أُو۟لَـٰٓئِكَ ٱلَّذِينَ كَفَرُوا۟ بِـَٔايَـٰتِ رَبِّهِمْ وَلِقَآئِهِۦ فَحَبِطَتْ أَعْمَـٰلُهُمْ فَلَا نُقِيمُ لَهُمْ يَوْمَ ٱلْقِيَـٰمَةِ وَزْنًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ana o`shalar Robbilari oyatlariga va unga ro`baro` kelishga kufr keltirganlardir. Bas, ularning amallari habata bo`ldi. Qiyomat kuni ularga hech qanday vazn bermasmiz.Ана ўшалар Роббилари оятларига ва унга рўбарў келишга куфр келтирганлардир. Бас, уларнинг амаллари ҳабата бўлди. Қиёмат куни уларга ҳеч қандай вазн бермасмиз.Alauddin Mansour: Ular Parvardigorlarining oyatlarini va U zotga roʻbaroʻ boʻlishni inkor qilishib, butun ish-amallari behuda ketgan kimsalardir. Bas, Biz Qiyomat Kunida ular (qilib oʻtgan amallar) uchun hech qanday qadr-qiymat bermasmiz!Улар Парвардигорларининг оятларини ва У зотга рўбарў бўлишни инкор қилишиб, бутун иш-амаллари беҳуда кетган кимсалардир. Бас, Биз Қиёмат Кунида улар (қилиб ўтган амаллар) учун ҳеч қандай қадр-қиймат бермасмиз!
Yaʼni, yuqoridagi ikki oyatda tasvirlangan, amallari behuda ketadigan, juda yaxshi ishlarni qilmoqdamiz, deb gumon etsalar ham, bu dunyoning oʻzidayoq saʼyi-harakatlari botil boʻladigan kimsalar:
«Ana oʻshalar Robbilari oyatlariga va unga roʻbaroʻ kelishga kufr keltirganlardir».
Yaʼni, ular Allohning oyatlariga va qiyomat kuniga kufr keltirgan kimsalardir. Shuning uchun ham:
«...ularning amallari habata boʻldi».
Bir necha bor aytib oʻtilganidek, «habata» soʻzi aslida zaharli xashakni yeb qoʻygan hayvonning qorni shishib ketishi maʼnosini anglatadi. Sirtdan qaraganda, hayvon xashak yeb qornini toʻygʻazganga oʻxshaydi. Aslida esa, qorniga kirgan taomdan unga hech foyda boʻlmaydi. Balki, zarar yetadi. Hatto, qorni yorilib oʻlishi ham mumkin.
Shunga oʻxshash, kofir ham, sirtdan qaraganda, yaxshi ish qilayotganga oʻxshaydi. Lekin aslini olganda, u xuddi zaharli xashak tanovul qilayotgan hayvon kabi, behuda urinayotgan boʻladi. Qilayotgan amali zoye ketadi.
«Qiyomat kuni ularga hech qanday vazn bermasmiz.»
Yaʼni, qiyomat kuni kofirlarning hech qanday qadr-qiymati boʻlmaydi. Ularning bu dunyoda qilgan amallarining vazni ham boʻlmaydi. Chunki, Allohning nazdida hamma qadr-qiymat va amallarning vazni iymonga bogʻliq. Iymoni yoʻqning qadri ham yoʻq, qiymati ham yoʻq. Uning qilgan ishining vazni ham yoʻq.