وَإِنَّ لَكُمْ فِى ٱلْأَنْعَـٰمِ لَعِبْرَةً ۖ نُّسْقِيكُم مِّمَّا فِى بُطُونِهِۦ مِنۢ بَيْنِ فَرْثٍ وَدَمٍ لَّبَنًا خَالِصًا سَآئِغًا لِّلشَّـٰرِبِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Chorva hayvonlarida ham siz uchun, albatta, ibrat bordir. Biz sizlarni ularning qornidan, go`ng va qon orasidan ichuvchilar(tomog`i)dan oson o`tuvchi sof sut ila sug`oramiz.Чорва ҳайвонларида ҳам сиз учун, албатта, ибрат бордир. Биз сизларни уларнинг қорнидан, гўнг ва қон орасидан ичувчилар(томоғи)дан осон ўтувчи соф сут ила суғорамиз.Alauddin Mansour: Darvoqeʼ, sizlar uchun chorva hayvonlarida ham bir ibrat bordir. Biz sizlarni ularning qorinlaridagi najosat va qon oralaridan ichuvchilar uchun oʻtimli taʼmli boʻlib chiqqan narsa — toza sut bilan sugʻorurmiz.Дарвоқеъ, сизлар учун чорва ҳайвонларида ҳам бир ибрат бордир. Биз сизларни уларнинг қоринларидаги нажосат ва қон ораларидан ичувчилар учун ўтимли таъмли бўлиб чиққан нарса — тоза сут билан суғорурмиз.
Chorva hayvonlariga — qoʻy, echki, sigir yoki tuyaga boqsangiz ham, Allohning yagona iloh ekaniga dalolat qiluvchi belgilarni koʻrasiz. Ularning yaratilishi va ularga tegishli son-sanoqsiz moʻʼjizalarni bir tomonga qoʻyib turing-da, ulardan sut chiqishiga bir nazar soling. Biz sizlarni chorva hayvonlari qornidan chiqadigan sut bilan sugʻoramiz. Oʻsha tomogʻingizdan osongina oʻtadigan, musaffo sut chorva hayvonining qornidan tomirlariga oʻtuvchi qon va tashqariga chiquvchi goʻngning orasidan chiqadi. Hayvon yegan ozuqa uning qorniga tushadi, hazm boʻlish jarayonida baʼzisi qonga aylanib, tomirlariga oʻtadi, baʼzisi sutga aylanib, yeliniga keladi. Qolgani axlatga aylanib, tashqariga chiqadi.
Buni Allohdan oʻzga hech kim qila olmaydi, albatta. Ushbu oyat nozil boʻlganidan tortib, yaqin-yaqinlargacha odamlar sutning qon bilan goʻng orasidan chiqishini anglamas edilar. Mazkur haqiqatni endigina tushunib yetmoqdalar. Bu narsa Qurʼonning ilohiy kitob ekaniga yorqin dalillardan biri emasmi? Bu narsa oʻsha Qurʼonni nozil qilgan Zot ilohu maʼbud boʻlishga haqli ekanini koʻrsatmaydimi?! Ozgina boʻlsa ham aqli bor odam uchun bu narsalarda bitmas-tuganmas dalillar bor.
Keyingi oyatda Allohning yagona ilohu maʼbud boʻlishga loyiqligini tasdiqlovchi yana bir dalil keltiriladi: