قَدْ نَرَىٰ تَقَلُّبَ وَجْهِكَ فِى ٱلسَّمَآءِ ۖ فَلَنُوَلِّيَنَّكَ قِبْلَةً تَرْضَىٰهَا ۚ فَوَلِّ وَجْهَكَ شَطْرَ ٱلْمَسْجِدِ ٱلْحَرَامِ ۚ وَحَيْثُ مَا كُنتُمْ فَوَلُّوا۟ وُجُوهَكُمْ شَطْرَهُۥ ۗ وَإِنَّ ٱلَّذِينَ أُوتُوا۟ ٱلْكِتَـٰبَ لَيَعْلَمُونَ أَنَّهُ ٱلْحَقُّ مِن رَّبِّهِمْ ۗ وَمَا ٱللَّهُ بِغَـٰفِلٍ عَمَّا يَعْمَلُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Goho yuzingning osmonga tez-tez burilganini ko`rurmiz. Bas, albatta, seni o`zing rozi bo`lgan qiblaga qaraturmiz. Yuzingni Masjidul Harom tomon bur. Qayerda bo`lsangiz ham, yuzingizni u tomon buringiz. Albatta, kitob berilganlar uning Robbilaridan bo`lgan haq ekanini bilurlar. Va Alloh ularning qilayotgan amallaridan g`ofil emasdir.Гоҳо юзингнинг осмонга тез-тез бурилганини кўрурмиз. Бас, албатта, сени ўзинг рози бўлган қиблага қаратурмиз. Юзингни Масжидул Ҳаром томон бур. Қаерда бўлсангиз ҳам, юзингизни у томон бурингиз. Албатта, китоб берилганлар унинг Роббиларидан бўлган ҳақ эканини билурлар. Ва Аллоҳ уларнинг қилаётган амалларидан ғофил эмасдир.Alauddin Mansour: Goho yuzingiz samoda kezganini koʻramiz. Bas, albatta Biz sizni oʻzingiz rozi boʻlgan qiblaga buramiz. Yuzingizni Masjidul-Harom (Makka) tomonga buring! (Ey moʻminlar, sizlar ham) qayerda boʻlsangizlar, yuzlaringizni uning tarafiga buringiz! Kitob berilgan zotlar albatta buning Parvardigorlari tomonidan (kelgan haq hukm) ekanini biladilar. Alloh ular qilayotgan amallardan gʻofil emasdir.Гоҳо юзингиз самода кезганини кўрамиз. Бас, албатта Биз сизни ўзингиз рози бўлган қиблага бурамиз. Юзингизни Масжидул-Ҳаром (Макка) томонга буринг! (Эй мўминлар, сизлар ҳам) қаерда бўлсангизлар, юзларингизни унинг тарафига бурингиз! Китоб берилган зотлар албатта бунинг Парвардигорлари томонидан (келган ҳақ ҳукм) эканини биладилар. Аллоҳ улар қилаётган амаллардан ғофил эмасдир.
Oyati karimaning avvalidagi jumla vasfiga koʻra, demak, Paygʻambar alayhissolatu vassalom Kaʼbai Muazzamaning qibla qilib berilishini kutib yurganlar. Kaʼbaga nisbatan cheksiz muhabbat, buning ustiga yahudiylarning ortiqcha gap-soʻzlari va boshqa omillar taʼsirida u kishining osmonga tez-tez qarab, shoyad, vahiy kelib, qiblaning oʻzgarganidan xabar bersa, deya kutishlarini Allohning Oʻzi koʻrib turganligi bayon etilmoqda.
«Goho yuzingning osmonga tez-tez burilganini koʻrurmiz».
Albatta, Alloh taolo bu ishni koʻrib-bilib turganidan, vaqti- soati kelganda Kaʼbaning qibla boʻlganini eʼlon etdi.
«Bas, albatta, seni oʻzing rozi boʻlgan qiblaga qaraturmiz. Yuzingni Masjidul Harom tomon bur. Qayerda boʻlsangiz ham, yuzingizni u tomon buringiz».
Maqsad Kaʼba boʻlsa ham, Masjidul Haromning, yaʼni, Kaʼbai Muazzama atrofidagi masjidning zikr qilinganidan, ulamolar: namoz oʻquvchi kishi aynan Kaʼbaga qarashi shart emas, balki oʻsha tomonga qarasa ham joiz, deyishgan.
Yer yuzining turli burchaklarida istiqomat etuvchi musulmon ummatni yagona qibla jamlaydi. Vatanlari, turgan joylari, ranglari, tillari, shakllari, jinslari, yoshlari, ijtimoiy holatlari turli-tuman boʻlishiga qaramay, namoz paytida yagona qiblaga yuz oʻgiradilar. Bir qiblaga qarash ularning bir tan, bir jon ekanining, maqsadlari, tutgan yoʻllari bir ekanining, Robbilari, kitoblari va Paygʻambarlari bir ekanining ramzidir.
Ushbu ramz, Islomning boshqa ramzlari kabi, musulmonlarni boshqalardan ajratib turadi. Musulmon millati oʻziga mustaqil, afzal, Allohning yoʻlidan yurgan millat. Shuning uchun, har bir narsada mustaqil ekani bilinib turishi kerak. Zalolatda yurganlarga tobeʼ boʻlib qolmaslik zarur. Shuning uchun ham, Alloh taolo musulmonlarni boshqalarga taqlid qilishdan, ularning odatlari, shiorlari va ramzlarini olishdan qaytargan. Inson ruh va jasaddan iborat boʻlgani uchun, unda ruhiy-maʼnaviy narsalarga zohiriy shakllarni ramz qilib olish mayli bor. Insondagi his-tuygʻu oʻzining moddiy ramziga erishgandagina taskin topadi. Ana shunda koʻngil toʻladi. Xuddi ichi bilan tashi birlashgandek boʻladi. Islomda mana shu asosda ibodatga taalluqli barcha holatlar yoʻlga qoʻyilgan. Faqat niyat bilan yoki ichda baʼzi oyatu duolarni oʻqish bilan kifoyalanib qolmasdan, balki har bir ibodatning oʻziga yarasha shakli, harakati, ramzi borki, oʻshalarga amal qilish kerak. Namozda qiyom, rukuʼ, sajda, salom; hajda ihrom, talbiya, tavof, saʼyi, vuquf, tosh otish, qurbonlik soʻyish va boshqalar ana oʻshanday ramzlarga kiradi.
Bunday islomiy shior va ramzlarning boshi boʻlmish Kaʼbai Muazzama namozda ham, hajda ham markaziy hissiy ramz hisoblanadi. Namoz yer yuzining qaysi burchagida oʻqilishidan qatʼinazar, ushbu Kaʼbaga qarab oʻqilishi shart. Hatto agar biror kishi safardami, choʻlu sahrodami yurganda Kaʼbaning qaysi tarafdaligini bilolmay qolsa, ijtihod qilib, bir tarafni «qibla» deb jazm etib, namozni boshlaydi.
Hajda ham musulmon yer yuzining qayeridan kelgan boʻlishiga qaramay, niyat bilan kelib, ushbu aziz Baytullohning atrofida aylanib tavof qilmaguncha haji haj boʻlmaydi.
Alloh taolo musulmon ummatini eng afzal ummat qilish bilan birga, bu ummatning qiblasini ham eng afzal qibla qilib qoʻygan - Yerning kindigida! Quruqlikning qoq markazida. Yer kurrasining eng muqaddas va muborak joyida. Barcha Paygʻambarlarning otasi, xalilurrohman Ibrohim alayhissalom Allohning amri ila bino qilgan Kaʼbaning musulmon millati uchun qibla qilinishi bu ummatga ulkan sharafdir. Bu martabaning ulugʻligini, bu maqomning ulugʻligini nafaqat ahli kitoblar, balki boshqalar ham yaxshi biladilar. Ammo hasadlarini ichda saqlaydilar. Bu haqda oyati karimada:
«Albatta, kitob berilganlar buning Robbilaridan boʻlgan haq ekanini bilurlar», deb bayon qilinmoqda.
Yahudiy va nasroniylarning ilohiy kitoblari Tavrot va Injilda va boshqa diniy masdarlarida bu haqda maʼlumotlar bor. Ular qiblani Kaʼbai Muazzamaga burish Allohdan boʻlgan haq ekanligini yaxshi biladilar.
Bir vaqtlar nasroniy dini rohiblaridan boʻlib, keyin Allohning inoyati ila hidoyat topib, Islomga muxlis boʻlib, unga daʼvat qiluvchilardan biriga aylangan birodarimizning taʼkidlashicha, nasroniy dinining bosh kanisalaridan biridagi qibla ham Kaʼbai Muazzamaga qaragan ekan.
Lekin ahli kitoblar, xossatan yahudiylar qiblaning Kaʼbai Muazzamaga qarab oʻzgarishidan turli igʻvo va fitna gaplar keltirib chiqardilar. Musulmonlarni chalgʻitishga urindilar. Holbuki,
«Alloh ularning qilayotgan amallaridan gʻofil emasdir».
Ahli kitoblarning dushmanligi dalil va hujjatning yetishmovchiligidan emas, balki boshqa narsadan ekanligini kelasi oyat bayon qiladi: