إِنَّمَا حَرَّمَ عَلَيْكُمُ ٱلْمَيْتَةَ وَٱلدَّمَ وَلَحْمَ ٱلْخِنزِيرِ وَمَآ أُهِلَّ بِهِۦ لِغَيْرِ ٱللَّهِ ۖ فَمَنِ ٱضْطُرَّ غَيْرَ بَاغٍ وَلَا عَادٍ فَلَآ إِثْمَ عَلَيْهِ ۚ إِنَّ ٱللَّهَ غَفُورٌ رَّحِيمٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Albatta, U zot sizlarga faqat o`limtikni, qonni, cho`chqaning go`shtini va Allohdan boshqaga so`yilganni harom qildi. Kimki majbur bo`lsa-yu, zulm qilmay, haddan oshmay (esa), unga gunoh bo`lmas. Albatta, Alloh mag`firatli va rahimlidir.Албатта, У зот сизларга фақат ўлимтикни, қонни, чўчқанинг гўштини ва Аллоҳдан бошқага сўйилганни ҳаром қилди. Кимки мажбур бўлса-ю, зулм қилмай, ҳаддан ошмай (еса), унга гуноҳ бўлмас. Албатта, Аллоҳ мағфиратли ва раҳимлидир.Alauddin Mansour: U sizlarga faqatgina oʻlaksa, qonni, toʻngʻiz goʻshtini va Allohdan oʻzgaga atalib soʻyilgan narsalarnigina harom qildi. Endi kimki zolim boʻlmagan va haddan oshmagan holida nochor vaziyatda qolsa, gunohkor boʻlmaydi. Albatta, Alloh magʻfirat qilguvchi, rahmlidir.У сизларга фақатгина ўлакса, қонни, тўнғиз гўштини ва Аллоҳдан ўзгага аталиб сўйилган нарсаларнигина ҳаром қилди. Энди кимки золим бўлмаган ва ҳаддан ошмаган ҳолида ночор вазиятда қолса, гуноҳкор бўлмайди. Албатта, Аллоҳ мағфират қилгувчи, раҳмлидир.
Ushbu oyati karimada musulmonlarga harom qilingan narsalardan toʻrt xili zikr etilmoqda.
Birinchisi–oʻlimtik. Yaʼni, Alloh taolo halol qilgan hayvonlardan oʻzi oʻlib qolganining goʻshti harom boʻladi. Sof insoniy tabiat oʻlimtikni xohlamasligi hammaga maʼlum. Oʻlimtikni bilib turib yeyish uchun insonlik tabiatidan chiqish kerak. Buning ustiga, hayvon ogʻir kasallik yetmasa, oʻzidan-oʻzi oʻlmaydi. Kasallik bilan oʻlgan hayvondagi turli illatlar va mikroblar uning butun goʻshtiga tarqalib ketadi. Tib ilmi bunga oʻxshash hikmatlarni koʻplab kashf etgan. Biz bilmagan yana qancha hikmati bor.
Ikkinchisi–qon. Yaʼni, hayvonni soʻyganda oqqan qonini toʻplab olib isteʼmol qilish ham haromdir. Soʻyilgan hayvonlarning tomirlarida qolgan qonlar harom emas. Soʻyilgan hayvonlarning boʻgʻzidan oqqan qonni ham sof insoniy tabiat inkor etadi. Tibbiy nuqtai nazardan qaraganda ham, hayvon soʻyilganda undagi mavjud barcha mikroblar, kasalliklar va boshqa zararli illatlar qon bilan chiqib ketadi, ularni toʻplab, tanovul qilish koni ziyon. Alloh taolo insonga zarar keltiradigan narsalarning barchasini harom qiladi.
Uchinchisi–choʻchqaning goʻshti. «Goʻshti» deyilganidan yogʻi yoki boshqa joyi halol ekan-da, degan fikr kelmasligi kerak. Choʻchqa butkul harom. Oʻlimtik, qon kabi u ham najas–iflos boʻlgani uchun harom.
Qolaversa, choʻchqa tabiati buzuq, iflos hayvon, nima koʻrinsa yeyaveradigan maxluq. Sof tabiat egalari undan nafrat qiladilar.
Yeyilgan ozuqa inson vujudiga singib, oʻz taʼsirini oʻtkazadi. Masalan, baʼzi dorilarni ichsangiz, Alloh u moddalarga bergan xususiyat tufayli tanadagi ogʻriq qoladi, baʼzilari isteʼmol qilinsa, asab oʻrniga tushadi va hokazo. Shuningdek, baʼzi ovqatlar issiqligingizni oshirib yuborsa, boshqasi sovuqligingizni oshiradi. Xulosa shuki, tanovul qilingan ozuqalar insonga har jihatdan taʼsir oʻtkazadi.
Tajribalilarning taʼkidlashicha, dunyoda erkagi urgʻochisini qizgʻanmaydigan birdan-bir hayvon choʻchqa ekan. Balki shu boisdandir, choʻchqa goʻshti koʻp isteʼmol qiladigan xalqlarning erkaklari ayollarini qizgʻanmaydilar, bu masalada iffat va nomus nimaligini bilmaydigan dayuslarga aylanib qolganlar.
Tib olimlari choʻchqa goʻshtida qon-tomir va yurak kasalliklarni tarqatuvchi moddalar borligini ham aniqlashdi. Yana boshqa koʻpgina zararlari ham ayon boʻldi. Bu haqda hatto oʻzlari choʻchqa goʻshtini isteʼmol qiladigan xalqlarning vakillari, Qurʼon va Islomdan bexabar kishilar ilmiy ishlar qildilar, alohida kitoblar ham yozdilar.
Toʻrtinchisi–Allohdan boshqaning nomini aytib soʻyilgan hayvonning goʻshti. Avvalgi aytgan oʻlimtik, qon va choʻchqa goʻshtlarining haromligi ulardagi mavjud najosat va moddiy zararlar eʼtiboridan edi. Ammo, Allohdan boshqaning nomi aytib soʻyilgan hayvon goʻshtining harom boʻlishida ul eʼtibor mutlaqo yoʻq, balki boshqa eʼtibor bor.
Avvalo, shuni taʼkidlash kerakki, taomlarning halol-haromligini belgilashda insonning amaliga qarab hukm chiqariladigan faqat bir holat bor, u ham boʻlsa, goʻshtini Alloh halol qilgan hayvonlarni soʻyish chogʻidir. Boshqa taomlarda bu holat mezon boʻlmaydi. Misol uchun, nonni kim yopadi, bismilloh aytadimiaytmaydimi, baribir halol boʻladi. Shuningdek, mevalar va sabzavotlar va boshqa oziq-ovqatlarning hukmi ham insonning amaliga bogʻliq emas.
Hayvonni soʻyayotganda esa, soʻyuvchi shaxsga, uning niyatiga va soʻyish uslubiga qaraladi. Soʻyuvchi hayvonni Allohdan boshqaning nomini aytib soʻysa, goʻsht haromga aylanadi. Bu yerda moddiy emas, balki maʼnaviy-ruhiy holat eʼtiborga olingan. Insonni yaratib unga jon ato etgan Zot Alloh taolodir. Xuddi shuningdek, soʻyiladigan hayvonni ham yaratib, unga ham jon ato qilgan Alloh taoloning Oʻzidir. U Zot bir maxluqiga (insonga) boshqa baʼzi maxluqlarini (ayrim hayvonlarni) soʻyishga va goʻshtga aylantirib foydalanishga ruxsat berdi. Bu ishni amalga oshirish paytida bir necha shartga rioya etishga buyurdi.
Avvalo, hayvonni soʻyib jonini chiqarish paytida shu jonni bergan Zotni eslash. Agar u hayvonga jon ato qilgan Allohni qoʻyib, boshqaning nomi zikr etilsa, maʼnaviy jinoyat sodir boʻlgan boʻladi. Bu esa, qalb, ruh va vijdon pokligiga ziddir. Demak, maʼnaviy najosatdir. Shuning uchun, maʼnaviy najosatga aylangan bunday goʻsht ham harom hisoblanadi. Alloh taolo jon bergan va moʻminlarga halol etilgan hayvonlarni soʻyganda goʻshti ham halol boʻlishi uchun, hayvonni Allohning ismini aytib, «Bismillahi, Allohu akbar», deb soʻymoq lozim. Keyin qassob eʼtiqodli odam, yaʼni, Islom aqiydasidagi yoki ahli kitob–yahudiy yoki nasroniy aqiydasidagi kishi boʻlishi kerak. Va hayvonni shariat hukmiga muvofiq soʻyish lozim.
Hayvonni soʻyishda Islom shariatining hukmi bunday: tomogʻidan soʻyib, boʻynidagi yoʻgʻon qon tomirlarining ikkisi yoki bittasi, halqumi va qizil oʻngachi kesilishi kerak. Shu shartlarga koʻra soʻyilgan hayvon goʻshti halol boʻladi. Boʻlmasa,
«Albatta, U zot sizlarga faqat oʻlimtikni, qonni, choʻchqaning goʻshtini va Allohdan boshqaga soʻyilganni harom qildi», degan Alloh taoloning kalomiga binoan harom boʻladi.
Lekin ayrim istisno hollarda, «harom» sanalgan mazkur narsalardan tanovul qilishga ruxsat berilgan.
«Kimki majbur boʻlsa-yu, zulm qilmay, haddan oshmay (yesa), unga gunoh boʻlmas. Albatta, Alloh magʻfiratli va rahimlidir».
Masalan, deylik, bir odam och qoldi, oʻlim xavfi tugʻildi, mazkur harom narsalardan boshqa yeydigan narsa yoʻq, shunday holdagina oʻlmay qolish uchun yesa, boʻladi. Faqat, oyati karimada taʼkidlanganidek, zulm qilmay, haddan oshmay yesa, unga gunoh boʻlmaydi. Mutlaqo zaruratsiz, qiyinchilik boʻlmasa ham yesa, oʻziga zulm qilgan boʻladi. Yegan paytida toʻyib, keragidan ortiq yeb yuborishi esa, haddan oshishga kiradi. Ulamolarimiz: «Oʻlim xavfida qolgan odam ushbu narsalardan oʻlmay qoladigan darajada yeyishiga ruxsat ushbu oyatdan olingan», deyishadi.
Ammo, «Bu harom narsa, oʻlsam ham yemayman!» deya qaysarlik bilan oʻlib ketgan inson gunohkori azim boʻladi.
Oʻtgan azizlardan Masruq rahmatullohi alayhi: «Kim majbur boʻlsa-yu, yemay-ichmay oʻlib ketsa, doʻzaxga kiradi», deganlar.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadiki, Saʼd ibn Abi Vaqqos roziyallohu anhu Paygʻambarimiz alayhissalomga:
«Ey, Allohning Rasuli, duo qiling, Alloh meni duosi qabul boʻladiganlardan qilsin»,–dedilar. Shunda Paygʻambar alayhissalom:
«Ey Saʼd, taomingni halol qil, duosi qabul boʻladigan boʻlasan. Muhammadning joni qoʻlida boʻlgan Zot bilan qasamki, bir odam harom luqmani qorniga tashlasa, Alloh uning duosini qirq kungacha qabul qilmaydi. Qaysi bandaning goʻshti haromdan va ribodan oʻssa, unga doʻzax munosibdir»,–dedilar.
Alloh taolo ushbu va boshqa oyatlarda musulmonlarga halol va harom narsalar haqida hukmlar tushirganida, yahudiylar oʻz odatlariga binoan, yana turli gaplar tarqatdilar. Bizda bu halol edi, Tavrotda bu haqda bundoq deyilgan edi, deya musulmonlarni shak- shubhaga tushirib, fitna qoʻzidilar.
Kelasi oyati karimada ana oʻshalar haqida soʻz ketadi.