۞ إِنَّ ٱلصَّفَا وَٱلْمَرْوَةَ مِن شَعَآئِرِ ٱللَّهِ ۖ فَمَنْ حَجَّ ٱلْبَيْتَ أَوِ ٱعْتَمَرَ فَلَا جُنَاحَ عَلَيْهِ أَن يَطَّوَّفَ بِهِمَا ۚ وَمَن تَطَوَّعَ خَيْرًا فَإِنَّ ٱللَّهَ شَاكِرٌ عَلِيمٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Albatta, Safo va Marva Allohning (dinining) belgilaridandir. Kim Baytullohni haj yoki umra qilsa, ikkovlari o`rtasida sa'yi qilish gunoh emas. Kim yaxshilikni xolisona qilsa, bas, albatta, Alloh Shakur(oz amal uchun ko`p savob beruvchi) va biluvchidir.Албатта, Сафо ва Марва Аллоҳнинг (динининг) белгиларидандир. Ким Байтуллоҳни ҳаж ёки умра қилса, икковлари ўртасида саъйи қилиш гуноҳ эмас. Ким яхшиликни холисона қилса, бас, албатта, Аллоҳ Шакур(оз амал учун кўп савоб берувчи) ва билувчидир.Alauddin Mansour: Albatta Safo va Marva Allohning (dinining) nishonalaridandir. Bas, kim haj yoki umra qilsa, u ikkisining orasida saʼy qilishining gunohi yoʻqdir. Va kim oʻz ixtiyori-la yaxshilikni niyat qilsa, bas, albatta Alloh Shokir — toatga yarasha taqdirlovchi va Alim — yaxshi bilguvchidir.Албатта Сафо ва Марва Аллоҳнинг (динининг) нишоналаридандир. Бас, ким ҳаж ёки умра қилса, у иккисининг орасида саъй қилишининг гуноҳи йўқдир. Ва ким ўз ихтиёри-ла яхшиликни ният қилса, бас, албатта Аллоҳ Шокир — тоатга яраша тақдирловчи ва Алим — яхши билгувчидир.
Musulmonlar tahvid aqiydasi asosida tarbiyalanganlari uchun shirkning har qanday koʻrinishiga qarshi boʻlganlar. Asli Ibrohim alayhissalomga Alloh oʻrgatgan Safo va Marva tepaliklari orasida saʼyini ham tepaliklar ustiga mushriklar oʻrnatgan butlar tufayli tark etishgan. Oʻzlaricha ijtihod qilib, johiliyatga taalluqli har bir narsadan ajralib chiqib, sof islomiy ruhga, islomiy hayotga oʻtishga harakat qilishgan. Ammo, Alloh taolo ushbu oyatda ularning xatosini tuzatmoqda, mushriklar oʻrnatgan butlarni hisobga olmaganda, Safo bilan Marva tepaliklari oʻrtasida qilinadigan saʼyi Alloh dinining belgisi, haj va umra ibodatining bir qismi ekanini bayon etmoqda.
«Albatta, Safo va Marva Allohning (dinining) belgilaridandir.»
Safo bilan Marva oʻrtasida saʼyi qilishlikning Kaʼbai Muazzamaga bevosita aloqasi borligini ham aytib oʻtish lozim. Saʼyi doimo Baytullohni tavof qilgandan keyin boʻladi. Alohida saʼyi ibodati yoʻq.
Oyatda Alloh taolo:
«Kim Baytullohni haj yoki umra qilsa, ikkovlari oʻrtasida saʼyi qilish gunoh emas», deydi.
Ushbu oyat hujjat boʻlib shariatimizda Safo va Marva tepaliklari oʻrtasida saʼyi qilish vojib amal deb belgilangan. Oyatda saʼyi qilish vojib boʻladi, deyish oʻrniga, «Saʼyi qilish gunoh boʻlmaydi», deyilishining boisi shuki, avval aytganimizdek, ikkala tepalikda but borligi uchun, saʼyi qilish mushriklarning ishi, gunoh boʻladi, deb oʻylab musulmonlar saʼyi qilmay qoʻygan edilar. Shuning uchun, Alloh taolo gunoh boʻlmaydi, saʼyi qilinglar, demoqda.
Bu hodisadan yana bir ibrat shuki, bilib-bilmay hamma narsani eskidan qolgan deb bekorga chiqaravermaslik, Allohning hukmini surishtirish kerak ekan.
Safo va Marva tepaliklari orasida birinchi bor saʼyi qilgan inson Ibrohim alayhissalomning xotinlari, Ismoil alayhissalomning onalari Bibi Hojar onamizdirlar. Allohning amriga binoan u kishini goʻdak farzandlari Ismoil bilan Ibrohim alay- hissalom hozirgi Masjidul Haromning oʻrnida qoldirib ketganlar. Yosh goʻdak bilan yolgʻiz qolgan Hojar onamiz oʻzlaridagi suv tamom boʻlgandan soʻng, suv izlab Safo tepaligiga chiqqanlar. Qattiq issiqda Marva tomonda suv koʻringan, yugurib saʼyi qilib borsalar, sarob boʻlib chiqqan. Shu tarzda, najot istab ikki tepalik oʻrtasida yetti bor borib kelganlar. Oxiri qarasalar, yigʻlab yotgan Ismoilning tovonlari ostidan suv chiqib, oqib ketmoqda. Yugurib borib, qoʻllari bilan suvning yoʻlini toʻsib: «Zam-zam!» deganlar. Bu «toʻxta-toʻxta» deganidir. Shuning uchun ham, Safo va Marva oʻrtasida saʼyi qilayotgan kishi oʻzini xokisor tutib, Hojar onamiz kabi, Allohdan astoydil najot kutib harakat qilmogʻi lozim.
Imom Muslim Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilgan uzun hadisda, jumladan, Rasululloh Baytullohni tavof qilib boʻlganlaridan keyin Hajarul Asvad rukniga qaytib borib, uni istilom qildilar, soʻngra Safo eshigidan «innas-Safa val Marvata min shaʼairillohi»ni oʻqib chiqdilar va Alloh boshlaganidan boshlayman, deb saʼyiga kirishdilar, deyiladi.
Oyatning oxirida:
«Kim yaxshilikni xolisona qilsa, bas, albatta, Alloh shukr qiluvchi va biluvchidir», deyilmoqda.
Allohning shukr qiluvchilik sifati darrov diqqatni oʻziga tortadi. Chunki, aslida, shukrni banda qilishi lozim. Bu oyatda esa, Alloh Oʻzini shukr qiluvchi, deb taʼriflayapti. Bu, bandaning oz qilgan amaliga ham koʻp savob berish bilan uni mukofotlaydi, deganidir.
Kelasi oyatda sabr talab qiladigan ishlardan yana biri–Allohning tushirgan oyatlarini berkitmaslik haqida, berkitganlarga beriladigan jazolar haqida soʻz ketadi: