وَأُتْبِعُوا۟ فِى هَـٰذِهِ ٱلدُّنْيَا لَعْنَةً وَيَوْمَ ٱلْقِيَـٰمَةِ ۗ أَلَآ إِنَّ عَادًا كَفَرُوا۟ رَبَّهُمْ ۗ أَلَا بُعْدًا لِّعَادٍ قَوْمِ هُودٍ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Va ularga bu dunyoda ham, qiyomat kunida ham la'nat ergashur. Ogoh bo`lingkim, albatta, odliklar Robbilariga kufr keltirgan edilar. Ogoh bo`lingkim, Hud qavmi Od yo`qolsin!Ва уларга бу дунёда ҳам, қиёмат кунида ҳам лаънат эргашур. Огоҳ бўлингким, албатта, одликлар Роббиларига куфр келтирган эдилар. Огоҳ бўлингким, Ҳуд қавми Од йўқолсин!Alauddin Mansour: Ularga bu dunyoda ham, Qiyomat Kunida ham laʼnat aytilur. Ogoh boʻlingizkim, albatta Od qabilasi Parvardigorlariga kofir boʻlgan edilar. Ogoh boʻlingizkim, Hudning qavmi boʻlgan Od halokatga uchradi.Уларга бу дунёда ҳам, Қиёмат Кунида ҳам лаънат айтилур. Огоҳ бўлингизким, албатта Од қабиласи Парвардигорларига кофир бўлган эдилар. Огоҳ бўлингизким, Ҳуднинг қавми бўлган Од ҳалокатга учради.
Od qavmi Allohning yoʻliga yurmay, har xil zolim va sarkashlarga ergashganlari uchun, ularga bu dunyoyu oxiratda laʼnat aytiladi. Ha,
«Va ularga bu dunyoda ham, qiyomat kunida ham laʼnat ergashur».
Ey odamlar, ogoh boʻlinglar, ibrat olinglar:
«albatta, Odliklar Robbilariga kufr keltirgan edilar».
Shuning uchun, qattiq azobga giriftor boʻldilar va ularga ikki dunyoda laʼnat ergashdi. Kim ularga oʻxshab Robbiga kufr keltirsa, unga ham qattiq azob keladi va ikki dunyoda ortidan laʼnat ergashadi.
«Ogoh boʻlingkim, Hud qavmi Od yoʻqolsin!»
Bexosiyat bu qavm yoʻq boʻlishini tilab duo qilinmoqda. Ogoh boʻling, yana sizga ham shunga oʻxshash duo boʻlib qolmasin.
Shu bilan, Od qissasi ham tamom boʻldi. Bu qissada ogʻir paytlarni boshlaridan kechirib turgan Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga va u zot bilan birga boʻlgan oz sonli musulmonlarga qanchadan-qancha tasalli, koʻngil koʻtarishlar bor.
Bu qissada iymon yoʻliga yurmay, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamni «sehrgar», «jinni» deb turgan Quraysh ashroflariyu ularga ergashayotgan mushriklar uchun qanchadan-qancha tahdid va ogohlantirishlar bor.
Shuningdek, bu qissada har bir inson uchun qanchadan-qancha ibrat, vaʼzu nasihatlar bor. Agar oʻquvchi daʼvatchi boʻlsa, Hud alayhissalomdan oʻrnak oladi. Oddiy moʻmin boʻlsa, iymoni ila faxrlanadi va haqiqat oʻzi tomonda ekaniga ishonch hosil qiladi. Agar oʻquvchi kofir boʻlsa, koʻzi ochilib, iymonga keladi.
Albatta, qissadagi har bir tasarruf, jumla yoki kalimadan ne- ne ibratlar olish mumkin. Mufassirlarimiz bu qissaga tafsirlarida koʻplab sahifalarni bagʻishlaganlar. Biz ham oʻzimiz olgan bir ibratimizni qayd etaylik.
Eʼtibor bergan boʻlsangiz, boshqa Paygʻambarlar qatori Hud alay- hissalom ham qavmlariga dastlab kelganlarida «Ey qavmim, Allohga ibodat qiling», dedilar. Bu gapni hamma Paygʻambarlar, jumladan, bizning suyukli Paygʻambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam ham aytganlar. Hozir odamlardan, jumladan, «Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ummatman» deb yurganlardan «Allohga ibodat qilish»ning maʼnosini soʻrasangiz, «namoz oʻqish» degan javobni berishadi. Yana nima, deb soʻrasangiz, roʻza, zakot, haj, zikr, tilovoti Qurʼon va boshqalarni qoʻshishi mumkin. Bu, «ibodat» degan soʻzning maʼnosini juda ham tor olishdir. Aslida esa, «ibodat»ning maʼnosi keng boʻlib, Allohga butunlay boʻysunish, Uning taʼlimotlariga ergashish va oʻzini Uning oldida xor tutish maʼnolarini bildiradi. Zotan, «ibodat» soʻzi «abada» feʼlidan olingan boʻlib, «qul boʻldi», «banda boʻldi», maʼnosini ham anglatadi. Arablarda qul «abd» deyiladi. «Abdulloh» degani Allohning quli, bandasi, degani ekanini hamma biladi. Odatda, qul oʻz xoʻjasining mulki boʻladi. Uning ixtiyori xoʻjasining qoʻlida boʻladi. U faqat xoʻjasining aytganini qilishi kerak boʻladi. Uning roziligini topish uchun aytganini qiladi, chizgan chizigʻidan chiqmaydi. Yoʻqsa, jazoga tortiladi. Shunday boʻlgach, Allohning bandasiman, degan odam ham butun borligʻi ila oʻzini Allohga topshirishi, faqat Uning aytganini qilib, chizgan chizigʻidan yurishi kerak. Ana shundagina Allohning quli–abdi, yaʼni, bandasi boʻladi va Unga ibodat qilgan hisoblanadi. Namozni oʻqib boʻlib, Allohning ibodati tugadi, endi falonchining aytganini qilay, deyish moʻminning ishi emas. Har bir amalni Allohning aytganiga moslab qilish moʻminmusulmonning burchidir. Boʻlmasa, gunohkor boʻladi.
Shuning uchun ham, Hud alayhissalom dastlab kelganlarida: «Ey qavmim, Allohga ibodat qiling», degan boʻlsalar ham, Od qavmi quloq osmay, halokatga qarab ketgani haqida xulosalab:
«Har xil jabrchi va qaysarning ishiga ergashdilar», deyilmoqda.
Har xil jabrchi va qaysarga sajda qildi, nazr atadi yoki boshqa narsa qildi, deyilayotgani yoʻq. Balki aynan, «ergashdilar», deyilmoqda. Zero, Allohning yoʻlidan yurmaganlarga ergashish, taqlid qilishning oʻzi ham iymonsizlik alomatidir. Ushbu haqiqatni avvalgilar yaxshi tushunganlar. Biz ham tushunmogʻimiz kerak.
Endigi oyatlarda esa, Solih alayhissalom va u kishining qavmlari Samud qissasi keladi: