وَمَا مَنَعَنَآ أَن نُّرْسِلَ بِٱلْـَٔايَـٰتِ إِلَّآ أَن كَذَّبَ بِهَا ٱلْأَوَّلُونَ ۚ وَءَاتَيْنَا ثَمُودَ ٱلنَّاقَةَ مُبْصِرَةً فَظَلَمُوا۟ بِهَا ۚ وَمَا نُرْسِلُ بِٱلْـَٔايَـٰتِ إِلَّا تَخْوِيفًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Bizni oyat-mo`'jizalarni yuborishimizdan faqat avvalgilarning ularni yolg`onga chiqarganlari man qildi. Samudga tuyani ko`z ochuvchi (mo`'jiza) qilib berdik. Bas, uning sababidan (o`zlariga) zulm qildilar. Biz oyat-mo`'jizalarni faqat qo`rqitish uchungina yuboramiz.Бизни оят-мўъжизаларни юборишимиздан фақат аввалгиларнинг уларни ёлғонга чиқарганлари ман қилди. Самудга туяни кўз очувчи (мўъжиза) қилиб бердик. Бас, унинг сабабидан (ўзларига) зулм қилдилар. Биз оят-мўъжизаларни фақат қўрқитиш учунгина юборамиз.Alauddin Mansour: (Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom, mushriklar sizdan talab qilgan) oyat-moʻʼjizalarni yuborishdan Bizni faqat avvalgi ummatlar u (moʻʼjizalarni) yolgʻon deganlarigina qaytardi. Samud qabilasiga ochiq (moʻʼjiza boʻlgan) tuyani ato etganimizda uni inkor etdilar (va oqibatda qirilib ketdilar). Biz moʻʼjizalarni faqat (bandalarimizni halokatdan) qoʻrqitish uchungina yuborurmiz.(Эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом, мушриклар сиздан талаб қилган) оят-мўъжизаларни юборишдан Бизни фақат аввалги умматлар у (мўъжизаларни) ёлғон деганларигина қайтарди. Самуд қабиласига очиқ (мўъжиза бўлган) туяни ато этганимизда уни инкор этдилар (ва оқибатда қирилиб кетдилар). Биз мўъжизаларни фақат (бандаларимизни ҳалокатдан) қўрқитиш учунгина юборурмиз.
Hozir Makka mushriklari lol qoldiruvchi oyat-moʻʼjiza talab qilayotgan boʻlsalar ham, ularning talabi boʻyicha mazkur oyat-moʻʼjizalarni yubormayotganimizning sababi avvalgi ummatlar ham shunday moʻʼjizalarni talab qilishib, ularni keltirganimizda, moʻʼjizalarni yolgʻonga chiqarib, iymon keltirmay, kofirligicha qolganlaridir. Quraysh kofirlari ham, xuddi oʻzlaridan oldingi kofirlarga oʻxshab, oyat-moʻʼjizalarni koʻrsa ham, iymonga kelmasliklari turgan gap. Bu masalaning bir tomoni. Ikkinchi tomoni esa, talabga binoan moʻʼjiza keltirilgandan keyin ham iymonga kelmagan qavmni Alloh taolo tag-tomiri bilan yoʻq qilib yuborishi kerak. Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatlari oxirgi ummat boʻlganlari uchun ularni butunlay halok etishni Alloh iroda qilmagan. Bu ummat qiyomatgacha turishi kerak. Ha,
«Bizni oyat-moʻʼjizalarni yuborishimizdan faqat avvalgilarning ularni yolgʻonga chiqarganlari man qildi».
Shunga koʻra, ularning talabiga binoan moʻʼjiza yuborilmaydi. Balki, tushuntirish ishlari olib boriladi. Oʻtgan ummatlardan moddiy-hissiy moʻʼjiza talabgorlarining oqibati nima boʻlganini oʻylab koʻrishga daʼvat qilinadi. Misol uchun aytadigan boʻlsak:
«Samudga tuyani koʻz ochuvchi (moʻʼjiza) qilib berdik».
Solih alayhissalomning qavmi Samud ham Allohning Paygʻambariga iymon keltirmay, moʻʼjiza talab qilgan edilar. Shunda Alloh taolo ularga xarsang toshdan moʻʼjiza oʻlaroq bir tuya chiqarib berdi. Bu tuya ularning gʻaflat koʻzlarini ochuvchi moʻʼjiza edi. Lekin ular talablariga koʻra yuborilgan moʻʼjizaga ishonmadilar. U tuyani soʻydilar.
«Bas, uning sababidan (oʻzlariga) zulm qildilar.»
Oqibatda Alloh taolo u qavmni halok qildi.
«Biz oyat-moʻʼjizalarni faqat qoʻrqitish uchungina yuboramiz.»
Odamlar oʻsha oyat-moʻʼjizalarning ketidan halokat kelishidan qoʻrqsinlar va shunga binoan oʻzlarini oʻnglasinlar.
Alloh taolo oʻtgan Paygʻambarlarga ularning haq ekanliklarini tasdiqlovchi moʻʼjizalar berdi. Baʼzilariga qavmlarining talablariga binoan ham moʻʼjiza koʻrsatdi. Har bir Paygʻambar oʻziga berilgan bosh moʻʼjiza bilan boshqalaridan ajralib turadigan boʻldi. Ular hammasi moddiy va hissiy moʻʼjizalar boʻlib, zamonlariga, sharoitlariga mos edi. Shu bilan birga, u moʻʼjizalar Paygʻambar alayhissalomlarning shaxsi va hayotlari bilan ham bogʻliq edi. Oʻsha Paygʻambarlarning hayoti tugasa, shaxsi bu dunyodan ketsa, moʻʼjiza ham tamom boʻlar edi.
Hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamning shariatlari oxirgi shariat boʻlgani, u kishining risolasi qiyomatgacha turishi lozimligi uchun, Alloh taolo u zot sollallohu alayhi vasallamning bosh moʻʼjizasini moddiy emas, maʼnaviy qildi, muvaqqat emas, abadiy qildi. Qurʼoni Karim Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bosh moʻʼjizalaridir. Bu moʻʼjiza u zot sollallohu alayhi vasallamning hayotlariga va shaxslariga bogʻliq emas. U kishidan keyin ham qiyomatgacha abadiy moʻʼjiza boʻlib turaveradi. Lekin bu degani, Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qurʼondan boshqa moʻʼjiza bermagan, degani emas. Alloh taolo Oʻzining anbiyolarining xotami Muhammad sollallohu alayhi vasallamga oʻtgan Paygʻambar alayhissalomlarga bergan moʻʼjizalarining koʻpini bergan. Lekin bu moʻʼjizalarga u kishining Paygʻambarliklarini tasdiqlovchi alomatlar sifatida qaralgan emas. Paygʻambarimizga berilgan moʻʼjizalar haqida alohida kitoblar ham bitilgan. Misol uchun, ushbu surada soʻz ketayotgan Isro va Meʼroj hodisalari avvalgi Paygʻambarlarga berilgan moʻʼjizalardan kam emas. Ammo bunga Paygʻambarlikni tasdiqlovchi alohida moʻʼjiza deb emas, balki Hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Alloh taologa yaqinliklarining oddiy misoli sifatida qaralgan.