هُوَ ٱلَّذِىٓ أَنزَلَ مِنَ ٱلسَّمَآءِ مَآءً ۖ لَّكُم مِّنْهُ شَرَابٌ وَمِنْهُ شَجَرٌ فِيهِ تُسِيمُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: U osmondan suvni tushirgan Zotdir. Sizga unda sharob va (chorvalaringizni) o`tlatadigan daraxt bordir.У осмондан сувни туширган Зотдир. Сизга унда шароб ва (чорваларингизни) ўтлатадиган дарахт бордир.Alauddin Mansour: U osmondan sizlar uchun ichimlik boʻlgan suvni yogʻdirgan Zotdir. Sizlar (hayvonlaringizni) boqadigan dov-daraxtlar (oʻt-oʻlanlar) ham oʻsha suvdan (ichar).У осмондан сизлар учун ичимлик бўлган сувни ёғдирган Зотдир. Сизлар (ҳайвонларингизни) боқадиган дов-дарахтлар (ўт-ўланлар) ҳам ўша сувдан (ичар).
Alloh borliqda joriy qilib qoʻygan maʼlum qonun-qoidalar asosida osmondan suv tushadi. Shuning uchun ham, osmondan tushadigan suvni «Alloh tushirdi», deb asl egasiga nisbat beriladi. Bu ham Allohning insonga bergan neʼmatidir. Suv boʻlmasa, hayot yoʻq.
«Sizga unda sharob va (chorvalaringizni) oʻtlatadigan daraxt bordir.»
Yaʼni, inson ichadigan suvlar, asosan, osmondan yoqqan qor-yomgʻirlarning suvidan iboratdir. Oʻsha qor-yomgʻirlar togʻlar, yer osti dengizlari, buloq va quduqlar orqali insonlarga yetadi. Ularni osmondan tushirib, togʻlarda va yer osti suv omborlarida saqlab, inson ichishi uchun sozlab, chuchuk va yaroqli qilib bergan zot–Alloh taolodir. Inson oʻzi bu ishlarni qila olmaydi va bu ishlarni qiladigan boshqa biron zotni ham bilmaydi. Demak, inson shunday ulugʻ neʼmatni beruvchi Zotga hamdu sano aytishi, unga iymon keltirishi, ibodat qilib yashashi lozim.
Alloh tushirgan oʻsha suvda inson oʻziga foydali hayvonlarni
«...oʻtlatadigan daraxt bordir».
Oʻtgan oyatlarda hayvonlarning insonga beradigan manfaatlari aytib oʻtildi. Insonning oʻsha hayvonlarsiz bu dunyoda yashashi qiyin.
Hayvon oʻz nomi bilan hayvon–hayoti-joni bor narsa. Ularning tirikligi uchun suv kerak, ozuqa kerak. Inson oʻziga turli manfaatlar keltiruvchi bu hayvonlarga suvni, ozuqani qayerdan olib beradi?
U bu ishda ham Alloh taologa muhtoj boʻladi. Alloh osmondan tushirgan suv bilan hayvonlarni sugʻoradi. Alloh tushirgan suv sababi ila oʻsgan oʻt-oʻlanlar, oʻsimliklar va daraxtlar bilan hayvonlarni ozuqalantiradi. Binobarin, bular uchun ham inson Allohga hamdu sano aytishi, shukr qilishi, unga iymon keltirib, ibodat etishi lozim.