وَكَذَٰلِكَ جَعَلْنَـٰكُمْ أُمَّةً وَسَطًا لِّتَكُونُوا۟ شُهَدَآءَ عَلَى ٱلنَّاسِ وَيَكُونَ ٱلرَّسُولُ عَلَيْكُمْ شَهِيدًا ۗ وَمَا جَعَلْنَا ٱلْقِبْلَةَ ٱلَّتِى كُنتَ عَلَيْهَآ إِلَّا لِنَعْلَمَ مَن يَتَّبِعُ ٱلرَّسُولَ مِمَّن يَنقَلِبُ عَلَىٰ عَقِبَيْهِ ۚ وَإِن كَانَتْ لَكَبِيرَةً إِلَّا عَلَى ٱلَّذِينَ هَدَى ٱللَّهُ ۗ وَمَا كَانَ ٱللَّهُ لِيُضِيعَ إِيمَـٰنَكُمْ ۚ إِنَّ ٱللَّهَ بِٱلنَّاسِ لَرَءُوفٌ رَّحِيمٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Shuningdek, sizlarni odamlar ustidan guvoh bo`lishingiz va Payg`ambar sizlarning ustingizdan guvoh bo`lishi uchun o`rta millat qildik. Sen avval yuzlangan qiblani, faqat, ortga burilib ketadiganlar kim-u, Payg`ambarga ergashuvchilar kim ekanini bilish uchungina qilganmiz. Garchi bu ish Alloh hidoyatga solganlardan boshqalarga og`ir bo`lsa ham. Alloh iymoningizni zoye qilmas. Albatta, Alloh odamlarga mehribon va rahimlidir.Шунингдек, сизларни одамлар устидан гувоҳ бўлишингиз ва Пайғамбар сизларнинг устингиздан гувоҳ бўлиши учун ўрта миллат қилдик. Сен аввал юзланган қиблани, фақат, ортга бурилиб кетадиганлар ким-у, Пайғамбарга эргашувчилар ким эканини билиш учунгина қилганмиз. Гарчи бу иш Аллоҳ ҳидоятга солганлардан бошқаларга оғир бўлса ҳам. Аллоҳ иймонингизни зое қилмас. Албатта, Аллоҳ одамларга меҳрибон ва раҳимлидир.Alauddin Mansour: Shuningdek, (yaʼni, Haq yoʻlga hidoyat qilganimiz kabi), sizlarni boshqa odamlar ustida guvoh boʻlishingiz va Paygʻambar sizlarning ustingizda guvoh boʻlishi uchun oʻrta (adolatli) bir millat qildik. Siz ilgari qaragan qiblani Biz faqatgina kim paygʻambarga ergashib, kim orqasiga qaytib ketishini bilish uchun qilganmiz, xolos. Shubhasiz, bu ogʻir ish. Magar Alloh hidoyat qilgan zotlargagina (ogʻir emasdir). Alloh iymonlaringizni (yaʼni, iymon bilan oʻqigan namozlaringizni) zoye qilguvchi emas. Albatta, Alloh odamlarga mehribon va rahmlidir.Шунингдек, (яъни, Ҳақ йўлга ҳидоят қилганимиз каби), сизларни бошқа одамлар устида гувоҳ бўлишингиз ва Пайғамбар сизларнинг устингизда гувоҳ бўлиши учун ўрта (адолатли) бир миллат қилдик. Сиз илгари қараган қиблани Биз фақатгина ким пайғамбарга эргашиб, ким орқасига қайтиб кетишини билиш учун қилганмиз, холос. Шубҳасиз, бу оғир иш. Магар Аллоҳ ҳидоят қилган зотларгагина (оғир эмасдир). Аллоҳ иймонларингизни (яъни, иймон билан ўқиган намозларингизни) зое қилгувчи эмас. Албатта, Аллоҳ одамларга меҳрибон ва раҳмлидир.
Alloh taolo ushbu oyati karimada musulmonlarni oʻrta ummat qilganini eʼlon qilmoqda. Biz «oʻrta» deb tarjima qilgan soʻz arabchada «vasat» deb kelgan, u yaxshi, oʻrta, markaz va adolatli maʼnolarini anglatadi. «Oʻrta» maʼnoda koʻproq ishlatilgani uchun tarjimaga shu maʼno ixtiyor qilindi. Oʻrtani yaxshi deyilayotganiga bois shuki, chetlar chet boʻlgani uchun ham har xil taʼsirlarga koʻp uchraydi va buzilish ehtimoli koʻproq. Ammo oʻrta buzilmay, yaxshi holicha qoladi. Oʻrtaga adolat maʼnosi berilishining sababi esa, «oʻrta» atroflarga nisbatan bir xil turadi, biror tomonga ogʻib, adolatni buzmaydi.
Oyatdan «xuddi sizlar oʻzlaringiz oʻrta ummat boʻlganingiz uchun qiblalaringizni ham shundoq qildik», degan maʼno chiqadi.
Ushbu oyati karima tushgan paytda odamlar bilmagan maʼlumotlar hozirda ayon boʻldi. Yaʼni, Qurʼoni Karimning baʼzi oyatlaridagi maʼnoni mulohaza qilgan musulmon jugʻrofiya olimlari ilmiy izlanishlar olib borib, musulmonlarning qiblasi boʻlmish Makkai Mukarrama yer yuzidagi quruqlikning markazi, oʻrtasi ekanini aniqladilar. Oradan oʻn toʻrt asr oʻtib kashf etilgan bu ilmiy haqiqat asosida qiblani aniqlaydigan asbob ham yaratildi. Demak, oyati karima, siz oʻzingiz oʻrta ummat boʻlganingiz uchun qiblangizni ham oʻrta qibla qildik, degan maʼnoni beradi.
«Shuningdek, sizlarni odamlar ustidan guvoh boʻlishingiz va Paygʻambar sizlarning ustingizdan guvoh boʻlishi uchun oʻrta millat qildik.»
Demak, Islom ummatining oʻrta ummat boʻlishining yana bir sababi–odamlar ustidan guvoh etib tanlanganida ekan. Islom ummati oʻrta, yaxshi, adolatli ummat boʻlgani uchun boshqa ummatlarning yaxshi amallariga oʻrtada turib adolat ila guvohlik beradi. Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom esa, oʻz ummatlariga guvohlik beradilar. Ushbu guvohlik qanday boʻlishini tasavvur qilish uchun bir-ikki rivoyatlar bilan tanishamiz.
Imom Ahmad Abu Zuhayr as-Saqafiydan rivoyat qilgan hadisda Paygʻambar alayhissalom:
«Sizlar yaxshilaringizni va yomonlaringizni bilib olsangiz boʻladi»,–dedilar. Sahobalar:
«Qandoq qilib, ey Allohning Rasuli?»–dedilar. U zot:
«Maqtov yoki yomonlash soʻzlari bilan, sizlar Allohning yerdagi guvohlarisiz»,–dedilar.
Demak, adolatli, haqiqiy, taqvodor musulmonlarning guvohligi bejiz emas. Undoq sifatlarga ega boʻlgan musulmonlar «yaxshi» degan odamlar yaxshi boʻladilar, «yomon» degan odamlar yomon boʻladilar.
Hofiz ibn Murdavayhi rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom:
«Qiyomat kuni men ummatim bilan tepalikdan xaloyiqqa qarab turamiz. Har bir kimsa bizdan boʻlishni orzu qiladi. Qaysi Paygʻambarning ummati uni yolgʻonchiga chiqarsa, biz Robbisining farmonini ado etganiga guvohlik beramiz», deganlar.
Imom Ahmad Abu Said roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom aytganlar:
«Qiyomat kuni Nuh chaqirilib: «Yetkazdingmi?»–deb soʻraladi. U:
«Ha»,–deydi. Soʻng, uning qavmi chaqiriladi va ularga:
«Sizga yetkazdimi?»–deyiladi. Ular:
«Bizga ogohlantiruvchi ham, biror kishi ham kelgani yoʻq»,– deyishadi. Shunda Nuhga:
«Senga kim guvohlik beradi?»–deyiladi. U:
«Muhammad va uning ummati»,–deydi. «... va shuningdek, sizni oʻrta ummat qildik...» deganining maʼnosi–shu. Oʻrta–adolatli deganidir. Sizlar chaqirilasizlar va unga yetkazganligi haqida guvohlik berasizlar, soʻngra, men sizlarga guvohlik beraman».
Ulamolarimiz «oʻrta ummat»ning yana koʻp va ulkan maʼnolar anglatishini keng va batafsil bayon qilganlar. Islom ummati haqiqatda toʻla maʼnoda oʻrta ummatdir. Oʻrta deganda, yaxshilik va afzallik maʼnosi ham, moʻʼtadil va adolatli maʼnosi ham va nihoyat hissiyotda oʻrtalik maʼnosi ham tushunilaveradi.
Islom ummati eʼtiqod va tasavvurda oʻrta, adolatli va afzal ummat hisoblanadi. Boshqa baʼzi ummatlarga (masalan, iysaviylarga) oʻxshab, ruhiy tarafga ogʻib ketmaydi. Yoki yana boshqalarga (masalan, musaviylarga) oʻxshab, faqat moddiy narsalargagina eʼtimod qoʻymaydi. Balki, inson tabiatiga qarab, ham ruhiy, ham moddiy jihatga oʻrtacha, adolatli va eng afzal munosabatda boʻladi.
Islom ummati tafakkur va his-tuygʻu bobida ham oʻrta, adolatli va afzal ummatdir. Bilib olgan narsasinigina mahkam tutib, undan boshqa maʼrifat va tajribalarni rad qilib yuboradiganlardan emas. Yoki, aksincha, duch kelganning ortidan ergashib, taqlid qilib ham ketavermaydi. Balki, moʻʼtadillik bilan, oʻz qoidalariga toʻgʻri kelgan ilmiy izlanish va tajriba orqali, boshqalar erishgan yutuqlarni ham eʼtirof etib, ulardan foydalanadi.
Islom ummati tartib-intizomda ham oʻrtacha, adolatli va afzal ummatdir. Unda hayot faqat his-tuygʻu, vijdon va odob-axloq orqali tartib-intizomga solinmaydi. Yoki, xudosizlar tuzumidagidek, faqat qonun, kuch ishlatish, turli jazo va josuslik idoralari orqali tartib-intizomga solinmaydi. Balki, insonning maʼnaviy tarbiyasini kuchaytirib, odob-axloq, taqvo, halollik masalalarini ongi, aqli va vijdoniga singdirish bilan birga, hukmni ham ishga soladi. Chunki, hamma ham ruhiy-vijdoniy yoʻl bilan tuzalib qolmaydi.
Islom ummati aloqa va bogʻlanishlarda ham oʻrta, adolatli va afzal ummatdir. Xudosizlar tuzumidagi kabi emas, yaʼni, jamiyat shaxsning huquqlarini poymol qilmaydi. Kapitalistik tuzumlar kabi emas–shaxs jamiyatning huquqlarini poymol qilmaydi. Balki, alohida shaxslarning haq-huquqlari va vazifalari bor, ayni chogʻda, jamiyatning ham haq-huquqlari va vazifalari bor.
Islom ummati makon jihatidan ham oʻrta ummat hisoblanadi. Uning qiblasi, boshqacha aytganda, diniy markazi yerning kindigiga joylashgan. Sharqu gʻarb, shimolu janubning oʻrtasida.
Islom ummati zamon jihatidan ham oʻrta ummat hisoblanadi. Alloh taolo insoniyat unib-oʻsib, bolalik, oʻsmirlik va yoshlik davrlarini boshidan oʻtkazganidan soʻng, voyaga yetganda, Islomni yuborgan. Endi qarib, qiyomat qoim boʻlguncha bu ummat oʻrtalik holida unga guvoh boʻlib turadi.
Islom ummati oʻrta ummatligi uchun barcha odamlarga guvohlik beradi va ularning oʻrtasida adolat oʻrnatadi. Haqni botildan ajratadi. Bu ummatga barcha ishlarda uning Paygʻambari Muhammad alayhissalom guvohlik beradilar.
Oyati karimadagi keyingi jumla qiblaning oʻzgartirilishi hikmatini bayon qiladi:
«Sen avval yuzlangan qiblani, faqat, ortga burilib ketadiganlar kim-u, Paygʻambarga ergashuvchilar kimligini bilish uchun qilganmiz».
Alloh taoloning ilmi cheksiz, hamma narsani boʻlishidan avval biladi. Oyatdagi «bilish» odamlarga oiddir. Yaʼni, ortga burilib dindan chiqib ketadiganlar kim, Paygʻambarga ergashuvchilar kim ekanini sizlar bilib-ajratib olishlaringiz uchun qiblani avval Baytul Maqdis tomonga qilgan edik, degan umumiy maʼnoda aytilyapti bu gap.
Avval eslatilganidek, namoz farz boʻlganidan keyin musulmonlar Kaʼbai Muazzamaga qarab namoz oʻqir edilar. Paygʻambarimizning hijratlaridan soʻng Alloh taoloning xususiy amri ila qibla Baytul Maqdisga tomon burildi. Ushbu burilishda katta hikmat borligini ulamolarimiz mulohaza qilishgan. Islomda har bir narsa xolis Alloh uchun boʻlishi kerak. Qalbda faqat Allohga ixlos boʻlishi, Islomdan boshqa hech bir narsaga–na qiblaga, na millatga, na yerga, na tarixga ixlos va tobelik qolmasligi kerak.
Arablar esa, johiliyat davrlarida koʻpgina narsalarga ixlos qoʻyib, oʻsha narsalar bilan faxrlanib yurar edilar. Ularda faxr uygʻotadigan narsalarning gultojisi Baytulloh edi. Arablar Baytulloh ularning vatanida joylashganligi, Ibrohim alayhissalomning davrlaridan beri atrofdan odamlar shu Baytullohni haj qilishga kelishlari bilan kerilishar edi. Kaʼbai Muazzama bizning mulkimiz, shuning uchun biz boshqalardan yuqori turamiz, deb bilishardi. Boshqa xalqlar ham shu qabilda oʻylashar edi. Natijada, Baytulloh «baytularab»ga–Allohning uyi emas, arablarning uyiga aylanib qolgan edi. Uni aqiyda asosida emas, balki taassub, tarafkashlik asosida hurmatlashadigan boʻlib ketgan edilar.
Ana shu tarafkashlik asosida, bu Paygʻambar bizning Kaʼbaga qarab namoz oʻqimoqda, uni hurmat qilmoqda, shuning uchun unga ergashamiz, deydiganlar ham boʻlishi mumkin edi. Bunday xato tafakkurlardan, tarafkashliklardan va boshqa narsalardan qutulib, johiliyat nopokliklaridan pok boʻlgan holda, faqat aqiyda asosida Baytullohni eʼzozlashga kishilarni tayyorlash uchun qibla vaqtincha Baytul Maqdisga burildi. Shunda millatchilik, tarafkashlik asosida Paygʻambarga ergashganlar, haqiqiy aqiyda asosida, Allohga taslim boʻlib ergashganlaridan ajrab qoladi. Hamda musulmonlarning qalblari, tafakkurlari, tasavvurlari noloyiq narsalardan poklanadi. Islomga biror qiziqqan narsasi tufayli emas, balki Alloh uchun kirganlar, har qanday holatda ham, hatto qibla oʻzgarganda ham, Paygʻambar alayhissalomga soʻzsiz ergashadilar.
Albatta, his-tuygʻuga, maʼnaviy qadriyatlarga, urf-odatlarga bogʻliq narsani tark etish oson emas. Ammo Allohning hidoyati bilan unga ishongan odamlargina qiynalmaydilar. Shuning uchun ham, oyatda:
«Garchi bu ish Alloh hidoyatga solganlardan boshqalarga qiyin boʻlsa ham», deyildi.
Ha, albatta, Allohga iymoni yoʻq, hidoyatga tushmagan odamlarga juda ham qiyin boʻladi. Ular Allohga ishonmasliklari tufayli odamlardan, ularning gap-soʻzlaridan qoʻrqadilar. Odatlardan qoʻrqadilar. Mansabdorlardan va boshqa narsalardan qoʻrqadilar. Faqat mustahkam iymoni borlargina Allohning aytganini qilib, boshqalarni tashlaydilar.
Alloh taolo maʼlum muddat qiblani Kaʼbadan Baytul Maqdisga koʻchirganining bir hikmati shudir. Bu amrga itoat etgan Paygʻambarimiz boshliq musulmonlar soʻzsiz oʻsha tomon yuzlanib namoz oʻqidilar.
Odatdagidek, yahudiylar igʻvo-fitna gaplarni tarqata boshladilar. «Muhammadning dini haq boʻlsa, ota-bobolarining muqaddas uyi–Kaʼbaga qarab namoz oʻqiyvermasdan, nima uchun bizning qiblamiz Baytul Maqdisga qarab namoz oʻqiydi, bu ham uning dinidan bizning dinimiz afzal ekanining dalili-ku», deyishdi.
Paygʻambar alayhissalom Allohning buyrugʻini bajaradilar, yahudiylarning gaplariga eʼtibor bermaydilar. Shu holda oʻn olti oy yoki oʻn yetti oy Baytul Maqdisga qarab namoz oʻqildi. Soʻngra, biz oʻrganayotgan va undan keyingi oyatlar nozil boʻlib, qibla Kaʼbai Muazzamaga qaratildi. Yahudiylar yana gap tarqatishdi. «Bularning qiblasi Kaʼba boʻlsa, unda Baytul Maqdisga qarab oʻqigan namozlari nima boʻldi? Baytul Maqdisga qarab namoz oʻqib turib, qibla oʻzgarmasdan avval oʻlib ketganlarning holi nima boʻladi?» kabi savollar bilan musulmonlarning boshlarini aylantira boshladilar. Igʻvo va fitna gaplar davom etaversa, har qanday odamga taʼsir qiladi. Yahudiylarning visir-visirlari Madiynai Munavvarada har tarafdan tarqalaverib, baʼzi musulmonlarga taʼsir oʻtkazgan boʻlsa kerakki, musulmonlar ichida ham oʻzaro shunday savollarni soʻray boshladilar. Hatto baʼzilari Paygʻambar alayhissalomga ham shu savolni berdilar.
Ushbu oyatning «Alloh iymoningizni zoye qilmas», degan qismi xuddi oʻsha savolga javob boʻlib keldi. Modomiki, ish Allohning amriga muvofiq boʻlgan ekan, demak, Baytul Maqdisga qarab oʻqilgan namozlarni ham Alloh qabul qiladi.
Eʼtibor berilsa, gap-soʻz, igʻvo-fitna namoz haqida, ammo ularga javob boʻlib tushgan oyatda «Alloh iymoningizni zoye qilmas», deyilyapti, namoz oʻrniga iymon qoʻyilyapti. Chunki Allohning huzurida namoz iymondan, iymon namozdan iboratdir. Ushbu oyat buning yorqin dalilidir. Iymonu Islomdan koʻkragiga urib, ogʻiz toʻldirib gapiradigan baʼzilarga namozdan gapirsangiz, boʻynidan bogʻlab soʻygani olib borilayotgandek moʻltirib qaraydi. Shuni yaxshi bilish kerakki, Paygʻambarimiz alayhissalom aytganlaridek, moʻmin bilan kofirning oʻrtasida namoz bor. Yaʼni, namozi yoʻq odam kofir boʻlib qolishidan qoʻrqsin.
Alloh Oʻzining yoʻlida yurganlarga doimo rahim-shafqat qiladi, iymonlarini zoye ketkazmaydi. Chunki:
«Albatta, Alloh odamlarga mehribon va rahimlidir».
Baytul Maqdisga qarab namoz oʻqilayotgan davrda musulmonlar fitna-yu taʼnalardan qancha ozor chekkan boʻlsalar, Muhammad alayhissalomning ham koʻngillari battar xijil edi. Boshqa musulmonlar qatori Kaʼbai Muazzamaning qibla boʻlishini u kishi ham xohlar edilar. Tez-tez samoga yuzlanib, shu haqda tasdiqlovchi oyati karima tushib qolishini kutardilar. Ammo yuksak odob sohibi boʻlganlaridan, bevosita duo qilib yoki boshqa biron yoʻl bilan bu ishning hal etilishini Allohdan ochiq-oydin soʻramasdilar. Ushbu masalani Allohning Oʻzi yechishini orziqib kutar edilar. Koʻplab rivoyatlarda kelishicha, xuddi shunday paytlari Alloh taolo quyidagi oyatni nozil etib, Masjidul Haromni, yaʼni, Kaʼbai Muazzamani qibla qilganini eʼlon qiladi. Shu bilan birga, musulmonlarni yahudiylarning fitnasidan ogohlantiradi. Ularning makr- hiylalari zimnidagi haqiqiy omillarni ochib tashlaydi: