حَتَّىٰٓ إِذَا ٱسْتَيْـَٔسَ ٱلرُّسُلُ وَظَنُّوٓا۟ أَنَّهُمْ قَدْ كُذِبُوا۟ جَآءَهُمْ نَصْرُنَا فَنُجِّىَ مَن نَّشَآءُ ۖ وَلَا يُرَدُّ بَأْسُنَا عَنِ ٱلْقَوْمِ ٱلْمُجْرِمِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Hattoki Payg`ambarlar noumid bo`lib, o`zlarini yolg`onchiga chiqarilganlar, deb gumon qilib qolganlarida, ularga Bizning nusratimiz keladi. Bas, Biz xohlaganlarga najot berilur. Jinoyatchi qavmlardan Bizning azobimiz qaytarilmas.Ҳаттоки Пайғамбарлар ноумид бўлиб, ўзларини ёлғончига чиқарилганлар, деб гумон қилиб қолганларида, уларга Бизнинг нусратимиз келади. Бас, Биз хоҳлаганларга нажот берилур. Жиноятчи қавмлардан Бизнинг азобимиз қайтарилмас.Alauddin Mansour: Har qachon paygʻambarlarimiz noumid boʻlib: «Bizlar yolgʻonchi qilindik — paygʻambar ekanligimizga ishonmadilar», deb oʻylay boshlaganlarida, ularga Bizning madadimiz — gʻalabamiz kelib, Biz hohlagan kishilarga najot berilar edi. (Ammo) jinoyatchi boʻlgan qavmdan bizning azobimiz qaytarilmas!Ҳар қачон пайғамбарларимиз ноумид бўлиб: «Бизлар ёлғончи қилиндик — пайғамбар эканлигимизга ишонмадилар», деб ўйлай бошлаганларида, уларга Бизнинг мададимиз — ғалабамиз келиб, Биз ҳоҳлаган кишиларга нажот берилар эди. (Аммо) жиноятчи бўлган қавмдан бизнинг азобимиз қайтарилмас!
Ajib holat. Alloh tomonidan yuborilgan Paygʻambarlarning ishi darrov yurishib ketmaydi. Ular turli qiyinchiliklar, mashaqqatlar, toʻsiqlarga duch keladilar. Ularning yoʻlida kufr, jaholat, munofiqlik, zulm toʻsiq boʻladi. Paygʻambarlar har qancha urinmasinlar, ish olgʻa siljimaydi. Kundan-kunga yomonlashib boraveradi. Zulm va tugʻyon yanada kuchayadi. Paygʻambarlar boshliq oz sonli moʻminlarning hayotlari xavf ostida qoladi. Shu payt:
«Hattoki Paygʻambarlar noumid boʻlib, oʻzlarini yolgʻonchiga chiqarilganlar, deb gumon qilib qolganlarida, ularga Bizning nusratimiz keladi».
Ha, Allohning nusrati oxirgi lahzada, hech umid qolmaganda keladi. Chunki, Alloh taolo Paygʻambarlar va moʻmin bandalar iymon yoʻlida barcha imkoniyatlarni, harakatlarni ishga solishlarini, Uning roziligini topish uchun sidqidildan diniga xizmat qilishlarini istaydi. Ha, ishlamay topilgan neʼmatning, mashaqqatsiz erishilgan maqomning qadri boʻlmaydi. Gulga yetish uchun tikan zahrini totib koʻrish kerak. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Jannat tikanlar bilan oʻralgandir», deganlar. Jannatga kirish uchun oʻsha tikanlarning orasidan ularning zahrini totib, badanlardan qonlar oqizib oʻtish kerak. Allohning diniga daʼvat qilish shuning uchun ham oson emas. Agar u oson boʻlganida, har kuni yangidan-yangi daʼvogarlar chiqar edi. Lekin hammaga ham bu nasib qilavermaydi.
«Bas, Biz xohlaganlarga najot berilur.»
Yaʼni, Islomning mashaqqatli takliflarini ado etganlarga, iymonini pok saqlash uchun chekilgan aziyatlarga sabr qilganlarga, daʼvat yoʻlida turli balolarga mubtalo boʻlganlarga va shulardan ham Allohning Oʻzi xohlaganlariga najot beriladi.
«Jinoyatchi qavmlardan Bizning azobimiz qaytarilmas.»
Kofirlar, mushriklar, munofiqlar va gunohkorlar, albatta, Allohning azobiga giriftor boʻlurlar. Doimo shunday boʻlgan.