هَلْ يَنظُرُونَ إِلَّآ أَن تَأْتِيَهُمُ ٱلْمَلَـٰٓئِكَةُ أَوْ يَأْتِىَ أَمْرُ رَبِّكَ ۚ كَذَٰلِكَ فَعَلَ ٱلَّذِينَ مِن قَبْلِهِمْ ۚ وَمَا ظَلَمَهُمُ ٱللَّهُ وَلَـٰكِن كَانُوٓا۟ أَنفُسَهُمْ يَظْلِمُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ular o`zlariga (o`lim) farishtalari yoki Robbingning (azob) amri kelishiga intizor bo`lib turibdilarmi? Ulardan oldingilar ham shunday qilgan edilar. Alloh ularga zulm qilmadi. Lekin ular o`zlariga zulm qilgan edilar.Улар ўзларига (ўлим) фаришталари ёки Роббингнинг (азоб) амри келишига интизор бўлиб турибдиларми? Улардан олдингилар ҳам шундай қилган эдилар. Аллоҳ уларга зулм қилмади. Лекин улар ўзларига зулм қилган эдилар.Alauddin Mansour: (Kofirlar esa) faqat oʻzlariga (oʻlim) farishtalari kelishini yoki Parvardigoringizning amri — azobi kelishini kutarlar. Ulardan avval oʻtgan (kofir) kimsalar ham mana shunday qilgan edilar (yaʼni, oʻzlariga kelgan paygʻambarlarni yolgʻonchi qilishib, halokatga duchor boʻlgan edilar). Ularga Alloh jabr qilgani yoʻq, balki ular (oʻzlari) oʻz jonlariga jabr qilguvchi boʻldilar.(Кофирлар эса) фақат ўзларига (ўлим) фаришталари келишини ёки Парвардигорингизнинг амри — азоби келишини кутарлар. Улардан аввал ўтган (кофир) кимсалар ҳам мана шундай қилган эдилар (яъни, ўзларига келган пайғамбарларни ёлғончи қилишиб, ҳалокатга дучор бўлган эдилар). Уларга Аллоҳ жабр қилгани йўқ, балки улар (ўзлари) ўз жонларига жабр қилгувчи бўлдилар.
Mushriklar iymon keltirmasdan, ibodat qilmasdan nimaga intizor boʻlib turibdilar? Albatta, yaxshilikka intizor boʻlmayotgandirlar? Ularning bunga haqlari ham yoʻq. Bu ish mantiqqa ham toʻgʻri kelmaydi.
«Ular oʻzlariga (oʻlim) farishtalari yoki Robbingning (azob) amri kelishiga intizor boʻlib turibdilarmi?»
Ular ikki narsani kutishlari mumkin, xolos.
Birinchisi:
Oʻlim farishtalari kelib, ularning jonlarini olishlariga intizor boʻlishlari.
Ikkinchisi: Allohning azob haqidagi amri kelib, azob-uqubatga qolishlariga intizor boʻlishlari.
Boshqa intizor boʻladigan narsalari yoʻq. Bunday holga faqat ularning oʻzlarigina tushgan emas.
«Ulardan oldingilar ham shunday qilgan edilar.»
Ulardan oldin oʻtgan mushrik va kofirlar ham bularga oʻxshab shirk va kufr keltirib qoʻyib, intizor turishgan edi. Shunda, oʻlim farishtalari baʼzilarining jonlarini olgach, doʻzaxga kiritilgan edilar. Baʼzilariga Allohning azobi yetgandan soʻng, doʻzaxga ravona boʻlgan edilar. Bu bilan:
«Alloh ularga zulm qilmadi. Lekin ular oʻzlariga zulm qilgan edilar».
Alloh ularga yaxshilik yoʻlini ochib qoʻydi. Aql-idrok berdi. Ogohlantiruvchilar yubordi. Tavba qilishlari uchun fursat ham berdi. Ammo ular shirk va kufr yoʻlini ixtiyor etdilar va oqibatda oʻzlariga oʻzlari zulm qildilar.