أُو۟لَـٰٓئِكَ ٱلَّذِينَ لَيْسَ لَهُمْ فِى ٱلْـَٔاخِرَةِ إِلَّا ٱلنَّارُ ۖ وَحَبِطَ مَا صَنَعُوا۟ فِيهَا وَبَـٰطِلٌ مَّا كَانُوا۟ يَعْمَلُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ana o`shalarga oxiratda do`zax olovidan boshqa hech vaqo yo`qdir. Bu dunyoda qilgan ishlari habata bo`ldi va qilgan amallari botil bo`ldi.Ана ўшаларга охиратда дўзах оловидан бошқа ҳеч вақо йўқдир. Бу дунёда қилган ишлари ҳабата бўлди ва қилган амаллари ботил бўлди.Alauddin Mansour: Unday kimsalar uchun Oxiratda doʻzax oʻtidan oʻzga hech qanday nasiba yoʻqdir. Ularning bu dunyoda qilgan barcha yaxshiliklari behuda ketur va qilib oʻtgan amallari befoydadir.Ундай кимсалар учун Охиратда дўзах ўтидан ўзга ҳеч қандай насиба йўқдир. Уларнинг бу дунёда қилган барча яхшиликлари беҳуда кетур ва қилиб ўтган амаллари бефойдадир.
Chunki, ular oxirat hayoti uchun hech narsa qilganlari yoʻq. Allohga, Paygʻambarga, Qurʼonga ishongani, ibodat qilgani va shariatga boʻysunganlari yoʻq. Ular faqat bu dunyo hayoti va uning ziynatiga erishishni umid etgan va shuning uchun amal qilgan edilar, orzulariga erishdilar.
«Ana oʻshalarga oxiratda doʻzax olovidan boshqa hech vaqo yoʻqdir.»
Bu dunyoda qilgan amallari, molu mulki, zebu ziynati-chi, dersiz? Bu savolingizga javob oyati karimaning ikkinchi yarmida kelmoqda:
«Bu dunyoda qilgan ishlari habata boʻldi va qilgan amallari botil boʻldi».
Oxirat uchun ular hech qanday foyda bermadi. Chunki, iymon boʻlmasa, hech bir amal maqbul emas. Agar ular iymon bilan harakat qilganlarida, yaʼni, dunyo uchun qilgan amallarini ham iymonli boʻlgan holda bajarganlarida, oxiratda ulugʻ maqomlarga erishgan boʻlur edilar. Qolaversa, oxirat uchun harakat hech qachon bu dunyoni tark qilishni taqozo etmaydi. Inson iymonli boʻlsa, bir harakat bilan bir yoʻla ikki dunyoning baxtiga erishadi.
Keyingi oyatlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u kishining shariatlari, Qurʼoni Karim haq ekanligiga dalillar borligi taʼkidlanadi, shu bilan birga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u kishiga iymon keltirgan oz sonli moʻminlarning qalblarida sabot-matonat uygʻotishga, kofirlarga esa, tahdid solishga eʼtibor qaratiladi: