أَمْ تُرِيدُونَ أَن تَسْـَٔلُوا۟ رَسُولَكُمْ كَمَا سُئِلَ مُوسَىٰ مِن قَبْلُ ۗ وَمَن يَتَبَدَّلِ ٱلْكُفْرَ بِٱلْإِيمَـٰنِ فَقَدْ ضَلَّ سَوَآءَ ٱلسَّبِيلِ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Yoki Payg`ambaringizdan, bundan avval Musodan so`ralganidek, savol so`rashni xohlaysizmi?! Kim iymonni kufrga almashtirsa, batahqiq, to`g`ri yo`ldan adashgan bo`lur.Ёки Пайғамбарингиздан, бундан аввал Мусодан сўралганидек, савол сўрашни хоҳлайсизми?! Ким иймонни куфрга алмаштирса, батаҳқиқ, тўғри йўлдан адашган бўлур.Alauddin Mansour: (Ey moʻminlar), yoki sizlar ham oʻz Paygʻambaringizdan, ilgari Musodan soʻralgan narsalarni soʻrashni istaysizmi ? Kim iymonga kufrni almashtirsa, albatta Toʻgʻri Yoʻldan adashadi.(Эй мўминлар), ёки сизлар ҳам ўз Пайғамбарингиздан, илгари Мусодан сўралган нарсаларни сўрашни истайсизми ? Ким иймонга куфрни алмаштирса, албатта Тўғри Йўлдан адашади.
Maʼlumki, yahudiylar bilib turib, qasddan turli savollarni berishar edi. Paygʻambarlari Muso alayhissalomdan boʻlgan-boʻlmagan narsalarni ham, chegaradan chiqqan savollarni ham soʻrayverar edilar. Ular, Allohni koʻrsat, osmondan taomning falondaqasini tushir, sigirni qanaqasiga soʻyamiz, kabi savollarni koʻp berishgan edi. Oʻtgan oyatlarda oʻsha savollari oxiri borib boshlariga yetganining xabari ila tanishib oʻtdik.
Alloh taolo musulmonlarni oʻsha yahudiylarga oʻxshab gʻarazli savollar berishdan qaytarmoqda:
«Yoki Paygʻambaringizdan, bundan avval Musodan soʻralganidek, savol soʻrashni xohlaysizmi?!» demoqda. U Zot bu bilan, Paygʻambar alayhissalomdan Muso alayhissalomdan Bani Isroil soʻragan narsalarga oʻxshash narsalarni soʻrashning yomonligini bayon qilyapti. Ayni vaqtda Alloh taolo bu ishni iymonni kufrga almashtirish, deb atayapti:
«Kim iymonni kufrga almashtirsa, batahqiq, toʻgʻri yoʻldan adashgan boʻlur».
Ushbu maʼnoni quvvatlab kelgan hadislarning birida Paygʻambarimiz alayhissalom, dedi-dedi gaplardan, molu dunyoni zoye qilishdan va koʻp savol berishdan qaytarganliklari aytiladi.
Ushbu koʻrsatmalarga sahobai kiromlar juda qoyillatib amal qilganlar.
Baro ibn Ozib roziyallohu anhu :
«Baʼzi narsalarni Rasuli akram alayhissolatu vassalomdan soʻray olmay, yil oʻtib ketardi. Aʼrobiylar kelib soʻrab qolsa edi, deb turar edik», deydilar.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu:
«Muhammad alayhissalomning sahobalaridan yaxshiroq qavmni koʻrmadim, u kishidan faqat oʻn ikkita savol soʻrashgan, barchasi Qurʼonda kelgan...», deganlar.
Koʻp savolning oqibati nima boʻlishini avval oʻtgan oyatlarda Bani Isroil tajribasida koʻrdik. Ushbu oyatda esa, bu ish - iymonni kufrga almashtirish, deb baholandi. Savol berib-berib, Bani Isroilning erishgan natijasi shu boʻldi. Endi ular igʻvo qilib, gap oʻrgatib, moʻmin-musulmonlarning ham oʻzlariga oʻxshashini xohlashlari haqida soʻz ketadi..