إِنَّ هَـٰذَا ٱلْقُرْءَانَ يَهْدِى لِلَّتِى هِىَ أَقْوَمُ وَيُبَشِّرُ ٱلْمُؤْمِنِينَ ٱلَّذِينَ يَعْمَلُونَ ٱلصَّـٰلِحَـٰتِ أَنَّ لَهُمْ أَجْرًا كَبِيرًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Albatta, bu Qur'on eng to`g`ri yo`lga hidoyat qilur va yaxshi amallarni qiluvchi mo`minlarga, albatta o`shalarga, ulug` ajr borligi xushxabarini berur.Албатта, бу Қуръон энг тўғри йўлга ҳидоят қилур ва яхши амалларни қилувчи мўминларга, албатта ўшаларга, улуғ ажр борлиги хушхабарини берур.Alauddin Mansour: Albatta, bu Qurʼon eng Toʻgʻri Yoʻlga hidoyat qilur va yaxshi amallarni qiladigan moʻminlarga katta ajr-mukofot borligini(ng) xushxabar(ini) berur.Албатта, бу Қуръон энг Тўғри Йўлга ҳидоят қилур ва яхши амалларни қиладиган мўминларга катта ажр-мукофот борлигини(нг) хушхабар(ини) берур.
Alloh taolo Oʻzining soʻnggi ilohiy taʼlimotlarini qamrab olgan kitobini–Qurʼoni Karimni qiyomat kunigacha insoniyatni ikki dunyo saodatiga eltish uchun, eng toʻgʻri yoʻlga hidoyat qilish uchun nozil etdi.
«Albatta, bu Qurʼon eng toʻgʻri yoʻlga hidoyat qilur.»
Qurʼon hamma zamon va makondagi insonlarni ham bu dunyo, ham u dunyo saodatiga hidoyat qiladi. Inson hayotining hamma sohalarida uni eng toʻgʻri yoʻlga yoʻllaydi. Qurʼoni Karim hidoyati aqiyda, eʼtiqod, maʼnaviyat, qadriyat, ruhoniyat, mafkura bobidagi eng toʻgʻri hidoyatdir.
Qurʼoni Karim insonning oʻziga, Robbiga, boshqa insonlarga va uni oʻrab turgan turli maxluqotlarga nisbatan aloqasi qanday boʻlishining eng toʻgʻri yoʻlini koʻrsatadi.
Qurʼoni Karim insonning bu dunyodagi axloqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, oilaviy va siyosiy hayotini eng toʻgʻri yoʻlga boshlaydi.
Qurʼoni Karim hidoyati hammani oxirat saodatiga boshlovchi eng toʻgʻri hidoyatdir.
Qurʼoni Karimdan oʻzga toʻgʻri yoʻlga hidoyat qiluvchi hech bir kitob, mafkura, tuzum va dastur yoʻqdir. Faqat Qurʼoni Karimgina eng toʻgʻri yoʻlga hidoyat qila oladi. Chunki, borliqni yaratgan Zot ham, borliqda insonni oʻzining xalifasi qilib yaratgan Zot ham Allohdir. Borliq Allohning maxluqi, inson Allohning bandasi, Qurʼon esa, Allohning dasturi. Alloh Oʻzi yaratgan bandasini Oʻzi yaratgan borliqda Oʻzi nozil etgan kitobiga amal qilib yashasagina, ikki dunyo saodatiga erishtiradi. Alloh yaratgan borliqda Alloh yaratgan inson Alloh nozil qilgan Qurʼondan oʻzga eng toʻgʻri yoʻlga hidoyat qiluvchi narsani ikki dunyoda ham topa olmaydi. Shu bilan birga, Qurʼoni Karim:
«...yaxshi amallarni qiluvchi moʻminlarga, albatta, oʻshalarga, ulugʻ ajr borligi xushxabarini berur».
Demak, faqat moʻmin boʻlishning oʻzi kifoya qilmaydi, yaxshi amallar ham boʻlishi kerak. Shuningdek, yaxshi amallarning oʻzi ham kifoya qilmaydi, iymon boʻlishi kerak. Bu umumiy qoida. Iymonsiz yaxshi amal va yaxshi amalsiz iymon boʻlmaydi.
Bu umumiy qoidaning aks tomoni ham bor: