وَلَا تَأْكُلُوٓا۟ أَمْوَٰلَكُم بَيْنَكُم بِٱلْبَـٰطِلِ وَتُدْلُوا۟ بِهَآ إِلَى ٱلْحُكَّامِ لِتَأْكُلُوا۟ فَرِيقًا مِّنْ أَمْوَٰلِ ٱلنَّاسِ بِٱلْإِثْمِ وَأَنتُمْ تَعْلَمُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo`l bilan yemang. Bilib turib odamlarning mollaridan bir qismini yeyishingiz uchun hokimlarga gunohkorona tashlamang.Бир-бирларингизнинг молларингизни ботил йўл билан еманг. Билиб туриб одамларнинг молларидан бир қисмини ейишингиз учун ҳокимларга гуноҳкорона ташламанг.Alauddin Mansour: Mol-dunyolaringizni oralaringizda nohaq — harom yoʻllar bilan yemangiz! (Yaʼni, bir-biringizning haqqingizni yemangiz!) Va (gunoh qilayotganingizni) bilib turib, odamlarning mollaridan bir qismini harom yoʻl bilan yeyish uchun (mollaringizni pora qilib) hokimlarga uzatmang!Мол-дунёларингизни ораларингизда ноҳақ — ҳаром йўллар билан емангиз! (Яъни, бир-бирингизнинг ҳаққингизни емангиз!) Ва (гуноҳ қилаётганингизни) билиб туриб, одамларнинг молларидан бир қисмини ҳаром йўл билан ейиш учун (молларингизни пора қилиб) ҳокимларга узатманг!
Bu oyati karimada Alloh taolo musulmonlarni bir-birlarining molini botil–harom yoʻl bilan yemoqdan qaytarmoqda.
Ushbu oyati karimani tushuntirish uchun Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu:
«Bu degani–bir odam qarzdor boʻladi, lekin oʻziga qarshi hujjat yoʻqligidan foydalanib, u molni olganidan tonadi. Birovning molini haromdan yeb, gunohkor boʻlayotganini bilib turib, hokimga arz qiladi», degan ekanlar. Goʻyo hokim hukm qilsa, gunoh gunohlikdan tushib, harom mol halolga aylanib qoladigandek. Holbuki, hokimning hukmi ila halol harom boʻlib qolmaydi yoki aksincha boʻlmaydi. Balki aynan hamma narsani koʻrib bilib turuvchi Allohning hukmi bilan halol yoki harom boʻladi. Hokim hamma narsani koʻra olmaydi, bila olmaydi. U sirtdan koʻrganiga, talashayotganlarning gapiga, ularning hujjatiga qarab hukm chiqaradi.
Imom Buxoriy Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz alayhissalom:
«Men bir odamman, xolos. Talashganlar huzurimga keladilar. Baʼzilari boshqalaridan koʻra hujjatini yaxshiroq koʻrsatvorishi, men esa, uning foydasiga hukm qilishim mumkin. Kimga bir musulmonning haqidan hukm qilib bersam, u doʻzax oʻtidan bir boʻlakdir. Xohlasa olib, xohlasa qoldirib ketsin», deganlar.
Zohirga qarab hukm chiqargani uchun hokim gunohkor boʻlmaydi. Imom Qurtubiy: «Oyatdagi «botil yoʻl bilan yemaslik»ka haromning barcha turlari: qimor, aldamchilik, harom narsalarni sotib mol topishlik, harom kasblarni qilib mol topishlik va boshqalar kiradi» deganlar.
Shu yerga kelganda, suradagi oyati karimalar yosh musulmon jamiyatini ilohiy yoʻlda tarbiyalab borishda yangicha uslub qoʻllay boshlaydi. Musulmonlarning turli savollariga javob berishni boshlaydi. Tabiiyki, bu savollarning kelib chiqishiga oʻziga yarasha sabablar bor edi.
Avvalo, musulmonlar johiliyatning barcha asoratlarini tark etib, Islom deb nomlangan yangi ilohiy ummatga aʼzo boʻlayotganlarini chuqur tushuna boshladilar. Avvalgi eʼtiborsizlik, beparvolikni yigʻishtirib, musulmon degan buyuk nomga munosib boʻlishga astoydil harakat qila boshladilar. Shuning uchun, oʻzlari har bir narsada Allohning taʼlimini, hukmini bilishga qiziqib qoldilar. Haqiqiy musulmon boʻlib yashash uchun avval har bir ish va holning hukmini bilib olish lozim edi, albatta.
Shu bilan bir paytda, musulmonlar ichida yashab turgan yahudiylar, munofiqlar va mushriklar islomiy hukm, aqiyda va tuzumlarga shubha tugʻdirish niyatida turli gap-soʻzlar tarqatishardi. Tabiiyki, bu gʻarazli hujumlarni musulmonlar imkonlari boricha qaytarar edilar. Imkonlari boʻlmasa, oʻzlaricha hal qilish ilojini topa olmasalar, rahbarlari, yoʻlboshchilari Muhammad alayhissalomga savol bilan murojaat qilar edilar. Shunday paytlarda moʻminlarning qalblariga ishonch va sokinlikni solish uchun, ular haq yoʻlida ekanini bayon qilish uchun savollarga javob berishga Qurʼoni Karim aralashar edi.
Maʼlumki, roʻza Paygʻambarimiz hijratlarining ikkinchi yilida farz boʻldi. U haqdagi oyatlarni bundan oldin oʻrgandik. Shariat hukmiga asosan roʻzani tutish ham, ochish ham hilolga–yangi oyga bogʻliq. Ramazon oyining hilolini koʻrib roʻza tutish boshlanadi, keyingi oyning hilolini koʻrib roʻza tutish tugaydi, iydi Ramazon boʻladi. Hamma ahkomlar hilolga bogʻliq. Shuning uchun, hozirgi kunimizda ham Ramazon yaqinlashgan sari odamlarning hilol haqidagi savol soʻrovlari koʻpayadi. Xuddi shuningdek, oʻsha paytda ham, xususan, roʻzaning farzligi haqidagi biz oʻrgangan avvalgi oyatlar tushgandan soʻng hilol haqida savollar koʻpaygan. Odamlar kelib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Hilol nima uchun xalq qilingan?» deb soʻraganlar. Shunda Alloh taolo quyidagi oyati karimani tushirgan: