يَـٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ كُتِبَ عَلَيْكُمُ ٱلصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى ٱلَّذِينَ مِن قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey, iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro`za farz qilindi. Shoyadki, taqvodor bo`lsalaringiz.Эй, иймон келтирганлар! Сизлардан аввалгиларга фарз қилинганидек, сизларга ҳам рўза фарз қилинди. Шоядки, тақводор бўлсаларингиз.Alauddin Mansour: Ey moʻminlar, taqvoli kishilar boʻlishingiz uchun sizlardan ilgari oʻtganlarga farz qilingani kabi sizlarga ham roʻza tutish farz qilindi.Эй мўминлар, тақволи кишилар бўлишингиз учун сизлардан илгари ўтганларга фарз қилингани каби сизларга ҳам рўза тутиш фарз қилинди.
Bu oyati karimani ham Alloh taolo:
«Ey, iymon keltirganlar!» deb moʻminlarga mahbub nido bilan boshlamoqda. Muhim va mashaqqatli ishni taklif qilishdan oldin oʻzi yaxshi koʻrgan va uning uchun har qanday mashaqqatni ham boʻyniga olishga tayyor turgan sifatni eslab qilingan nido eshituvchida boʻlajak ishga gʻayrat bilan kirishish ruhini uygʻotadi. Alloh taolo ham musulmonlarga roʻzaning farzligini amr etishdan oldin ularga:
«Ey, iymon keltirganlar!» deb nido qilmoqda.
Oyat maʼnosidan kelib chiqib roʻza yangi ibodat emasligini, balki barcha dinlarda qadimdan bor ibodat ekanligini tushunamiz. Chunki unda:
«Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham roʻza farz qilindi», deyilmoqda.
Dinlar tarixini oʻrganib chiqqan ulamolar taʼkidlashicha, barcha dinlarda, hatto ilohiy boʻlmagan dinlarda ham roʻza ibodati bor ekan. Lekin uni ado etish turlicha boʻlgan. Baʼzi dinlarda maʼlum ovqatlardangina oʻzini tiyib yurishni roʻza deb tushuniladi. Misol uchun, nasorolarda hayvondan chiqqan ozuqa mahsulotlaridan oʻzini tiyib yurishni roʻza deyiladi. Ularning roʻzasi muddati qirq kun boʻladi. Nasroniylarning turli mazhablarida roʻza turlicha boʻladi.
Islomda roʻza–haqiqiy ilohiy maʼnoni kasb etgan ibodatdir. Roʻza arab tilida «savm» deyilib, lugʻatda, oʻzini tiyish maʼnosini bildiradi. Shariatda esa, Ramazon oyida tong otgandan quyosh botguncha niyat bilan, yeyish-ichishdan va shahvoniy amallardan oʻzini tiyib turishga aytiladi. Oyati karimaning soʻngida Alloh taolo:
«Shoyadki, taqvodor boʻlsangiz», deb roʻzadan koʻzlangan asosiy maqsadni ham bayon qilib qoʻymoqda. Demak, roʻza ham taqvo yoʻllaridan bittasi ekan. Roʻza tutgan shaxs qalbida taqvo ruhi uygʻonishi kerak. Agar kim roʻza tutsa-yu, qalbida taqvo hissi uygʻonmasa, u odam haqiqiy roʻza tutmagan boʻladi. Roʻza havoi nafsning nooʻrin qoʻzgʻalishlarini yoʻlga solishga, toʻgʻrilashga, shahvatni jilovlashga, qorin talablarini ham izga solishga xizmat qiladi. Roʻza nafs balosidan qutulib, Allohning toatiga xolis ajrab chiqishga yordam beradi. Kimki iymon va eʼtiqod bilan roʻza tutsa, Alloh taolo oʻsha bandani «taqvo» deb nomlanuvchi, ikki dunyo saodatiga eltuvchi baxtga muyassar qiladi.
Bu oyati karimada roʻza farz qilinganligining xabari keldi. Avvalgi ummatlarda yil boʻyi, yarim yil roʻza tutishlar ham boʻlgani uchun eshituvchida «Roʻzaning muddati qancha?» degan savol tugʻiladi. Kelasi oyat shu savolga javob beradi: