أَنزَلَ مِنَ ٱلسَّمَآءِ مَآءً فَسَالَتْ أَوْدِيَةٌۢ بِقَدَرِهَا فَٱحْتَمَلَ ٱلسَّيْلُ زَبَدًا رَّابِيًا ۚ وَمِمَّا يُوقِدُونَ عَلَيْهِ فِى ٱلنَّارِ ٱبْتِغَآءَ حِلْيَةٍ أَوْ مَتَـٰعٍ زَبَدٌ مِّثْلُهُۥ ۚ كَذَٰلِكَ يَضْرِبُ ٱللَّهُ ٱلْحَقَّ وَٱلْبَـٰطِلَ ۚ فَأَمَّا ٱلزَّبَدُ فَيَذْهَبُ جُفَآءً ۖ وَأَمَّا مَا يَنفَعُ ٱلنَّاسَ فَيَمْكُثُ فِى ٱلْأَرْضِ ۚ كَذَٰلِكَ يَضْرِبُ ٱللَّهُ ٱلْأَمْثَالَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: U osmondan suv tushirdi. So`ngra vodiylarda o`z miqdoricha sel oqdi. Bas, sel o`z ustiga chiqqan ko`pikni ko`tarib keldi. Va zeb-ziynat, asbob-uskuna yasash maqsadida o`tda toblanadigan narsalarda ham shunga o`xshash ko`pik bo`lur. Alloh haq va botilga mana shunday zarbulmasal keltirur. Ammo ko`pik o`z-o`zidan yo`q bo`lib ketur. Odamlarga manfaat beradigan narsa esa, yer yuzida qolur. Alloh misollarni ana shunday keltirur.У осмондан сув туширди. Сўнгра водийларда ўз миқдорича сел оқди. Бас, сел ўз устига чиққан кўпикни кўтариб келди. Ва зеб-зийнат, асбоб-ускуна ясаш мақсадида ўтда тобланадиган нарсаларда ҳам шунга ўхшаш кўпик бўлур. Аллоҳ ҳақ ва ботилга мана шундай зарбулмасал келтирур. Аммо кўпик ўз-ўзидан йўқ бўлиб кетур. Одамларга манфаат берадиган нарса эса, ер юзида қолур. Аллоҳ мисолларни ана шундай келтирур.Alauddin Mansour: (Alloh) osmondan, suv (yomgʻir) yogʻdirganida jilgʻalar toʻlib-toshib oqib, bu sel oʻz ustida koʻpiklarni ham koʻtarib kelur. (Odamlar) zeb-ziynat yoki asbob-uskuna yasash uchun oʻtda eritadigan narsa-maʼdanlardan ham shunga oʻxshash koʻpik (chiqindi paydo) boʻlur. Alloh haq bilan botilni mana shunday (misol bilan) bayon qilur. Endi u koʻpik-chiqindi oʻz-oʻzidan yoʻq boʻlib ketur. Odamlarga foydali boʻlgan narsa esa Yer yuzida qolur. Alloh misollarni mana shunday bayon qilur.(Аллоҳ) осмондан, сув (ёмғир) ёғдирганида жилғалар тўлиб-тошиб оқиб, бу сел ўз устида кўпикларни ҳам кўтариб келур. (Одамлар) зеб-зийнат ёки асбоб-ускуна ясаш учун ўтда эритадиган нарса-маъданлардан ҳам шунга ўхшаш кўпик (чиқинди пайдо) бўлур. Аллоҳ ҳақ билан ботилни мана шундай (мисол билан) баён қилур. Энди у кўпик-чиқинди ўз-ўзидан йўқ бўлиб кетур. Одамларга фойдали бўлган нарса эса Ер юзида қолур. Аллоҳ мисолларни мана шундай баён қилур.
Ushbu oyati karima haqning sobitligi hamda boqiyligi va botilning asossizligi va bebaqoligi bayonidagi ikkita zarbulmasalni oʻz ichiga olgandir.
Birinchi zarbulmasal oyati karimaning:
«U osmondan suv tushirdi. Soʻngra vodiylarda oʻz miqdoricha sel oqdi. Bas, sel ustiga chiqqan koʻpikni koʻtarib keldi», jumlasida aks topgan.
Alloh taolo osmondan suv tushirib, yomgʻir yogʻdirsa, har bir vodiyda hajmiga yarasha sel oqadi. Kichik vodiyda oz, katta vodiyda koʻp oqadi. Shu bilan birga, sel oʻzining ustida koʻpikni ham oqizib keladi. Bunda suv haqqa, koʻpik botilga oʻxshatilmoqda.
Ikkinchi zarbulmasal:
«Va zeb-ziynat, asbob-uskuna yasash maqsadida oʻtda toblanadigan narsalarda ham shunga oʻxshash koʻpik boʻladi».
Zeb-ziynat yasaladigan oltin va kumush, asbob-uskuna yasaladigan temir va mis kabi maʼdanlar ustida ham zang va boshqa keraksiz moddalar boʻladi. Bu masalda haqqa asl maʼdanlar, botilga zang va koʻpikka oʻxshash boshqa moddalar qiyos qilinmoqda.
«Alloh haq va botilga mana shunday zarbulmasal keltirur.»
Yaʼni, haq bilan botil bir boʻlib qolganda, botil bir ozdan soʻng oʻz-oʻzidan yoʻq boʻlib ketishiga misol shu.
«...koʻpik oʻz-oʻzidan yoʻq boʻlib ketur.»
Koʻpik, garchand suvning ustiga chiqib turgan boʻlsa ham, baribir u koʻpikdir. Bir zumda tarqalib, oʻzidan-oʻzi yoʻq boʻlib ketadi. Maʼdanlardagi zang va boshqa koʻpiksimon moddalar ularni oʻrab turgan boʻlsalar ham, toblanish vaqti kelganda, birpasda yoʻq boʻlib ketadilar. Botil ham shunday: oʻzidan-oʻzi yoʻq boʻlib ketadi.
«Odamlarga manfaat beradigan narsa esa, yer yuzida qolur.»
Xuddi selning suvi va asl maʼdan sobit qolganidek, odamlarga manfaat beradigan haq ham sobit qoladi.
«Alloh misollarni ana shunday keltirur.»
Haq ila botilning, iymon ila kufrning misoli shunday. Allohning amriga ergashib, haq yoʻlni–iymon yoʻlini tanlaganlar sabotli va baqoli yoʻlni tanlabdilar. Allohning amriga osiylik qilib, botil yoʻlni tanlaganlar behuda va bebaqo yoʻlni tanlabdilar. Albatta, ularning oqibatlari ham har xil boʻladi.