وَعَلَى ٱللَّهِ قَصْدُ ٱلسَّبِيلِ وَمِنْهَا جَآئِرٌ ۚ وَلَوْ شَآءَ لَهَدَىٰكُمْ أَجْمَعِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Yo`llarning maqsaddagisi Allohga oiddir. Ulardan egrisi ham bordir. Agar xohlasa, albatta, hammangizni hidoyat qilgan bo`lardi.Йўлларнинг мақсаддагиси Аллоҳга оиддир. Улардан эгриси ҳам бордир. Агар хоҳласа, албатта, ҳаммангизни ҳидоят қилган бўларди.Alauddin Mansour: Toʻgʻri Yoʻlga (hidoyat qilish) yolgʻiz Alloh izmidadir. (Zotan, yoʻllar) orasida egrisi ham bordir. Agar (Alloh) xohlaganida sizlarning barchangizni (Toʻgʻri Yoʻlga) hidoyat qilgan boʻlur edi. (Lekin U zot sizlarga qaysi yoʻl toʻgʻri va qaysi yoʻllar egri ekanini koʻrsatib, qay bir yoʻlni tanlash ixtiyorini oʻzlaringizga qoʻyib berdi va aql-idrok bilan Toʻgʻri Yoʻlni tanlab olgan baxtli bandalarini Oʻz xohish-irodasi bilan oʻsha Haq Yoʻlga hidoyat etishni vaʼda qildi, egri yoʻllarni tanlagan kimsalar esa har ikki dunyoda baxtsiz boʻlib, oʻzlariga ziyon qilishlari toʻgʻrisida xabar berdi).Тўғри Йўлга (ҳидоят қилиш) ёлғиз Аллоҳ измидадир. (Зотан, йўллар) орасида эгриси ҳам бордир. Агар (Аллоҳ) хоҳлаганида сизларнинг барчангизни (Тўғри Йўлга) ҳидоят қилган бўлур эди. (Лекин У зот сизларга қайси йўл тўғри ва қайси йўллар эгри эканини кўрсатиб, қай бир йўлни танлаш ихтиёрини ўзларингизга қўйиб берди ва ақл-идрок билан Тўғри Йўлни танлаб олган бахтли бандаларини Ўз хоҳиш-иродаси билан ўша Ҳақ Йўлга ҳидоят этишни ваъда қилди, эгри йўлларни танлаган кимсалар эса ҳар икки дунёда бахтсиз бўлиб, ўзларига зиён қилишлари тўғрисида хабар берди).
Bu dunyoda hissiy yoʻllarga oʻxshab, maʼnaviy yoʻllar ham koʻpdir. Oʻsha maʼnaviy yoʻllar ichida yaxshisi ham, yomoni ham bor:
«Yoʻllarning maqsaddagisi Allohga oiddir».
Eng toʻgʻri yoʻl, yaʼni, maqsadga erishtiradigan, ikki dunyo saodatiga olib boradigan yoʻl–Alloh yoʻlidir.
«Ulardan egrisi ham bordir.»
Toʻgʻri yoʻldan egilib, notoʻgʻri tomonga burilib ketgan yoʻllar ham bor. Ular maqsadga olib bormaydi. Ikki dunyoning badbaxtligiga eltadi.
«Agar xohlasa, albatta, hammangizni hidoyat qilgan boʻlardi.»
Agar Alloh xohlasa, ey odamlar, hammangizni Oʻzining toʻgʻri yoʻliga hidoyat qilar edi. Hammangizni shu yoʻldan boshqa yoʻlga bora olmaydigan qilib, farishtalarga oʻxshatib yaratar yoki majbur qilib, shu yoʻlga yurgizar edi. Lekin unday qilgani yoʻq. Sizlarga ham hidoyatga, ham zalolatga yurish qobiliyatini berdi. Insonga aql berib, taʼlimotlarini yubordi-da, ixtiyor erkinligini ham ato etdi. Shu bois, baʼzilar hidoyatga, baʼzilar zalolatga ketadigan boʻldi. Ammo, hammasi ham Allohning mutlaq irodasi ostida boʻladi.
Kelgusi oyatlarda yana Allohning yaratguvchi va neʼmat berguvchi Zot ekaniga dalolat etadigan narsalar zikr qilinadi: