وَمَآ أَرْسَلْنَا مِن قَبْلِكَ إِلَّا رِجَالًا نُّوحِىٓ إِلَيْهِم مِّنْ أَهْلِ ٱلْقُرَىٰٓ ۗ أَفَلَمْ يَسِيرُوا۟ فِى ٱلْأَرْضِ فَيَنظُرُوا۟ كَيْفَ كَانَ عَـٰقِبَةُ ٱلَّذِينَ مِن قَبْلِهِمْ ۗ وَلَدَارُ ٱلْـَٔاخِرَةِ خَيْرٌ لِّلَّذِينَ ٱتَّقَوْا۟ ۗ أَفَلَا تَعْقِلُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Biz sendan ilgari ham faqat shahar ahlidan er kishilarga vahiy yuborganmiz. Yer yuzida yurib, o`zlaridan oldingilarning oqibati nima bo`lganiga nazar solmaydilarmi? Albatta, oxirat diyori taqvo qiladiganlar uchun yaxshiroqdir. Aql yuritmaydilarmi?!Биз сендан илгари ҳам фақат шаҳар аҳлидан эр кишиларга ваҳий юборганмиз. Ер юзида юриб, ўзларидан олдингиларнинг оқибати нима бўлганига назар солмайдиларми? Албатта, охират диёри тақво қиладиганлар учун яхшироқдир. Ақл юритмайдиларми?!Alauddin Mansour: (Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), Biz sizdan ilgari ham faqat shahar ahllaridan boʻlgan (farishtalarni emas) kishilarni paygʻambar qilib, ularga vahiy yuborganmiz. Axir (odamlar) Yer yuzida sayru-sayohat etishib, oʻzlaridan avvalgi (iymonsiz) kimsalarning oqibatlari qanday boʻlganini koʻrsalar boʻlmaydimi? (Allohdan) qoʻrqqan zotlar uchun, Oxirat diyori (bu foniy dunyodan) yaxshiroqdir. Aql yurgizmaysizlarmi?!(Эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом), Биз сиздан илгари ҳам фақат шаҳар аҳлларидан бўлган (фаришталарни эмас) кишиларни пайғамбар қилиб, уларга ваҳий юборганмиз. Ахир (одамлар) Ер юзида сайру-саёҳат этишиб, ўзларидан аввалги (иймонсиз) кимсаларнинг оқибатлари қандай бўлганини кўрсалар бўлмайдими? (Аллоҳдан) қўрққан зотлар учун, Охират диёри (бу фоний дунёдан) яхшироқдир. Ақл юргизмайсизларми?!
Ushbu oyatda Alloh taolo Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga tasalli berib, kofir va mushriklarning u kishini inkor etishlariga eʼtibor qilmaslikka, avvalgi Paygʻambarlar ham u zotga oʻxshagan insonlar boʻlganiga ishora etmoqda:
«Biz sendan ilgari ham faqat shahar ahlidan er kishilarga vahiy yuborib, Paygʻambar etganmiz».
Yaʼni, avvalgi Paygʻambarlarning hammasi ham shahar aholisidan boʻlgan, sahroviylardan emas. Chunki, shahar ahli tarbiyali, muomalani yaxshi biladilar, daʼvat ishlarini olib borishda sabr-matonatli boʻladilar, yana shunga oʻxshash zaruriy sifatlarga egalar. Shuningdek, avval oʻtgan Paygʻambarlarning hammasi ham erkak kishilar boʻlganlar. Xotin kishi yoki farishtalar emas. Chunki, ayol kishilarning tabiiy, jismoniy tuzilishlari Paygʻambarlikdek ogʻir vazifaga mos emas. Va farishtalar ham odamlarga Paygʻambar boʻlishlari maqsadga muvofiq emas.
Bu haqda boshqa joylarda batafsil soʻz yuritilgan.
Binobarin, xotamul anbiyo boʻlmish Muhammad alayhissalomni inkor etayotgan kofir va mushriklar:
«Yer yuzida yurib, oʻzlaridan oldingilarning oqibati nima boʻlganiga nazar solmaydilarmi?!»
Chunki, oʻtganlarning iziga nazar solish, ularning kim boʻlganliklariyu nima holga tushganliklari haqida tafakkur qilish har qanday shakkokning ham qalbini larzaga keltiradi. Dunyodan dabdaba ila oʻtgan ne-ne jahongirlar, pahlavonlar, olimlar, donishmandlar, boylar va ustomonlarning hech narsaga yetishmay, tuproqqa qorishib yotishi, ular qoldirgan asarlar–bir paytlar gullab-yashnagan shaharu qishloqlar, saroyu qasrlarning harobaga aylanib ketgani har qanday tosh qalbni ham eritib yuboradi. Ular ibrat nazari bilan mazkur oyat-belgilarni mulohaza qilib koʻrsalar:
«Albatta, oxirat diyori taqvo qiladiganlar uchun yaxshiroqdir», degan gapga ishonch hosil qilgan boʻlardilar. Axir:
«Aql yuritmaydilarmi?!»
Aql yuritmasalar, bu haqiqatni tushunib yetmaydilar va halokatga uchraydilar. Aql yuritsalar, oʻzlariga yaxshi. Odatda, kofirlar aql yuritmaydilar. Moʻminlar, hatto Paygʻambarlar ham kofirlarning tazyiqlariga uchraydi. Qiyin ahvollarda qoladilar.