۞ قَالَتْ رُسُلُهُمْ أَفِى ٱللَّهِ شَكٌّ فَاطِرِ ٱلسَّمَـٰوَٰتِ وَٱلْأَرْضِ ۖ يَدْعُوكُمْ لِيَغْفِرَ لَكُم مِّن ذُنُوبِكُمْ وَيُؤَخِّرَكُمْ إِلَىٰٓ أَجَلٍ مُّسَمًّى ۚ قَالُوٓا۟ إِنْ أَنتُمْ إِلَّا بَشَرٌ مِّثْلُنَا تُرِيدُونَ أَن تَصُدُّونَا عَمَّا كَانَ يَعْبُدُ ءَابَآؤُنَا فَأْتُونَا بِسُلْطَـٰنٍ مُّبِينٍ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Payg`ambarlari ularga: «Osmonlaru yerning yaratguvchisi bo`lmish Allohga shak bormi? U sizlarni gunohlaringizni mag`firat qilishga va o`zingizni ma'lum muddatga qoldirishga chaqirmoqda-ku!» dedilar. Ular esa: «Siz bizga o`xshash bashardan o`zga hech narsa emassiz. Bizni otalarimiz ibodat qilib yurgan narsadan to`smoqchisiz. Bas, bizga ochiq-oydin hujjat keltiring», dedilar.Пайғамбарлари уларга: «Осмонлару ернинг яратгувчиси бўлмиш Аллоҳга шак борми? У сизларни гуноҳларингизни мағфират қилишга ва ўзингизни маълум муддатга қолдиришга чақирмоқда-ку!» дедилар. Улар эса: «Сиз бизга ўхшаш башардан ўзга ҳеч нарса эмассиз. Бизни оталаримиз ибодат қилиб юрган нарсадан тўсмоқчисиз. Бас, бизга очиқ-ойдин ҳужжат келтиринг», дедилар.Alauddin Mansour: Paygʻambarlari aytdilar: «Osmonlar va Yerning yaratuvchisi boʻlmish Alloh(ning borligi va birligi) xususida shak-shubha boʻlishi mumkinmi?! U zot sizlarning gunohlaringizni magʻfirat qilish va oʻzlaringizni maʼlum muddatgacha (halok qilmay) qoldirish uchun (iymonga) daʼvat qilmoqda-ku!» Ular dedilar: «Sizlar ham xuddi oʻzimizga oʻxshagan odamlarsiz, faqat bizni ota-bobolarimiz ibodat qilib oʻtgan narsadan (sanamlarga sigʻinishdan) toʻsmoqchisizlar, xolos. Bas, (agar chin paygʻambar boʻlsangizlar) bizga aniq bir hujjat dalil keltiringlar-chi?!»Пайғамбарлари айтдилар: «Осмонлар ва Ернинг яратувчиси бўлмиш Аллоҳ(нинг борлиги ва бирлиги) хусусида шак-шубҳа бўлиши мумкинми?! У зот сизларнинг гуноҳларингизни мағфират қилиш ва ўзларингизни маълум муддатгача (ҳалок қилмай) қолдириш учун (иймонга) даъват қилмоқда-ку!» Улар дедилар: «Сизлар ҳам худди ўзимизга ўхшаган одамларсиз, фақат бизни ота-боболаримиз ибодат қилиб ўтган нарсадан (санамларга сиғинишдан) тўсмоқчисизлар, холос. Бас, (агар чин пайғамбар бўлсангизлар) бизга аниқ бир ҳужжат далил келтиринглар-чи?!»
Mazkur nobakor qavmlarga kelgan Paygʻambar alayhissalomlar ularning koʻzlarini ochishga, hushlarini joyiga keltirishga urindilar. Paygʻambarni va dinni inkor etishlik Allohni inkor qilishlik ekanini tushuntirmoqchi boʻldilar. Ulardan har biri oʻz qavmiga:
«Osmonlaru yerning yaratguvchisi boʻlmish Allohga shak bormi?» dedi.
Yaʼni: «Ey qavmlar, sizlar bizga «Chaqirayotgan narsangizda shakdamiz» dedingiz, biz sizni Allohning diniga daʼvat etayotgan edik, Allohning dinida shakda-shubhada boʻlishlik Allohga shak keltirishlikdir, sizlar osmonlaru yerni yoʻqdan bor qilgan Allohga shak keltirasizlarmi, hali?» deyishdi.
Paygʻambar alayhissalomlarning ushbu asosli savollarini inkor etish imkonsiz boʻlganidan, kofirlar unga toʻgʻri javob berishdan qochib, gapni boshqa tomonga burishdi. Endi ular Paygʻambarlarning shaxslariga osila boshladilar:
«Ular esa: «Siz bizga oʻxshash bashardan oʻzga hech narsa emassiz», dedilar.
Yaʼni, Alloh yuborgan Paygʻambar emassiz, siz ham biz kabi odamsiz, dedilar.
Bu gaplari bilan kofirlar oʻzlariga oʻxshagan odam Paygʻambar boʻlishi mumkin emas, deb oʻylashlarini oshkor qilmoqchi boʻldilar. Ularning fikricha, Alloh tomonidan yuborilgan elchi–Paygʻambar farishta yoki qandaydir boshqa bir oliy maqomli zotga oʻxshashi mumkin-u, ammo oʻzlariga oʻxshagan odam boʻlishi mumkin emas. Bu narsa ularning johilligining alomati hamda Allohning diniga yurmaslik uchun topayotgan bahonalaridan biridir. Agar farishta Paygʻambar etib yuborilsa, bu Paygʻambar farishta, uning jinsi boshqa, imkoniyatlari boshqa, biz esa ojiz odamlarmiz, bu farishtaning aytganini ham, qilganini ham qila olmaymiz, der edilar. Oʻzlariga oʻxshagan odam bolasi ularning ichidan tanlab olinib Paygʻambar qilib yuborilganda esa, oʻzlaridan shunday oliymaqom zotlar chiqqaniga faxrlanish, xursand boʻlish oʻrniga, siz oʻzimizga oʻxshagan odamsiz, Paygʻambar boʻlishingiz mumkin emas, demoqdalar. Bu ham yetmaganidek, kofirlar Paygʻambar alayhissalomlarni niyati buzuqlikda ham ayblamoqdalar:
«Bizni otalarimiz ibodat qilib yurgan narsadan toʻsmoqchisiz».
Barcha qavm kofirlari barcha Paygʻambarlarga shu gapni aytganlar. Ularning oʻz otalari nimaga ibodat qilib yurgani bilan ishlari yoʻq. Otalari ibodat etgan narsa nima boʻlsa ham, baribir. U narsalar bir qiymatga arziydimi? Ularga ibodat qilish lozimligi haqida biror dalil bormi? Bu va bunga oʻxshash savollar bilan ishlari yoʻq.
Ammo Alloh tomonidan ochiq hujjatlar bilan kelgan Paygʻambarlardan yana hujjat-dalil soʻraydilar.
«Bas, bizga ochiq-oydin hujjat keltiring», dedilar.»
Paygʻambar alayhissalomlar kofir qavmlarning bu eʼtiroz va talablariga quyidagicha javob berdilar: