حَتَّىٰٓ إِذَا جَآءَ أَمْرُنَا وَفَارَ ٱلتَّنُّورُ قُلْنَا ٱحْمِلْ فِيهَا مِن كُلٍّ زَوْجَيْنِ ٱثْنَيْنِ وَأَهْلَكَ إِلَّا مَن سَبَقَ عَلَيْهِ ٱلْقَوْلُ وَمَنْ ءَامَنَ ۚ وَمَآ ءَامَنَ مَعَهُۥٓ إِلَّا قَلِيلٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Toki Bizning amrimiz kelib, tannur favvora otganda: «U(kema)ga har narsadan bir juftdan va ahlingni ol, magar avval so`z ketganni (olma) va iymon keltirganlarni ham ol», dedik. U bilan birga iymon keltirganlar juda oz edi.Токи Бизнинг амримиз келиб, таннур фаввора отганда: «У(кема)га ҳар нарсадан бир жуфтдан ва аҳлингни ол, магар аввал сўз кетганни (олма) ва иймон келтирганларни ҳам ол», дедик. У билан бирга иймон келтирганлар жуда оз эди.Alauddin Mansour: To Bizning farmonimiz kelib, yerdan favvoralar otilgan vaqtda, (Nuhga) dedik: «U kemaga har (jonivordan) bir juftdan va ahli oilangni chiqargin. Lekin qaysi kimsalar xususida Bizning soʻzimiz (yaʼni, gʻarq boʻlish haqidagi hukmimiz) oʻtgan boʻlsa, (ularni ters qilgin. Bular barcha kofirlar va Nuh paygʻambarning xotini Voila bilan oʻgʻli Kanʼon edi). Yana iymon keltirgan kishilarning barchasini (kemaga chiqargin)!» Unga iymon keltirgan kishilar esa juda oz edilar.То Бизнинг фармонимиз келиб, ердан фавворалар отилган вақтда, (Нуҳга) дедик: «У кемага ҳар (жонивордан) бир жуфтдан ва аҳли оилангни чиқаргин. Лекин қайси кимсалар хусусида Бизнинг сўзимиз (яъни, ғарқ бўлиш ҳақидаги ҳукмимиз) ўтган бўлса, (уларни терс қилгин. Булар барча кофирлар ва Нуҳ пайғамбарнинг хотини Воила билан ўғли Канъон эди). Яна иймон келтирган кишиларнинг барчасини (кемага чиқаргин)!» Унга иймон келтирган кишилар эса жуда оз эдилар.
Bunaqa holatlarda har xil gaplar boʻlishi avvalgi tafsirlarimizda aytilgan. «Tannur» nima, kattaligi qancha, favvora qanday otilgan, kemaga nimalar chiqqanu qanday chiqqan, qaysinisi oldin chiqqanu qaysinisi keyin chiqqan va hokazo gaplar koʻp. Bunga oʻxshash narsalar eski paytda «isroiliyot» deb nomlanmish yahudiylarning qissalaridan baʼzi kitoblarimizga oʻtib qolganini muhaqqiq olimlarimiz alohida oʻrganib, isbot qilganlar. Bu ishlarni tushungan holda ulardan iloji boricha chetlanganimiz maʼqul. Ishonchli boʻlmagan xabarga, asossiz turli rivoyatlarga suyanib, gapni koʻpaytirishning hojati yoʻq. Qurʼoni Karimda aytilganining oʻzi yetarli. Tarix, jugʻrofiya ilmlariga kelganda ijtihod qilish emas, aniq maʼlumotlar kerak. Qurʼoni Karim esa, hidoyat kitobi boʻlganidan, asl eʼtiborni ibratga qaratgan. Misol uchun, ushbu toʻfon hodisasida bizga tannurning kattaligi yoki undan favvora qanday otilib chiqqanligi emas, balki nima uchun toʻfon boʻlib, olamni suv bosdiyu bu hodisadan qanday ibrat olishimiz kerakligi muhim. Agar tannurning shakli yoki shunga oʻxshash boshqa maʼlumot biz uchun zarur boʻlganda Qurʼoni Karimda zikr qilingan boʻlardi.
Alloh taolo ushbu oyatda toʻfon hodisasining boshlanishidan xabar bermoqda:
«Toki Bizning amrimiz kelib, tannur favvora otganda».
Yaʼni, toʻfon boʻlishi haqidagi farmonimiz kelib, tannurdan suv otilib chiqa boshlagan vaqtda Nuhga xitob qilib dedik:
«U(kema)ga har narsadan bir juftdan va ahlingni ol, magar avval soʻz ketganni (olma)».
Yaʼni, maxluqotlarning har turidan bir juftdan–bir erkak, bir urgʻochi (qilib) ol, dedik. Shuningdek, ahling–oila aʼzolaringni ham ol. Magar, ahlingdan halok boʻlishiga soʻz ketib qolganlarini olma, dedik.
Nuh alayhissalom oilasidan halok boʻlishlariga soʻz ketib qolganlar–xotini bilan bir oʻgʻli. Ularni kemaga olmaslikni amr qilindi.
Shuningdek:
«va iymon keltirganlarni ham ol», dedik».
Bundan keyin Allohning Oʻzi:
«U bilan birga iymon keltirganlar juda oz edi», deb bayon qilmoqda.
Ha, Nuh alayhissalom uzoq vaqt–ellik sanasi kam ming yil daʼvat qilishlariga qaramay, sarkash qavmning ozginasidan boshqasi iymonga kelmadi. Shu sababdan, bu tuzalmas dardisarlarni dunyo tanasidan butunlay kesib tashlash uchun, Alloh taolo ularning hammasini gʻarq etishni iroda qildi.