وَإِذَا سَأَلَكَ عِبَادِى عَنِّى فَإِنِّى قَرِيبٌ ۖ أُجِيبُ دَعْوَةَ ٱلدَّاعِ إِذَا دَعَانِ ۖ فَلْيَسْتَجِيبُوا۟ لِى وَلْيُؤْمِنُوا۟ بِى لَعَلَّهُمْ يَرْشُدُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Agar bandalarim sendan Meni so`rasalar, Men, albatta, yaqinman. Duo qilguvchi duo qilganda, ijobat qilurman. Bas, Menga ham ijobat qilsinlar va iymon keltirsinlar. Shoyadki, to`g`ri yo`lni topsalar.Агар бандаларим сендан Мени сўрасалар, Мен, албатта, яқинман. Дуо қилгувчи дуо қилганда, ижобат қилурман. Бас, Менга ҳам ижобат қилсинлар ва иймон келтирсинлар. Шоядки, тўғри йўлни топсалар.Alauddin Mansour: (Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), bandalarim sizdan, Men haqimda soʻrasalar, Men ularga yaqinman. Menga duo qilgan paytlarida duogoʻylarining duosini ijobat qilaman. Bas, ular ham Mening (daʼvatimga) javob qilsinlar va Menga iymon keltirsinlar. (Shunda) shoyad Toʻgʻri Yoʻlni topsalar.(Эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом), бандаларим сиздан, Мен ҳақимда сўрасалар, Мен уларга яқинман. Менга дуо қилган пайтларида дуогўйларининг дуосини ижобат қиламан. Бас, улар ҳам Менинг (даъватимга) жавоб қилсинлар ва Менга иймон келтирсинлар. (Шунда) шояд Тўғри Йўлни топсалар.
Ibn Abi Hotim rivoyat qilishlaricha, bir aʼrobiy (sahrolik arab) kelib:
«Ey, Allohning Rasuli, Robbimiz yaqinmi munojot qilsak yoki uzoqmi nido qilsak?!» deganida, Paygʻambarimiz Muhammad alay- hissalom sukut saqlab turib qolganlar. Shunda Alloh taolo: «Agar bandalarim sendan Meni soʻrasalar», oyatini nozil qilgan ekan.
Bu oyatda Alloh taolo Oʻz bandalariga yaqin ekanligini bayon qilmoqda. Hadis imomlari Abu Muso al-Ashʼariy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda ham shu maʼno bor. U kishi aytadilarki,
«Paygʻambar alayhissolatu vassalom bilan gʻazotda edik. Tepalikka chiqsak ham, pastlikka tushsak ham, baland ovoz bilan takbir aytib borar edik. U zot bizga yaqinlashib keldilar-da:
«Ey odamlar, oʻzingizga rahim qiling. Siz karga yoki gʻoyibga duo qilayotganingiz yoʻq, balki eshituvchi, koʻruvchi Zotga duo qilyapsiz. Siz duo qilayotgan zot sizga mingan ulovingizning boʻynidan ham yaqin»,–dedilar».
Mulohaza qilinsa, oyatda bandalar Rasululloh alayhissolatu vassalomdan kelib, Alloh taolo haqida soʻrayaptilar.
«Agar bandalarim sendan Meni soʻrasalar, Men, albatta, yaqinman.»
Javob esa, bevosita Allohdan bandalariga boʻlmoqda. Odatdagidek, ularga ayt, deb Paygʻambar alayhissalomni vosita qilinmayapti. Shu nozik nuqta ham Allohning Oʻz bandalariga yaqin turganligini koʻrsatadi. Xuddi shu maʼno keyingi jumlada ham bor:
«Duo qilguvchi duo qilganda ijobat qilurman».
Duosini eshitaman, hisobga olaman, emas, «ijobat qilaman». Bu ham bandalarni Allohga koʻproq duo qilishga qiziqtiradi. Alloh taolo tomonidan shundoq yaqinlik, hozirjavoblik boʻlib turganda, bandadan ham shunga yarasha harakat boʻlishi kerak. Ular ham Allohning chaqirigʻiga «labbay» deb javob berib, unga iymon keltirib, itoat qilmoqliklari lozim:
«Bas, menga ham ijobat qilsinlar, iymon keltirsinlar».
Bandalar ijobat qilib iymon keltirsalar, kimga foyda boʻladi? Baʼzi hollarda odamlar buni toʻgʻri tushuna olmay qoladilar. Alloh taolo ushbu oyatda Allohning daʼvatiga istijobat qilish, iymonga kelish bandaning oʻziga foyda keltirishini taʼkidlaydi:
«Shoyadki, toʻgʻri yoʻlni topsalar».
Hojatlarning barchasini Alloh taolodan soʻrash, Unga hamisha iltijoda boʻlish moʻmin bandaning doimiy ishiga aylanishi kerak. Duo ibodatlarning magʻzi hisoblanadi. Paygʻambarimiz alayhissalomdan duo haqida koʻplab hadislar kelgan.
Imom Ahmad ibn Hanbal Abu Said roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda u zot:
«Musulmon odam gunoh va qarindoshlariga yomonlik qilmay turib duo qilsa, unga Alloh uch hislatdan birini beradi: Soʻragan narsasini tezda beradi. Yoki oxiratga saqlab qoʻyadi. Yoki soʻralgan narsa miqdoridagi yomonlikni undan qaytaradi», deganlar.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan imom Ahmad rivoyat qiladilarki, Paygʻambarimiz alayhissalom:
«Qalblar idishga oʻxshaydi. Baʼzilari baʼzisidan koʻproq joylashtiradi. Agar Allohdan biror narsa soʻraydigan boʻlsangiz, ijobat boʻlishiga qattiq ishonib soʻrang. Gʻofil qalb bilan duo qilgan bandaning duosini Alloh qabul qilmaydi», dedilar.
Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz alayhissalom:
«Agar banda shoshilmasa, duosiga ijobat boʻladi. Duo qildim, qabul boʻlmadi, demasin», deganlar.
Duoning qabul boʻlishiga shartlar, odoblar, maxsus vaqtlar bor. Xususan, roʻza tutgan kishining duosi maqbuldir.
Imom Abu Dovud Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz alayhissalom:
«Roʻza tutuvchiga iftori paytida ijobat boʻladigan duo bor», deganlar.
Yana roʻza hukmlarini bayon qiluvchi oyatga qaytiladi: