وَإِذْ قُلْنَا لَكَ إِنَّ رَبَّكَ أَحَاطَ بِٱلنَّاسِ ۚ وَمَا جَعَلْنَا ٱلرُّءْيَا ٱلَّتِىٓ أَرَيْنَـٰكَ إِلَّا فِتْنَةً لِّلنَّاسِ وَٱلشَّجَرَةَ ٱلْمَلْعُونَةَ فِى ٱلْقُرْءَانِ ۚ وَنُخَوِّفُهُمْ فَمَا يَزِيدُهُمْ إِلَّا طُغْيَـٰنًا كَبِيرًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Biz senga: «Albatta, Robbing odamlarni ihota qilib o`rab olgandir», deganimizni esla. Biz senga ko`rsatgan narsalarni va Qur'onda la'natlangan daraxtni faqat odamlar uchun sinov qildik, xolos. Va ularni qo`rqitamiz. Bas, bu ular uchun katta tug`yondan boshqani ziyoda qilmas.Биз сенга: «Албатта, Роббинг одамларни иҳота қилиб ўраб олгандир», деганимизни эсла. Биз сенга кўрсатган нарсаларни ва Қуръонда лаънатланган дарахтни фақат одамлар учун синов қилдик, холос. Ва уларни қўрқитамиз. Бас, бу улар учун катта туғёндан бошқани зиёда қилмас.Alauddin Mansour: Eslang, (ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), Biz sizga Parvardigoringiz (barcha) odamlarni oʻrab-ihota qilib olgandir, degan edik. Biz sizga (Meʼroj kechasida koʻrsatgan) «Tush»ni va Qurʼonda laʼnatlangan (Zaqqum) daraxtini u odamlar uchun bir fitna-imtihon qildik, xolos. Biz (mushriklarni turli moʻʼjizalar bilan) qoʻrqiturmiz, ammo bu ularni battar tugʻyonga solur.Эсланг, (эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом), Биз сизга Парвардигорингиз (барча) одамларни ўраб-иҳота қилиб олгандир, деган эдик. Биз сизга (Меърож кечасида кўрсатган) «Туш»ни ва Қуръонда лаънатланган (Заққум) дарахтини у одамлар учун бир фитна-имтиҳон қилдик, холос. Биз (мушрикларни турли мўъжизалар билан) қўрқитурмиз, аммо бу уларни баттар туғёнга солур.
Ushbu oyatda Alloh taolo Paygʻambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga taskin berib, mushriklar talab qilgan moʻʼjizalarni yubormasa ham, baribir xotirjam boʻlishga ishora qilmoqda.
«Biz senga: «Albatta, Robbing odamlarni ihota qilib oʻrab olgandir», deganimizni esla.»
Oʻsha gap doimo kuchida turadi. Alloh doimo Oʻz ilmi ila odamlarni ihota qilib–oʻrab turadi. Jumladan, moʻʼjiza keltirishni talab qilib safsata sotayotgan mushriklarni ham oʻrab turadi. Ularning nima deyayotganiyu nima qilayotganini yaxshi biladi.
«Biz senga koʻrsatgan narsalarni va Qurʼonda laʼnatlangan daraxtni faqat odamlar uchun sinov qildik, xolos.»
Biz «koʻrsatgan narsalarni» deb tarjima qilgan ibora Qurʼoni Karim matnida «koʻrsatgan roʻyo» deb kelgan. Roʻyo–tush maʼnosini anglatgani uchun, koʻpchilik «Bu yerda Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam koʻrgan tush haqida gap ketayotibdi», deb oʻylab, «Alloh bu oyatda qaysi tushni iroda qilmoqda?» degan savolni berganlar. Bu savolga baʼzilar: Makka fathi toʻgʻrisidagi tushlari, desalar, boshqalar: Badr jangidan oldin koʻrgan tushlari iroda qilinmoqda, deganlar. Lekin bu gaplarni aytgan azizlar Makka fathi va Badr hodisalari, shuningdek, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ular haqida tush koʻrishlari ham ushbu biz oʻrganayotgan oyatdan keyin sodir boʻlganini unutib qoʻyganlar. Bu oyat Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga Makkada, u zot sollallohu alayhi vasallam Madiynaga hijrat qilishlaridan oldin nozil boʻlgan. Mazkur ikki hodisa va ular haqidagi tushlar esa, Madiynada, hijratdan keyin yuz bergan.
Baʼzi bir kishilar «koʻrgan roʻyo»ni «tush» deb tushunib «Isro tushda boʻlgan» deyishgacha borib yetgan va fitnaga uchragan.
Eʼtiborli ulamolarimiz «koʻrgan roʻyo»ning maʼnosini Isro va Meʼroj paytida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning koʻzlariga koʻrsatilgan narsalar, deb taʼviyl qilganlar. Darhaqiqat, Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Isro va Meʼrojda koʻplab narsalarni koʻrsatdi. Oʻsha «koʻrgan narsalari» koʻplarga sinov boʻldi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam Isro va Meʼroj kechasining ertasiga koʻrgan narsalarini odamlarga aytib berganlarida, moʻmin boʻlib yurgan baʼzilar murtad boʻlib, dindan qaytdilar. Oyatda aynan ana oʻsha iymon sinovi haqida soʻz ketmoqda. Isro va Meʼroj hodisasi haqiqiy iymon sinovi edi. Iymoni zaiflar bu sinovdan oʻta olmay, dindan qaytib kofir boʻldilar. Iymoni kuchlilarning iymoni yanada ziyoda boʻldi. Zarra ham shubha qilmagan Abu Bakr roziyallohu anhudek shaxs «Siddiq» unvoniga erishdi. Alloh odamlarni Oʻz ilmi ila ihota etib turishi yana bir bor namoyon boʻldi. U zot mushriklarning talablariga binoan moʻʼjiza tushirmayotgani bejiz emas ekan. Agar tushirganida ham iymonga kelmasliklari aniq ekan. Mana, Isro va Meʼroj hodisalari qaysi moʻʼjizadan kam? Har qanday moʻʼjizadan yuqori hodisa! Hech bir Paygʻambarga bunday voqea nasib etmagan. Agar mushriklarning moʻʼjiza talab qilayotganlari sidqidildan boʻlganida, yaʼni, Paygʻambarlik tasdigʻini koʻrib, soʻngra iymon keltirish niyatida boʻlganlarida edi, Isro va Meʼrojdan soʻng soʻzsiz iymonga kelardilar. Voqelikda esa, teskarisi boʻldi, yaʼni, ular iymondan yanada uzoqlashdilar. Bu ham yetmaganidek, baʼzi kishilar iymondan yuz oʻgirdilar.
«...va Qurʼonda laʼnatlangan daraxtni faqat odamlar uchun sinov qildik, xolos.»
Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning Isro va Meʼrojda koʻrgan narsalari odamlar uchun sinov boʻlganidek, Qurʼonda laʼnatlangan daraxt ham sinov boʻldi.
Imom Buxoriy va boshqa muhaddislar rivoyat qilishlaricha, Qurʼonda laʼnatlangan daraxtdan maqsad Zaqqum daraxtidir. Ushbu Zaqqum daraxti haqida «Soffaat» surasida: «...yoki Zaqqum daraxtimi? Darhaqiqat, Biz uni zolimlar uchun fitna qilib qoʻydik. Albatta, u doʻzax qaʼridan chiqadigan daraxtdir. Uning shingillari xuddi shaytonlarning boshlariga oʻxshaydi. Bas, albatta, ular undan yeguvchilardir va undan qorinlarini toʻldirguvchilardir. Soʻngra, albatta, ular uchun uning ustidan qaynoq suvli ichimlik boʻlur», deyilgan. Ushbu oyatdan ham Zaqqum daraxti nima uchun Qurʼonda laʼnatlangani aniq koʻrinib turibdi.
Yana, Zaqqum daraxti haqida «Duxon» surasida quyidagilar zikr qilinadi: «Zaqqum daraxti gunohkorlarning taomidir. U qoramoy kabi qorinlarida qaynar. Xuddi qaynoq suvdek», deyilgan. Bu oyatlar ham Zaqqum daraxti haqida maʼlumotlar bermoqda. Hamda uning naqadar yomon narsa ekanini yanada oydinlashtirmoqda.
Qurʼoni Karimning «Voqiʼa» surasida ham Zaqqum zikr qilingan. Alloh taolo oʻsha surada: «Soʻngra siz, ey adashtirguvchi va yolgʻonga chiqarguvchilar, Zaqqum daraxtidan yeguvchilardirsiz. Undan qorningizni toʻldirguvchidirsiz», deydi.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam Isro va Meʼroj kechasining ertasiga odamlarga Zaqqum daraxtini ham koʻrganlarini aytib berdilar. Mushriklar bu gapni yolgʻonga chiqardilar. Abu Jahl boʻlsa: «Muhammad sizlarni toshlarni ham kuydirib yuboradigan doʻzax oʻti bilan qoʻrqitayotgan edi. Endi esa, oʻsha olov ichida Zaqqum daraxti oʻsadi, demoqda», dedi.
Keyin xurmo va qaymoq olib kelishni buyurdi. Buyrugʻi ijobat boʻlgach esa: «Biz zaqqum deganda mana buni tushunamiz, bundan boshqa zaqqum yoʻq. Kelinglar, zaqqumga marhamat», deb xurmo va qaymoqni tanovul qila boshladi. Bu ishi oʻtaketgan beodoblik va istehzo edi.
Shunday qilib, Qurʼonda laʼnatlangan Zaqqum daraxti ham odamlar uchun sinov boʻldi. U toʻgʻridagi xabar tufayli baʼzi kishilar iymondan yanada nafratlanib, uzoqlashdilar. Zaqqum daraxti bilan kofirlarni qoʻrqitish ularning yanada tugʻyonga ketishiga sabab boʻldi. Shu bilan Alloh taolo odamlarni ihota qilib (oʻrab) turishini yana bir bor isbot etdi. U zot shuning uchun ham Makka mushriklari talabi ila Paygʻambarlikni tasdiqlovchi oyat-moʻʼjiza tushirishni istamay turgan ekan. Demakki, moʻʼjizani tushirgan chogʻida ham, kofirlar iymonga kelmas, balki yanada koʻproq undan nafrat qilar ekanlar. Zaqqum daraxti tufayli bir qancha odam dindan chiqqanligi ham shuni koʻrsatadi. Kofirlar va iymoni zaiflar har narsani oʻz tarozusi bilan oʻlchaydilar. Ularning fikricha, oʻt-olov bor joyda daraxt oʻsishi mumkin emas. Nega? Chunki olov bilan daraxt tabiatan bir-biriga zid narsalar emish. Lekin ular Alloh taolo har bir narsaga qodir ekanini unutib qoʻyishgan. Zotan, hoʻl, suvli yogʻochga yonish qobiliyatini bergan ham Allohning Oʻzi. Ibrohim alayhissalomga olovni sovuq va salomatlik qilib qoʻygan ham Allohning Oʻzi. Aslida, bunga oʻxshash misollar juda koʻp, tafakkur qilsalar, topar edilar. Ammo, ularning niyatlari buzuq, koʻngillari pok emas, shuning uchun, moʻʼjizalar ham ularga aks taʼsir qiladi.
«Va ularni qoʻrqitamiz. Bas, bu narsa ular uchun katta tugʻyondan boshqani ziyoda qilmas.»
Xoʻsh, talab qilingan moʻʼjizalar keltirildi, deylik. Ularni qanday qarshilashardi? Mana, Isro va Meʼroj hodisasi roʻy berdi, nima boʻldi? Ularni Zaqqum daraxti ila qoʻrqitish nima berdi? Kofir va mushriklarning yana ham koʻproq tugʻyonga ketishlariga sabab boʻldi, xolos. Agar Alloh taolo ularning talablariga binoan moʻʼjiza yuborganida, ularni halok qilishi kerak boʻlar edi. Ammo yubormadi. Bu ham odamlarni ihota qilib (oʻrab) olganligidandir. Chunki, kelajakda oʻsha moʻʼjiza talab qilgan mushriklarning koʻplari yaxshi musulmon boʻldilar. Qolganlarining zurriyotlaridan musulmonlar chiqdi.