وَمَآ أَرْسَلْنَا مِن رَّسُولٍ إِلَّا بِلِسَانِ قَوْمِهِۦ لِيُبَيِّنَ لَهُمْ ۖ فَيُضِلُّ ٱللَّهُ مَن يَشَآءُ وَيَهْدِى مَن يَشَآءُ ۚ وَهُوَ ٱلْعَزِيزُ ٱلْحَكِيمُ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Qaysiki Payg`ambarni yuborgan bo`lsak, bayon qilib berishi uchun, o`z qavmi tili ila yuborganmiz. Bas, Alloh kimni xohlasa, zalolatga ketkazadi, kimni xohlasa, hidoyatga soladir. U Aziyz va hikmatli Zotdir.Қайсики Пайғамбарни юборган бўлсак, баён қилиб бериши учун, ўз қавми тили ила юборганмиз. Бас, Аллоҳ кимни хоҳласа, залолатга кетказади, кимни хоҳласа, ҳидоятга соладир. У Азийз ва ҳикматли Зотдир.Alauddin Mansour: Biz har bir paygʻambarni (hukmlarimizni) bayon qilib berishi uchun oʻz qavmining tili bilan (soʻzlaydigan qilib) yuborganmiz. Soʻngra Alloh xohlagan kimsani yoʻldan ozdidur va Oʻzi xohlagan kishini hidoyat qilur. U qudratli, hikmatli Zotdir.Биз ҳар бир пайғамбарни (ҳукмларимизни) баён қилиб бериши учун ўз қавмининг тили билан (сўзлайдиган қилиб) юборганмиз. Сўнгра Аллоҳ хоҳлаган кимсани йўлдан оздидур ва Ўзи хоҳлаган кишини ҳидоят қилур. У қудратли, ҳикматли Зотдир.
Barcha Paygʻambarlarni oʻz qavmi tili ila yuborish ham Allohning bandalariga bergan neʼmatidir. Chunki, boshqa qavm tilini tushunish qiyin boʻlar edi. Ha, hamma Paygʻambarlar oʻz qavmlariga yuborilganlar va ularga oʻz qavmlari tilida vahiy kelgan.
Butun olamlarga va barcha qavmlarga Paygʻambar boʻlgan Hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ham arablar tilida vahiy keldi. Buning asosiy hikmatlarini Allohning Oʻzi biladi. Ammo, bu oʻrinda ulamolarimiz mulohaza qilgan hikmatlardan baʼzilarini aytib oʻtish joizdir.
Boshqa Paygʻambarlar maʼlum qavmga va maʼlum muddatga kelgan boʻlsalar, Muhammad sollallohu alayhi vasallam qavmlarning hammasiga qiyomat kuniga qadar Paygʻambar qilib yuborilganlar. U kishining umrlari cheklangan. Shuning uchun, dinni hamma qavmlarga oʻzlari yetkazishlari qiyin. Shunga koʻra, u zot sollallohu alayhi vasallam Allohning oxirgi dini taʼlimotlarini oʻz qavmlariga, qavmlari esa, uni butun dunyoga tarqatadi. Darhaqiqat, shunday ham boʻldi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam Islom dini arablar yashab turgan yerlarga yoyilib boʻlishi bilan vafot topdilar. Islomni dunyoning qolgan qismiga u kishining qavmlari yetkazdilar.
Turli makon va zamonlarda yashaydigan turli qavmlarga bir Paygʻambarni turli tillar bilan yuborib boʻlmas edi. Avvalo, bu ishni ado etish jismonan amri mahol.
Qolaversa, dunyoda xilma-xil tillar juda koʻp. Hozirgi tillar ichida Islomning ilohiy kitobi Qurʼoni Karim nozil boʻlganidan keyin paydo boʻlganlari ham bor. Demak, har bir qavmga oʻz tilida vahiy kelishi kerak boʻlsa, keyin paydo boʻlgan tillarda soʻzlashuvchilar nima boʻlardi?
Qolaversa, tillarning imkoniyatlari ham har xil. Shuning uchun, Alloh taolo eng boy va kalomining abadiy moʻʼjiza boʻlib qolishini ham koʻtara oladigan tilni–arab tilini tanlab, oʻsha tilda qiyomatgacha boqiy qoladigan kitobini–Qurʼoni Karimni tushirdi. Qavmlar, tillar, lahjalar, zamonlar almashaveradi, ammo Qurʼon moʻʼjiza boʻlib turaveradi. Undan arab ham, ajam ham, oq ham, qora ham barobar foyda olaveradi.
Ha, Paygʻambar oʻziga kelgan ilohiy taʼlimotlarni odamlarga bayon qilib beradi. Shu bilan uning vazifasi tugaydi. Qolgani Allohning ixtiyorida:
«Bas, Alloh kimni xohlasa, zalolatga ketkazadi, kimni xohlasa, hidoyatga soladir».
Qaysi banda zalolatning yoʻliga kirsa, adashib ketadi, qaysi banda hidoyatning yoʻliga yursa, saodatga yetadi. Har ikkisi ham Allohning xohishi bilan boʻladi.
«U aziz va hikmatli Zotdir.»
U hamma narsadan ustun, odamlar va hayotdagi narsalar ustidan gʻolib va har bir ishni hikmat ila qilguvchi Zotdir.
Paygʻabarlar yuborish boʻyicha umumiy qoida bayon etib boʻlinganidan keyin, kelasi oyatlarda oʻsha mazkur qoidalar asosida oʻz qavmlariga yuborilgan baʼzi Paygʻambarlar haqida soʻz yuritiladi.
Muso alayhissalomning Paygʻambarliklari ham boshqalarnikiga oʻxshash boʻlgan: