فَلَوْلَا كَانَتْ قَرْيَةٌ ءَامَنَتْ فَنَفَعَهَآ إِيمَـٰنُهَآ إِلَّا قَوْمَ يُونُسَ لَمَّآ ءَامَنُوا۟ كَشَفْنَا عَنْهُمْ عَذَابَ ٱلْخِزْىِ فِى ٱلْحَيَوٰةِ ٱلدُّنْيَا وَمَتَّعْنَـٰهُمْ إِلَىٰ حِينٍ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Qani endi, biron qishloq iymon keltirganda, unga iymoni manfaat bersa edi. Faqat, Yunus qavmi iymon keltirganlarida, ulardan hayoti dunyodagi xorlik azobini kushoyish qildik va ularni ma'lum vaqtgacha foydalantirdik, xolos.Қани энди, бирон қишлоқ иймон келтирганда, унга иймони манфаат берса эди. Фақат, Юнус қавми иймон келтирганларида, улардан ҳаёти дунёдаги хорлик азобини кушойиш қилдик ва уларни маълум вақтгача фойдалантирдик, холос.Alauddin Mansour: Qani endi (biz halok qilgan qishloqlar ichida) biron qishloq (ahli oʻz paygʻambarlari aytgan azobni sezgan vaqtlarida) iymon keltirsalar edi, albatta iymonlari foyda qilgan (yaʼni, halok boʻlmagan) boʻlar edi. Faqat Yunus qavmigina (shunday qildi). Iymon keltirishgach, ulardan hayoti dunyodagi rasvolik azobini ketkazdik va ularni maʼlum bir vaqtgacha (yaʼni, oʻz ajallari bilan vafot etgunlaricha) foydalantirdik.Қани энди (биз ҳалок қилган қишлоқлар ичида) бирон қишлоқ (аҳли ўз пайғамбарлари айтган азобни сезган вақтларида) иймон келтирсалар эди, албатта иймонлари фойда қилган (яъни, ҳалок бўлмаган) бўлар эди. Фақат Юнус қавмигина (шундай қилди). Иймон келтиришгач, улардан ҳаёти дунёдаги расволик азобини кетказдик ва уларни маълум бир вақтгача (яъни, ўз ажаллари билан вафот этгунларича) фойдалантирдик.
Makka ahli iymon keltirmayotganlaridek, oldin ham Paygʻambarlar kelgan shahar va qishloqlarning ahllari iymon keltirmaganlar.
«Qani endi, biron qishloq iymon keltirganda, unga iymoni manfaat bersa edi.»
Lekin, afsuski, ular iymon keltirmadilar. Oz sonli kishilar iymon keltirib, koʻpchilik kofirlikda qolaverdi. Bu borada faqat bitta qishloqni istisno qilish mumkin. Qilgan gunohlari uchun boshlariga azob kelganda barcha aholisi tavba qilib najotga erishgan faqat bitta qishloq bor.
«Faqat, Yunus qavmi iymon keltirganlarida, ulardan hayoti dunyodagi xorlik azobini kushoyish qildik va ularni maʼlum vaqtgacha foydalantirdik, xolos.»
Oyatning maʼnosidan koʻrinib turibdiki, Yunus alayhissalomning qavmiga hayoti dunyoning xorlik azobi tahdid solib qolganda, barchalari birdan iymonga kelganlar. Ana shunda Alloh taolo ularning boshidan bu azobni koʻtargan va iymonlari sharofati bilan maʼlum muddatgacha farovon turmush ila manfaatlantirgan.
Yunus alayhissalomning qavmlarining qilgan gunohlari, ularning boshiga tahdid solib kelgan azob, ularning qattiq tavba qilganlari va oxiri najot topganlari haqidagi tafsilotlar boshqa suralarda bayon qilingan. Bu qavmdan boshqa hech bir qavm, boshiga ilohiy azob kelib qolganda, tavba qilib, najot topmagan. Balki, Firʼavnga oʻxshab, oxirgi lahzada keltirgan iymoni foyda bermay, halokatga uchragan.
Demak, qoida shu: qaysi shahar-qishloq kofir boʻlsa, xorlik azobiga duchor boʻlaveradi, qaysi qishloq iymon keltirsa, undan xorlik azobi kushoyish qilinib, iymoni tufayli manfaatlar topaveradi. Lekin bu ulkan haqiqatni hamma ham tushunib yetavermaydi. Balki, koʻpchilik bu ulkan haqiqatdan yiroqda boʻlishi ham mumkin. Allohning diniga daʼvat qiluvchilar ushbu holatni yaxshi tushunib yetmoqlari lozim. Baʼzida ular odamlarning toʻgʻri yoʻldan bosh tortishlaridan qattiq ranjib, oʻzlarini haddan tashqari koyitib yubormasliklari lozim.
Ey Paygʻambar!