مَن كَفَرَ بِٱللَّهِ مِنۢ بَعْدِ إِيمَـٰنِهِۦٓ إِلَّا مَنْ أُكْرِهَ وَقَلْبُهُۥ مُطْمَئِنٌّۢ بِٱلْإِيمَـٰنِ وَلَـٰكِن مَّن شَرَحَ بِٱلْكُفْرِ صَدْرًا فَعَلَيْهِمْ غَضَبٌ مِّنَ ٱللَّهِ وَلَهُمْ عَذَابٌ عَظِيمٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Kim iymondan so`ng Allohga kufr keltirsa, — qalbi iymon ila orom topa turib zo`rlanganlar bundan mustasno — kim ko`ksini kufrga ochsa, bas, ularga Allohdan g`azab bor. Ularga ulkan azob bor.Ким иймондан сўнг Аллоҳга куфр келтирса, — қалби иймон ила ором топа туриб зўрланганлар бундан мустасно — ким кўксини куфрга очса, бас, уларга Аллоҳдан ғазаб бор. Уларга улкан азоб бор.Alauddin Mansour: Kim Allohga iymon keltirganidan keyin (yana qaytib) kofir boʻlsa, (Allohning gʻazabiga duchor boʻlur). Lekin kim qalbi iymon bilan orom olgani holda (kufr kalimasini aytishga) majbur qilinsa, (uning iymoniga ziyon yetmas). Ammo kimning koʻngli kufr bilan (yaʼni, dindan chiqib, kofir boʻlish bilan) yoziladigan boʻlsa, bas, unday kimsalarga Alloh tomonidan gʻazab va ulugʻ azob bordir.Ким Аллоҳга иймон келтирганидан кейин (яна қайтиб) кофир бўлса, (Аллоҳнинг ғазабига дучор бўлур). Лекин ким қалби иймон билан ором олгани ҳолда (куфр калимасини айтишга) мажбур қилинса, (унинг иймонига зиён етмас). Аммо кимнинг кўнгли куфр билан (яъни, диндан чиқиб, кофир бўлиш билан) ёзиладиган бўлса, бас, ундай кимсаларга Аллоҳ томонидан ғазаб ва улуғ азоб бордир.
Islom dini yangi kelgan davrda Makka kofirlari oz sonli musulmonlarni misli koʻrilmagan qiynoqlarga, azob-uqubatlarga soldilar. Kofirlarning bu ishlardan koʻzlagan birdan-bir maqsadlari moʻminlarni iymondan qaytarib yana kofir qilish edi. Ammo musulmonlar bu azoblarga sabr qilish bilan insoniyat tarixi sahifalariga oltin harflar bilan yoziladigan namunalar koʻrsatdilar. Mushriklar Hazrati Bilol roziyallohu anhuni turli yoʻllar bilan azobladilar. Misol uchun, u kishini shiddatli issiq paytida chalqancha yotqizib, koʻksilariga kun issigʻida qizib turgan ogʻir xarsang toshlar qoʻyib, yo dindan qaytishni, yoki shu holatda oʻlib ketishni taklif etdilar. Hazrati Bilol esa: «Ahad, Ahad» degan soʻzlarni takrorladilar, xolos.
Shuningdek, boshqa musulmonlar ham qattiq qiynoqlarga chidadilar.
Mushriklar sahobalardan Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu va u kishining otalari Yosir roziyallohu anhu hamda onalari Sumayya roziyallohu anholarni ham tutib kelib, dindan qaytarish uchun qattiq azobladilar. Ular azoblarga chidam bilan sabr qilib, iymonlaridan qaytishga koʻnmadilar. Sumayya roziyallohu anhoning ikki oyoqlarini qoziqqa bogʻlab, avrat joylariga nayza sanchdilar. Soʻngra, Ammorning otasi Yosir roziyallohu anhuni ham oʻldirdilar. Bu ikki ulugʻ inson–eru xotin Islom yoʻlida, iymon uchun birinchi shahidlar boʻlish sharafiga erishdilar. Ammorning koʻz oʻngida ham onasini, ham otasini oʻldirgan mushriklar uni ham oʻldirishga qasd qilganlarida uning ogʻzidan kofirlarni rozi etadigan gap chiqdi. Shunda, mushriklar uni oʻldirmadilar. Odamlar Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
«Ey, Allohning Rasuli, Ammor murtad boʻldi», dedilar. Bunga javoban Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Yoʻq! Ammor boshidan tovonigacha iymonga toʻliqdir. Iymon uning etiga ham, qoniga ham singib ketgandir», dedilar.
Ammor ibn Yosir roziyallohu anhuning oʻzlari ham yigʻlagan holda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, boʻlib oʻtgan ishlarni aytib:
«Endi nima boʻladi?» deb soʻradilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishiga:
«Qalbingni qandoq sezmoqdasan?» dedilar. Ammor roziyallohu anhu:
«Iymonga oromli», dedi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«Agar ular takrorlasalar, sen ham takrorlagin», dedilar.
Alloh taolo ana shu hodisadan soʻng biz oʻrganayotgan mazkur oyati karimani nozil qildi. Undan koʻrinib turibdiki, iymondan keyin kufrga qaytib murtad boʻlish ulkan gunohdir. Kim iymonga kelganidan soʻng Allohga kufr keltirsa, koʻksini kufrga ochsa, u Allohning gʻazabi va ulkan azobiga duchor boʻladi. Faqat bir toifa odamlargina bundan mustasno boʻladilar.
«...qalbi iymon ila orom topa turib zoʻrlanganlar bundan mustasno...»
Ammor ibn Yosir roziyallohu anhuga oʻxshab, qalbi iymonga toʻliq boʻlgani holda, muhaqqaq oʻlimdan qutulish uchungina oʻzini iymondan qaytgan qilib koʻrsatishsa, joiz. Shuningdek, Hazrati Bilol roziyallohu anhu kabi chidab turaversa ham, joiz.
Islom tarixiga nazar soladigan boʻlsak, hazrati Bilol roziyallohu anhuga oʻxshashga intilgan kishilarni koʻproq koʻramiz.
Mashhur tafsirchilardan Ibn Kasir sahobalardan biri, Abdulloh ibn Huzofa roziyallohu anhu haqida quyidagilarni rivoyat qiladi. U kishi rumliklarga asir tushibdi. Uni podshohlari oldiga olib borishibdi. Podshoh unga:
«Nasroniy boʻl, seni mulkimga sherik qilaman va qizimga uylab qoʻyaman», debdi. U kishi esa:
«Agar hamma mulkingni va arablarning hamma mulkini bersang ham, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning dinlarini bir lahzaga ham tark qilmayman», deb javob beribdi.
«Unda, seni oʻldiraman», debdi Rum podshohi.
«Bilganingni qil», debdi Abdulloh ibn Huzofa roziyallohu anhu.
Shunda podshohning amri bilan u kishi osib qoʻyilib, kamonchilar unga tegar-tegmas holda oʻq otib turishibdi. Podshoh yana sahobiyga nasroniylik dinini taklif etibdi. Qabul qilmaganlaridan keyin osgan joyidan qaytarib tushirishibdi. Podshoh katta qozonni qizdirishni amr qilibdi. Qozon rosa qiziganda bir musulmon asirni olib kelib unga tashlashgan ekan, asir bir zumda jizgʻanak boʻlib qolibdi. Podshoh Abdulloh ibn Huzofa roziyallohu anhuga yana nasroniylikni qabul etishni taklif qilibdi. U kishi yana bosh tortibdilar. Shunda podshoh uni qozonga tashlashga buyuribdi. Jallodlar uni qozonga yaqinlashtirganda, yigʻlabdi. Podshoh, endi qabul etsa kerak, deb umid qilib, huzuriga chaqirib, nimaga yigʻlayotganini soʻrabdi. U kishi roziyallohu anhu:
«Allohning yoʻlida qozonga tashlanayotgan jonim bittagina boʻlganidan, tanamdagi tukim sonicha boʻlmaganidan yigʻlamoqdaman», degan ekanlar.
Musaylamatul Kazzob oʻz qoʻliga tushgan Habib ibn Zayd roziyallohu anhuga:
«Muhammad Allohning Rasuli, deb guvohlik berasanmi?» dedi.
«Guvohlik beraman», dedi Habib ibn Zayd roziyallohu anhu.
«Mening Allohning Rasuli ekanimga guvohlik berasanmi?» dedi Musaylamatul Kazzob.
«Eshitmayapman», dedi Habib ibn Zayd roziyallohu anhu.
Musaylamatul Kazzob uning etidan bir parcha kesib turib yana soʻradi. U yana:
«Eshitmayapman», dedi. Musaylamatul Kazzob uning tanasidan parcha-parcha qilib kesaverdi. Habib ibn Zayd roziyallohu anhu oʻlgunicha sobit turaverdi.
Ulamolarimiz: musulmon odam uchun dinu diyonat, iymon yoʻlida kofirlarning azobiga chidash aziymatdir, asl hukmdir; jonni saqlash uchun qalbi iymonga toʻla turib, tili bilan gap aytib qutulish ruxsatdir, deyishadi.
Muhaddis ulamolarimiz Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan: «Kim dinini almashtirsa, uni qatl etinglar», degan hadisni rivoyat qilganlar.
Imom Ahmad ibn Hanbal Abu Burda roziyallohu anhudan quyidagi rivoyatni keltiradilar: «Muoz ibn Jabal Yamanga Abu Musoning oldiga borsa, uning yonida bir odam turgan ekan.
«Bu odam kim?» deb soʻradi Muoz.
«Asli yahudiy, keyin musulmon boʻlgan edi. Endi yahudiylikka qaytdi. Biz uning Islomda qolishini xohlaymiz. Ikki oydan beri shu hol», dedi Abu Muso. Shunda Muoz ibn Jabal:
«Allohga qasamki, boʻynini chopmagunlaringcha oʻtirmayman», dedi.
Soʻngra Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu: «Alloh va Uning Rasuli «Kim dinidan qaytsa, uni qatl qilinglar», deb hukm chiqargan», dedi.
Chunki, aqiyda masalasi ulugʻ masaladir. Bunda murosasozlik va loqaydlik boʻlishi mumkin emas. Bugun bir dinni tutib, ertaga boshqa dinga jurʼat qilgan kimsaning Islomga keltiradigan zarari cheksizdir. Shuning uchun, murtadga nisbatan Islom shariatida shunday murosasiz hukm chiqarilgan.
Keyingi oyatlarda esa, oʻsha, iymondan soʻng Allohga kufr keltirgan murtadlarga tegishli boshqa gaplar aytiladi: