قُلْ مَن رَّبُّ ٱلسَّمَـٰوَٰتِ وَٱلْأَرْضِ قُلِ ٱللَّهُ ۚ قُلْ أَفَٱتَّخَذْتُم مِّن دُونِهِۦٓ أَوْلِيَآءَ لَا يَمْلِكُونَ لِأَنفُسِهِمْ نَفْعًا وَلَا ضَرًّا ۚ قُلْ هَلْ يَسْتَوِى ٱلْأَعْمَىٰ وَٱلْبَصِيرُ أَمْ هَلْ تَسْتَوِى ٱلظُّلُمَـٰتُ وَٱلنُّورُ ۗ أَمْ جَعَلُوا۟ لِلَّهِ شُرَكَآءَ خَلَقُوا۟ كَخَلْقِهِۦ فَتَشَـٰبَهَ ٱلْخَلْقُ عَلَيْهِمْ ۚ قُلِ ٱللَّهُ خَـٰلِقُ كُلِّ شَىْءٍ وَهُوَ ٱلْوَٰحِدُ ٱلْقَهَّـٰرُ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Sen: «Osmonlaru yerning Robbi kim?» deb ayt. «Alloh», degin. «O`zingizga Undan o`zga, o`zlariga foyda yoki zararga ega bo`lmagan valiylarni tutdingizmi?» degin. «Ko`zi ko`r bilan ko`ruvchi barobar bo`lurmi yoki zulmatlar bilan nur barobar bo`lurmi?» degin. Yoki ular Allohga U yaratgan maxluqotlarga o`xshash maxluqotlarni yaratganlarni sherik qilib oldilar-u, ularga yaratilgan maxluqotlarga o`xshash ko`rinmoqdami? «Barcha narsaning yaratuvchisi Allohdir. Va U Birdir, Qahhordir», degin.Сен: «Осмонлару ернинг Робби ким?» деб айт. «Аллоҳ», дегин. «Ўзингизга Ундан ўзга, ўзларига фойда ёки зарарга эга бўлмаган валийларни тутдингизми?» дегин. «Кўзи кўр билан кўрувчи баробар бўлурми ёки зулматлар билан нур баробар бўлурми?» дегин. Ёки улар Аллоҳга У яратган махлуқотларга ўхшаш махлуқотларни яратганларни шерик қилиб олдилар-у, уларга яратилган махлуқотларга ўхшаш кўринмоқдами? «Барча нарсанинг яратувчиси Аллоҳдир. Ва У Бирдир, Қаҳҳордир», дегин.Alauddin Mansour: (Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom) ayting (qavmingizdan soʻrang: «Osmonlar va Yerning Parvardigori kim?» «Alloh», deb javob qiling (chunki, ular bundan boshqa javob topa olmaydilar. Ulardan): «Bas, Oʻsha (Allohni qoʻyib, (oʻzgalar emas, hatto) oʻzlariga ham foyda-ziyon yetkazishga qodir boʻlmaydigan butlarni ushlab oldingizmi?», deb soʻrang. Yana aytingki, «Koʻr (gumroh) bilan koʻruvchi (haq yoʻlga hidoyat topgan kishi) barobar boʻlurmi? Yoki zulmatlar bilan nur barobar boʻlurmi?» Yo ular Alloh yaratgani kabi yarata oladigan butlarni U zotga sherik qilishib olib, soʻngra ularga yaratilgan narsalarni (Alloh yaratganmi yoki sigʻinayotgan butlari yaratganmi) nomaʼlum boʻlib qoldimi? Ayting: «Alloh barcha narsani yaratguvchidir va U tanho gʻolibdir».(Эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом) айтинг (қавмингиздан сўранг: «Осмонлар ва Ернинг Парвардигори ким?» «Аллоҳ», деб жавоб қилинг (чунки, улар бундан бошқа жавоб топа олмайдилар. Улардан): «Бас, Ўша (Аллоҳни қўйиб, (ўзгалар эмас, ҳатто) ўзларига ҳам фойда-зиён етказишга қодир бўлмайдиган бутларни ушлаб олдингизми?», деб сўранг. Яна айтингки, «Кўр (гумроҳ) билан кўрувчи (ҳақ йўлга ҳидоят топган киши) баробар бўлурми? Ёки зулматлар билан нур баробар бўлурми?» Ё улар Аллоҳ яратгани каби ярата оладиган бутларни У зотга шерик қилишиб олиб, сўнгра уларга яратилган нарсаларни (Аллоҳ яратганми ёки сиғинаётган бутлари яратганми) номаълум бўлиб қолдими? Айтинг: «Аллоҳ барча нарсани яратгувчидир ва У танҳо ғолибдир».
Ey habibim, ey Muhammad, oʻsha kofiru mushriklardan soʻra, ularga:
«Osmonlaru yerning Robbi kim?» deb ayt.
Osmonlaru yerning, ulardagi barcha narsalarning tarbiyachisi, rizqlantiruvchisi, bu dunyoda tutib turuvchisi kim, deb soʻra. Lekin ularning javobini kutib turma, chunki savolning javobi aniq va shubhasizdir. Shuning uchun, javobini ham oʻzing ayt:
«Alloh», degin».
Soʻngra, ularga yana savol berib:
«Oʻzingizga Undan oʻzga, oʻzlariga foyda yoki zararga ega boʻlmagan valiylarni tutdingizmi?» degin».
Allohdan oʻzga, sizga foyda yoki zarar berish u yoqda tursin, hatto oʻzlariga ham foyda-zarar yetkaza olmaydigan nochor narsalarni valiy, doʻst, yordamchi, iloh tutdingizmi, degin. Chunki, dunyodagi barcha maxluqlarga foyda va zararni faqat Alloh taologina yetkazadi. Binobarin, kishilar faqat Alloh taolonigina valiy tutishlari lozim. Allohdan oʻzga hech kim, hech narsa foyda yoki zarar yetkazishga qodir emas. Shuning uchun, Allohdan oʻzgani valiy tutganlar katta xato qiladi. Moʻminlar Allohni valiy tutganlari uchun bu xatodan xolidirlar. Haq bilan botil orasidagi farq esa, ochiq va ravshandir. Haq nurdir, botil zulmatdir. Nur iymondir, zulmat kufrdir. Moʻmin koʻzi ochiq odam, kofir koʻzi koʻr kimsadir.
«Koʻzi koʻr bilan koʻruvchi barobar boʻlurmi yoki zulmatlar bilan nur barobar boʻlurmi?» degin.»
Albatta, barobar boʻlmaydi, koʻzi koʻr odam hech narsani koʻra olmaydi. Shuning uchun, yoʻlini topib yurolmaydi. Doimo qoqilib, turtilib-surinib yuradi. Har lahzada jarga qulashi ehtimoli bor. Koʻzi ochiq kimsa esa, hamma narsani koʻradi. Oq-qorani ajratadi. Yoʻlini topib, tekis joydan yuradi. Albatta, bu ikkovlari teng boʻla olmaydilar. Xuddi shuningdek, kofir odam bilan moʻmin ham barobar boʻlmaydi. Kofir xuddi koʻr odam misoli, u kufr zulmatiga oʻralib qolgan, uning yoʻl koʻrsatadigan nuri–iymoni yoʻq. Moʻmin odam esa, koʻzi ochiq odamdir. Buning ustiga, unda iymon nuri bor. Albatta, ular teng emaslar. Shuningdek, zulmatlar bilan nur; kufr, shirk, nifoqlar ila iymon ham barobar boʻlmas.
Kofirlarning qilmishlariga sabab nima? Nima uchun Allohga iymon keltirmayaptilar? Unga mushrik boʻlmoqdalar?
«Yoki ular Allohga U yaratgan maxluqotlarga oʻxshash maxluqotlarni yaratganlarni sherik qilib oldilar-u, ularga yaratilgan maxluqotlarga oʻxshash koʻrinmoqdami?»
Qaysi maxluqotlarni Alloh yaratganu qaysinisini ular Allohga sherik qilib olgan narsalar yaratganini bila olmay qiynalmoqdalarmi? Shuning uchun Allohga haligi narsalarni sherik deb eʼtiqod qilmoqdalarmi? Yoʻq, unday emas! Allohdan boshqa hech kim, hech narsani xalq eta olmaydi–yaratolmaydi.
«Barcha narsaning yaratuvchisi Allohdir.»
Jumladan, mushriklar Allohga sherik qilib keltirayotgan narsalarning yaratuvchisi ham Allohdir.
«Va U Birdir, Qahhordir», degin.
U – Alloh–Birdir. Yaratuvchilikda birdir, sherigi yoʻqdir. Hamma narsani bir Oʻzi yaratgandir. Bu ishda Unga hech kim va hech narsa sherik emas. U – Alloh Robblikda–tarbiyachilikda ham birdir. Dunyodagi hamma narsaga yolgʻiz Oʻzi Robblik qiladi. Ularni Oʻzi tarbiya qilib, Oʻzi rizq berib, Oʻzi rioyasiga olgan. Unga bu ishda hech kim va hech narsa sherik boʻlmaydi.
Shuning uchun, U–Alloh ilohlikda ham birdir. Yaʼni, ibodatga sazovorlikda ham birdir. Dunyodagi barcha maxluqot faqat Ungagina ibodat qilishi–boʻysunishi, Uning xohishi boʻyicha yurishi lozimdir. Unga bu ishda ham hech kim va hech narsa sherik boʻla olmaydi.
U – Alloh Qahhordir. Osmonlaru yer va ulardagi barcha narsalar faqatgina Uning qahriga boʻyinsunadi. Boshqa hech kimga va hech narsaga emas.
Keyingi oyatda haq va botilga tabiat koʻrinishlari majoz qilib keltiriladi: