أُحِلَّ لَكُمْ لَيْلَةَ ٱلصِّيَامِ ٱلرَّفَثُ إِلَىٰ نِسَآئِكُمْ ۚ هُنَّ لِبَاسٌ لَّكُمْ وَأَنتُمْ لِبَاسٌ لَّهُنَّ ۗ عَلِمَ ٱللَّهُ أَنَّكُمْ كُنتُمْ تَخْتَانُونَ أَنفُسَكُمْ فَتَابَ عَلَيْكُمْ وَعَفَا عَنكُمْ ۖ فَٱلْـَٔـٰنَ بَـٰشِرُوهُنَّ وَٱبْتَغُوا۟ مَا كَتَبَ ٱللَّهُ لَكُمْ ۚ وَكُلُوا۟ وَٱشْرَبُوا۟ حَتَّىٰ يَتَبَيَّنَ لَكُمُ ٱلْخَيْطُ ٱلْأَبْيَضُ مِنَ ٱلْخَيْطِ ٱلْأَسْوَدِ مِنَ ٱلْفَجْرِ ۖ ثُمَّ أَتِمُّوا۟ ٱلصِّيَامَ إِلَى ٱلَّيْلِ ۚ وَلَا تُبَـٰشِرُوهُنَّ وَأَنتُمْ عَـٰكِفُونَ فِى ٱلْمَسَـٰجِدِ ۗ تِلْكَ حُدُودُ ٱللَّهِ فَلَا تَقْرَبُوهَا ۗ كَذَٰلِكَ يُبَيِّنُ ٱللَّهُ ءَايَـٰتِهِۦ لِلنَّاسِ لَعَلَّهُمْ يَتَّقُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Sizlarga ro`za kechasida xotinlaringizga yaqinlik qilish halol qilindi. Ular sizga libosdir, siz ularga libosdirsiz. Alloh sizning o`zingizga xiyonat qilayotganingizni bildi, tavbangizni qabul etdi va sizlarni afv etdi. Endi ularga yaqinlashavering va Alloh sizga yozgan narsani talab qiling. Tong paytida oq ip qora ipdan ajraguncha yeb-ichavering. So`ngra, ro`zani kechasigacha batamom qiling. Masjidlarda, e'tikofdaligingizda ularga yaqinlik qilmang. Bular Allohning chegaralaridir, unga yaqinlashmang. Alloh odamlarga O`z oyatlarini shundoq bayon etadir. Shoyadki, taqvo qilsalar.Сизларга рўза кечасида хотинларингизга яқинлик қилиш ҳалол қилинди. Улар сизга либосдир, сиз уларга либосдирсиз. Аллоҳ сизнинг ўзингизга хиёнат қилаётганингизни билди, тавбангизни қабул этди ва сизларни афв этди. Энди уларга яқинлашаверинг ва Аллоҳ сизга ёзган нарсани талаб қилинг. Тонг пайтида оқ ип қора ипдан ажрагунча еб-ичаверинг. Сўнгра, рўзани кечасигача батамом қилинг. Масжидларда, эътикофдалигингизда уларга яқинлик қилманг. Булар Аллоҳнинг чегараларидир, унга яқинлашманг. Аллоҳ одамларга Ўз оятларини шундоқ баён этадир. Шоядки, тақво қилсалар.Alauddin Mansour: Sizlarga roʻza kechasida xotinlaringizga qoʻshilish halol qilindi. Ular sizlarning libosingiz, sizlar ular uchun libossiz (yaʼni, er-xotin bir-biriga kishi libosga muhtoj boʻlgani kabi muhtojdirlar). Alloh sizlar oʻzlaringga xiyonat qilayotganlaringni bilib, tavbalaringizni qabul qildi va sizlarni afv etdi. Endi ular bilan (roʻza kechalarida ham bemalol) qovushingiz va Alloh sizlar uchun yozgan narsani (farzandni) talab qilingiz! Va to tongdan oq ip qora ipdan ajraladigan paytgacha yeb-ichaveringlar. Soʻngra kechgacha roʻzani benuqson qilib tutinglar! Masjidlarda eʼtikofda boʻlgan chogʻingizda (kechalari ham) ular (xotinlaringiz) bilan qoʻshilmang! Bular (yuqorida mazkur boʻlgan hukmlar) Allohning chegaralaridir. Bas, ularga yaqinlashmangiz! Odamlar harom ishlardan saqlanishlari uchun Alloh oʻz oyatlarini mana shunday ochiq-ravshan bayon qiladi.Сизларга рўза кечасида хотинларингизга қўшилиш ҳалол қилинди. Улар сизларнинг либосингиз, сизлар улар учун либоссиз (яъни, эр-хотин бир-бирига киши либосга муҳтож бўлгани каби муҳтождирлар). Аллоҳ сизлар ўзларингга хиёнат қилаётганларингни билиб, тавбаларингизни қабул қилди ва сизларни афв этди. Энди улар билан (рўза кечаларида ҳам бемалол) қовушингиз ва Аллоҳ сизлар учун ёзган нарсани (фарзандни) талаб қилингиз! Ва то тонгдан оқ ип қора ипдан ажраладиган пайтгача еб-ичаверинглар. Сўнгра кечгача рўзани бенуқсон қилиб тутинглар! Масжидларда эътикофда бўлган чоғингизда (кечалари ҳам) улар (хотинларингиз) билан қўшилманг! Булар (юқорида мазкур бўлган ҳукмлар) Аллоҳнинг чегараларидир. Бас, уларга яқинлашмангиз! Одамлар ҳаром ишлардан сақланишлари учун Аллоҳ ўз оятларини мана шундай очиқ-равшан баён қилади.
Roʻza tutish yangi farz qilingan davrda iftordan keyin roʻza tutgan odam uxlab qolsayu, keyin uygʻonsa, unga yemoq, ichmoq va xotiniga yaqinlik qilmoq mumkin boʻlmay qolar edi. Ansoriylardan Qays ibn Sarma ismli kishi kunduzi roʻza tutib, xurmo bogʻida ishlab charchab, iftor paytida xotini huzuriga kelib:
«Taoming bormi?»–debdi. Xotini:
«Yoʻq, hozir borib biron narsa topib kelaman»,–deb chiqib ketibdi. Kunduzi ishlagani uchun Qays charchab uxlab qolibdi. Xotini kelib, erining uxlab yotganini koʻrib «shoʻring qurisin» debdiyu uygʻotmabdi. Ertasiga kunning yarmida Qays roziyallohu anhu hushidan ketib yiqilibdi. Bu hodisa Paygʻambarimiz alayhissalomga yetibdi. Soʻngra, Alloh taolo:
«Sizlarga roʻza kechasida xotinlaringizga yaqinlik qilish halol qilindi», deb boshlanuvchi oyatini nozil qildi. Shu bilan roʻza kechasida, yaʼni kun botgandan keyin to tong otguncha muddat orasida taom yeyish va ayoliga yaqinlik qilish halol qilindi. Shu bilan birga, Alloh Islomda erkak kishi bilan uning xotinining aloqasi faqat jins masalasi emas, balki undan ancha katta masala ekanini anglatish uchun:
«Ular sizga libosdirlar, siz ularga libosdirsiz», dedi. Odatda libos toʻsish, saqlash va ziynat uchun ishlatiladi. Shuningdek, Islomda eru xotin bir-birlarining ayblarini toʻsadilar, bir-birlarini yomonlikdan saqlaydilar va bir-birlarini ziynatlaydilar.
Keyin esa, bandalarining koʻnglida nima kechayotganini ham bilib turishining xabarini beradi:
«Alloh sizning oʻzingizga xiyonat qilayotganingizni bildi, tavbangizni qabul etdi va sizlarni afv etdi».
Ushbu jumlada zikr etilgan xiyonat, roʻza kechasida koʻngildan oʻtgan ayolga yaqinlik qilish haqidagi istakdan iborat. Ayrim rivoyatlarda kelishicha, baʼzilar bu ishni qilgan ekanlar. Nima boʻlsa ham, Alloh ularning tavbasini qabul qilib, gunohlarini afv etdi. Shu bilan birga, koʻngillaridan oʻtgan istakka yoʻl berdi, ruxsat qildi:
«Endi ularga yaqinlashavering va Alloh sizga yozgan narsani talab qiling».
Yaʼni, endi ruxsat boʻldi. Siz xotinlaringizga yaqinlik qilib, Alloh yozgan narsani–farzandni talab qiling. Roʻza kechasida ayollarga yaqinlik qilishga ruxsat berilishi bilan birga, yeb-ichishga ham ruxsat berdi:
«Tong paytida oq ip qora ipdan ajraguncha yeb-ichavering».
Imom Buxoriy Adiy ibn Xotimdan rivoyat qiladilarki, u kishi:
«Tong paytida oq ip qora ipdan ajraguncha yeb-ichavering, degan oyat nozil boʻlganda, bitta oq, bitta qora ipni oldim-da, yostigʻim ostiga qoʻydim, ularga qarab-qarab turib oqi qorasidan ajraganda ogʻzimni berkitdim. Tong otib kunduzi boʻlganda Rasululloh huzurlariga borib, qilgan ishimni aytib berdim. U kishi:
«Undoq boʻlsa, yostigʻing keng ekan-da, u gap kunduzning oqi bilan kechaning qorasi haqida edi»,–dedilar».
Bu paytni fajri sodiq deyiladi va yorugʻlikning ufqda tarqalishini bildiradi.
Kelasi jumlada xotiniga yaqinlik istisno qilingan holat zikr etiladi:
«Masjidlarda, eʼtikofdaligingizda ularga yaqinlik qilmang».
«Eʼtikof» soʻzi bir narsani lozim tutish maʼnosini bildiradi. Shariatda esa, masjidda, Allohga yaqinlik hosil qilish niyatida, ibodatni lozim tutishga aytiladi. Paygʻambarimiz alayhissolatu vassalom Ramazoni sharifning oxirgi oʻn kunligida eʼtikof oʻtirar edilar. Eʼtikof oʻtirgan odam iloji boricha masjiddan chiqmay ibodat bilan mashgʻul boʻladi. Unda banda, Alloh uchun hamma narsadan ajrab chiqadi. Shuning uchun, ayollarga yaqinlik qilishdan ham oʻzini tiyadi.
«Bular Allohning chegaralaridir, unga yaqinlashmang.»
Ushbu zikr qilingan narsalarning barchasi Alloh taologa bogʻliq narsalar, uning chegaralaridir. Alloh ularga yaqinlashmaslikka buyurmoqda, chunki chegaraga qancha yaqinlashilsa, chegarani buzish ehtimoli shuncha koʻpayadi.
«Alloh odamlarga Oʻz oyatlarini shundoq bayon etadir. Shoyadki, taqvo qilsalar.»
Eʼtibor beradigan boʻlsak, roʻza haqidagi oyatlar toʻpining birinchisida ham taqvoga urgʻu berilgan edi. Endi ushbu toʻpdagi oxirgi oyatda ham taqvoga urgʻu berilmoqda. Ha, roʻzaning sonsiz-sanoqsiz foydalari ichida uning roʻzadorda taqvo hissini mustahkamlashi birinchi oʻrinda turadi.
Endi roʻza haqidagi oyatlar tamom boʻlib, Alloh taolo moʻminlarga moliyaviy aloqalarni ham halol, pok ravishda olib borish zarurligi toʻgʻrisida koʻrsatmalar beradi. Taqvo nafaqat Alloh taolo bilan banda orasidagi muomalalarda, balki banda bilan banda orasidaga muomalalarda ham boʻlishi zarurligini taʼkidlaydi.
Ey, iymon keltirganlar!