boshqa millatlarning xudosizlari bilan qilgan aqliy tortishuvlarida har bir narsaning aslini surishtirib koʻrar edilar. Yaʼni, osmonlaru yerdagi har bir narsaning bu dunyoga qanday kelgani haqida savol berar edilar. Javob esa, Alloh yaratgan, deyishdan oʻzga boʻlmas edi. Agar kishida zarracha taqvo boʻlsa, osmonlaru yerda yaratilgan har bir narsada Allohga, Uning Paygʻambariga va vahiyga iymon keltirishi uchun keragicha dalil topa oladi.
Shunchalik ulkan haqiqatlarni koʻra-bila turib ham iymon keltirmaganlarning oqibati kelasi oyatlarda bayon qilinadi: