وَقَالَ ٱلَّذِينَ أَشْرَكُوا۟ لَوْ شَآءَ ٱللَّهُ مَا عَبَدْنَا مِن دُونِهِۦ مِن شَىْءٍ نَّحْنُ وَلَآ ءَابَآؤُنَا وَلَا حَرَّمْنَا مِن دُونِهِۦ مِن شَىْءٍ ۚ كَذَٰلِكَ فَعَلَ ٱلَّذِينَ مِن قَبْلِهِمْ ۚ فَهَلْ عَلَى ٱلرُّسُلِ إِلَّا ٱلْبَلَـٰغُ ٱلْمُبِينُ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Shirk keltirganlar: «Agar Alloh xohlaganida, biz ham, ota-bobolarimiz ham undan o`zga hech narsaga ibodat qilmas edik hamda Uning hukmisiz biron narsani harom qilmagan bo`lar edik», dedilar. Ulardan oldingilar ham shunday qilganlar. Payg`ambarlar zimmasida faqat ochiq-oydin yetkazish bor, xolos.Ширк келтирганлар: «Агар Аллоҳ хоҳлаганида, биз ҳам, ота-боболаримиз ҳам ундан ўзга ҳеч нарсага ибодат қилмас эдик ҳамда Унинг ҳукмисиз бирон нарсани ҳаром қилмаган бўлар эдик», дедилар. Улардан олдингилар ҳам шундай қилганлар. Пайғамбарлар зиммасида фақат очиқ-ойдин етказиш бор, холос.Alauddin Mansour: Mushrik boʻlgan kimsalar: «Agar Alloh xohlaganida, biz (ham), ota-bobolarimiz (ham) Undan oʻzga biron narsaga ibodat qilmagan va Uning (hukmisiz) biron narsani harom qilmagan boʻlur edik», dedilar. Ulardan avval oʻtgan (kofir) kimsalar ham mana shunday qilgan edilar (yaʼni, oʻz ixtiyorlari bilan kufr yoʻlini tanlab, soʻngra: «Bizning kofirligimizga Allohning Oʻzi sabab», deb Alloh taolo shaʼniga tuhmat qilgan edilar). Paygʻambarlar zimmasida (odamlarni majburan dinga kirgizish emas, balki) faqat (Alloh nozil qilgan vahiyni) ochiq-oydin yetkazish bordir.Мушрик бўлган кимсалар: «Агар Аллоҳ хоҳлаганида, биз (ҳам), ота-боболаримиз (ҳам) Ундан ўзга бирон нарсага ибодат қилмаган ва Унинг (ҳукмисиз) бирон нарсани ҳаром қилмаган бўлур эдик», дедилар. Улардан аввал ўтган (кофир) кимсалар ҳам мана шундай қилган эдилар (яъни, ўз ихтиёрлари билан куфр йўлини танлаб, сўнгра: «Бизнинг кофирлигимизга Аллоҳнинг Ўзи сабаб», деб Аллоҳ таоло шаънига туҳмат қилган эдилар). Пайғамбарлар зиммасида (одамларни мажбуран динга киргизиш эмас, балки) фақат (Аллоҳ нозил қилган ваҳийни) очиқ-ойдин етказиш бордир.
Mushriklar gunoh ishni qilib qoʻyib, «Hammasi Allohning irodasi bilan boʻlyapti» degan bahona, daʼvo bilan qutulmoqchi boʻladilar. Daʼvolariga koʻra, agar ular ham, ularning ota-bobolari ham shirk keltirgan boʻlsalar, Allohning xohishi ila shirk keltirganlar. Alloh halol qilgan baʼzi bir narsalarni harom degan boʻlsalar, Allohning irodasi bilan deganlar. Uning xohish-irodasi boʻlmaganida, ular shirk ham keltirmas, halol narsalarni harom ham qilmas edilar:
«Shirk keltirganlar:«Agar Alloh xohlaganida, biz ham, ota- bobolarimiz ham undan oʻzga hech narsaga ibodat qilmas edik hamda uning hukmisiz biron narsani harom qilmagan boʻlar edik», dedilar».
Bu nomaʼqul ishni faqatgina Makka mushriklari qilayotganlari yoʻq:
«Ulardan oldingilar ham shunday qilganlar».
Bu kabi tushunish Allohning xohishi va irodasini notoʻgʻri talqin qilishdir. Agar ularning daʼvolari toʻgʻri boʻlsa, Alloh insonga bergan eng muhim xususiyat, yaʼni aqlni ishlatib yaxshi narsani ixtiyor qilish xususiyati behudaga chiqar edi. Alloh taolo hech qachon bandalariga shirkni ham, halolni haromga chiqarishni ham ravo koʻrmaydi. Bu maʼno Qurʼonda qayta-qayta taʼkidlangan.
Alloh taolo insonni hidoyatga ham, zalolatga ham qobiliyatli qilib yaratdi. Soʻngra, xohlagan yoʻlini tanlashni ixtiyoriga havola etdi. Shunga yarasha ularga aql va sezgi aʼzolarini berdi. Shuningdek, Paygʻambarlar yubordi, kitoblar nozil qildi va shariatlar joriy etdi.
«Paygʻambarlar zimmasida faqat ochiq-oydin yetkazish bor, xolos.»
Ular hech kimni majburlamaydi, urmaydi, soʻkmaydi. Ularning vazifasi shirinsuxanlik bilan Allohning taʼlimotlarini bandalariga ochiq-oydin yetkazish, xolos. Ular Allohga sigʻinishga va unga shirk keltirmaslikka targʻib qiladilar. Agar mushriklar daʼvo etganidek, shirk ham, halolni harom qilish ham Allohning xohish-irodasi ila boʻladigan boʻlsa, Paygʻambar yuborishning nima foydasi bor?
Aslida, har bir ummatga Paygʻambar yuborilib, Allohning xohish-irodasi nimadan iborat ekani ularga tushuntirilgan: