ثُمَّ لَتُسْـَٔلُنَّ يَوْمَئِذٍ عَنِ ٱلنَّعِيمِ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: So`ngra, o`sha kunda, albatta, berilgan ne'matlardan so`ralasiz.Сўнгра, ўша кунда, албатта, берилган неъматлардан сўраласиз.Alauddin Mansour: Soʻngra ana oʻsha Kunda albatta (hayoti dunyoda sizlarga ato etilgan barcha) neʼmatlar toʻgʻrisida masʼul boʻlursizlar.Сўнгра ана ўша Кунда албатта (ҳаёти дунёда сизларга ато этилган барча) неъматлар тўғрисида масъул бўлурсизлар.
Yaʼni, qiyomatda har bir neʼmatni nimaga, qandoq sarf qilganingiz haqida soʻraladi. Ha, kattayu kichik har bir neʼmat haqida soʻralasiz. Har bir neʼmatga shukr qildingizmi, yoʻqmi–soʻralasiz. Alloh taolo sizga bergan molu dunyo neʼmatini nimaga sarfladingiz–halolgami, haromgami, Alloh taoloni rozi qiladigan yoʻlgami, gʻazabini qoʻzgʻatadigan yoʻlgami–hamma-hammasi haqida soʻralasiz.
Mansabdan qanday foydalanganingiz haqida ham albatta soʻralasiz. Mansabingizdan toʻgʻri, Islomiy yoʻlda istifoda qildingizmi yoki notoʻgʻri, yomonlik ishlar yoʻlida istifoda qildingizmi– soʻralasiz! Shuningdek, bola-chaqa, yoru doʻst haqida ham soʻralasiz!
Ushbu his–qiyomat kuni kattami-kichikmi har bir neʼmat haqida savol-javob boʻlishi muqarrarligi hissi har bir musulmonni doimiy ravishda qamrab turmogʻi lozim. Ana shundagina jamiyat aʼzolaridagi masʼuliyat hissi ortadi, hushyorlik ziyoda boʻladi va ulkan natijalar hosil boʻladi. Xuddi shu his musulmonlarning birinchi avlodida oliy darajada boʻlgan, shuning uchun ham, ular ulkan yutuqlarga erishganlar.
Imom Termiziy Abdulloh ibn Shixxiyr roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borsam, «Alhaakumut-takaasuru»ini qiroat qilayotgan ekanlar. Soʻngra u zot: «Odam bolasi, molim, molim deydi. Sening yeb tugatganingdan, kiyib chiritganingdan va sadaqa qilib oʻtkazganingdan oʻzga moling bormidi?!»–dedilar», deyilgan. Yaʼni, mazkurlardan boshqa molu dunyo bevafo narsadir.
Imom Muslim Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda quyidagilar aytiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kun yoki kechasi tashqariga chiqib Abu Bakr va Umarga duch keldilar. Bas, u zot sollallohu alayhi vasallam:
«Ikkovingizni bu soatda uyingizdan nima chiqardi?»–dedilar. Ikkovi:
«Ochlik, ey, Allohning Rasuli», deyishdi. Ul zot:
«Meni ham, nafsim qoʻlida boʻlgan Zot bilan qasamki, ikkovingizni chiqargan narsa chiqardi, turinglar!»–dedilar. Ul zot bilan birga turib ansoriylardan birining huzuriga borishdi. U kishi uyida yoʻq ekan. Ayoli u zot sollallohu alayhi vasallamni koʻrishi bilan:
«Xush kelibsiz!»–dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayoldan:
«Falonchi qayerda?»–deb soʻradilar. Ayol:
«Suv olib kelgani ketdi», dedi. Tezda ansoriy sahoba ham yetib keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga va u zotning ikki sahobalariga nazari tushishi bilan:
«Alhamdu lilloh! Bugun menchalik hurmatli mehmonlari bor hech kim yoʻq!»–dedi. Borib bir tizim xurmo keltirib, yenglar, dedi va qoʻliga pichoqni oldi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga:
«Zinhor va zinhor sogʻin hayvonga tegma!»–dedilar. Ansoriy sahoba ularga bir qoʻy soʻydi. Ular qoʻydan va haligi xurmodan tanovul qilishdi, ichishdi. Toʻyib, serob boʻlganlaridan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Bakr bilan Umarga:
«Mening nafsim qoʻlida boʻlgan Zot bilan qasamki, qiyomat kuni albatta ushbu neʼmatdan soʻralasizlar. Sizni uyingizdan ochlik chiqardi. Endi esa, sizga ushbu neʼmat yetganidan keyin qaytasizlar» dedilar.
Ha, «Takaasur» surasi oʻzi qisqa, oyatlari oz boʻlsa ham, ana shundoq ulkan maʼnolarni oʻz ichiga olgandir. Uning maʼnosini tushunib, tadabbur ila tez-tez oʻqib turish kishining koʻzini ochib, esini joyiga keltirib, masʼuliyatini his ettirib turadi. Shuning uchun ham, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ushbu qisqa surani oʻqigan odamga ming oyat oʻqiganning savobini bashorat qilganlar.
Imom Bayhaqiy Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda aytiladiki: Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«Sizlardan kimingiz har kuni ming oyat oʻqiy oladi?»–deb soʻradilar. Sahobalar tomonidan:
«Kim ham har kuni ming oyat oʻqiy olardi?»–deyildi. Shunda Muhammad sollallohu alayhi vasallam:
«Birortangiz ham «Alhaakumut-takaasuru»ni oʻqishga qodir emasmisiz?»–degan ekanlar.
Demak, shundan maʼlum boʻladiki, bu surai karima ming oyatga barobar ekan.