۞ يَسْـَٔلُونَكَ عَنِ ٱلْأَهِلَّةِ ۖ قُلْ هِىَ مَوَٰقِيتُ لِلنَّاسِ وَٱلْحَجِّ ۗ وَلَيْسَ ٱلْبِرُّ بِأَن تَأْتُوا۟ ٱلْبُيُوتَ مِن ظُهُورِهَا وَلَـٰكِنَّ ٱلْبِرَّ مَنِ ٱتَّقَىٰ ۗ وَأْتُوا۟ ٱلْبُيُوتَ مِنْ أَبْوَٰبِهَا ۚ وَٱتَّقُوا۟ ٱللَّهَ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Sendan hilollar haqida so`rarlar. Ular odamlar va haj uchun vaqt o`lchovidir, deb ayt. Yaxshilik uylarning orqasidan kirishingizda emas, lekin yaxshilik kim taqvodorlik qilsa, shundadir. Va uylarga eshiklaridan kiring. Allohga taqvo qiling. Shoyadki, najot topsangiz.Сендан ҳилоллар ҳақида сўрарлар. Улар одамлар ва ҳаж учун вақт ўлчовидир, деб айт. Яхшилик уйларнинг орқасидан киришингизда эмас, лекин яхшилик ким тақводорлик қилса, шундадир. Ва уйларга эшикларидан киринг. Аллоҳга тақво қилинг. Шоядки, нажот топсангиз.Alauddin Mansour: Sizdan hilollar — yangi chiqqan oylar haqida soʻrashadi. Ayting: u (oylar) odamlar va haj uchun vaqt oʻlchovlaridir. Uylaringizga orqa tomonidan kirishingiz yaxshilik emas, balki yaxshilik, Allohdan qoʻrqqan kishining (qilgan) ishidir. Uylarga eshiklaridan kiringiz! Va Allohdan qoʻrqing! Shoyad najot topsangiz.Сиздан ҳилоллар — янги чиққан ойлар ҳақида сўрашади. Айтинг: у (ойлар) одамлар ва ҳаж учун вақт ўлчовларидир. Уйларингизга орқа томонидан киришингиз яхшилик эмас, балки яхшилик, Аллоҳдан қўрққан кишининг (қилган) ишидир. Уйларга эшикларидан кирингиз! Ва Аллоҳдан қўрқинг! Шояд нажот топсангиз.
Ushbu oyati karimada zohiran goʻyo bir-biri ila bogʻliq boʻlmagan ikki masala haqida soʻz yuritilgan. Birinchisi–hilollar, yangi oylar haqida boʻlsa, ikkinchisi–uylarga eshikdan kirish haqida. Bu masalalar haqida hukm tushganining ham oʻziga yarasha sabablari bor, avval oʻsha sabablarni tushunmaguncha, oyatning maʼnosini ham anglab yetish qiyin boʻladi.
Hilollarga bogʻliq sabablar avval aytib oʻtildi. Yana shuni qoʻshimcha qilsa boʻladiki, odamlar hilollarning nima uchun yaratilganini oʻz voqeliklaridan kelib chiqib soʻradilar. Qurʼoni Karim ham ularning voqeliklariga moslab, savolga yarasha javob tariqasidagina javob qildi:
«Ular odamlar va haj uchun vaqt oʻlchovidir», deyish bilan kifoyalandi. Oy nega va qanday yaratilgan? Nima uchun avval kichik boʻlib, keyin toʻlishadi va yana orqaga qaytadi? Osmondagi quyosh majmuasidagi sayyoralar orasida qanday oʻrin tutadi? Yana qanday vazifalarni ado etadi? kabi ilmiy masalalar qoʻzgʻalmadi. Chunki bu masalalar Qurʼoni Karimning vazifasi emas. Tushuntirilgan taqdirda ham, oʻsha vaqtdagi odamlar bularni tushunishga tayyor emasdilar. Agar bunga oʻxshash sof ilmiy muammolar haqida soʻz ketganida, nazariy bahslar koʻpayib, shubhali savollar soni battar ortar edi. Holbuki, Qurʼoni Karim falak, kimyo yoki jugʻrofiya kitobi emas. U insoniyatni ikki dunyo saodatiga boshlovchi hidoyat kitobidir. U mazkur ilmlarni ishlatuvchi insonni toʻgʻri yoʻlga solishni oʻziga vazifa qilib olgan kitob. Demak, Qurʼoni Karim oʻsha ilmlardan ham va boshqa barcha narsadan ham ustun turuvchi kitobdir. Shu boisdan, odamlar hilollar haqida soʻrashganida, «ular odamlar va haj uchun vaqt oʻlchovidir», deyish bilan kifoyalangan.
Hajga bogʻliq ulugʻ ruknlar kunini va yana boshqa vaqtlarni aniqlash uchun, albatta, hilolga qaraladi va vaqt uning chiqishidan belgilanadi. Demak, haj va hilolda oʻzaro bogʻliqlik bor. Shu bogʻliqlik tufayli hilol haqida javob tushgan oyat hajga bogʻliq yana bir masalani ham oydinlashtiradi.
Imom Buxoriy va imom Muslimlar sahih kitoblarida al-Baro roziyallohu anhudan rivoyat qiladilarki, u kishi:
«Ansoriylarda (madiynalik musulmonlarda) hajdan qaytib kelganda uyning eshigidan kirmaslik odati bor edi. Ulardan bir kishi hajdan qaytganda uyining eshigidan kiribdi. Bu ishi unga ayb qilgandek qaralishiga sabab boʻlibdi. Shunda: «Yaxshilik uylarning orqasidan kirishingizda emas...» oyati tushdi», deganlar.
Bu haqda toʻlaroq maʼlumot quyidagichadir: ansoriylarning tushunchasiga koʻra, haj qilib gunohidan poklanib uyiga qaytgan odam, hajdan qaytib uyiga birinchi kirishida gunohkorlik qilib yurgan paytida kirib yurgan eshikdan kirmay, uyning orqasidan darcha ochib kirishi yaxshilik edi. Ular shu tasavvurlarga amal qilishardi. Ittifoqo, ulardan birlari hajdan kelib, uy orqasidan darcha ochib emas, balki toʻgʻri eshikdan kiribdi. Bu ish boshqalarga ayb boʻlib koʻrinibdi. Tabiiyki, bu eski odat xususida musulmonchilikning hukmi nima boʻlar ekan, degan savol paydo boʻladi. Oyat oʻsha boʻlishi ehtimol tutilgan savolga javob tariqasida va boʻlib oʻtgan hodisaga baho berish boʻlib kelgan:
«Yaxshilik uylarning orqasidan kirishingizda emas, lekin yaxshilik kim taqvodorlik qilsa, shundadir».
Demak, yaxshilik baʼzi bir ishlarga oʻzicha har xil sifatlar berib ado etish bilan emas, balki taqvo asosida, yaʼni, Allohning buyurganini qilib, qaytarganidan qaytish bilan hosil boʻlar ekan.
Oyati karimadan bilinib turibdiki, shariatda koʻrsatilmagan ish bilan Allohga qurbat hosil boʻlmaydi, bunga, yaxshisi, urinmaslik kerak. Qaysi ish yaxshi va savobli ekanini bilmoqchi boʻlgan odam farz, vojib, sunnat amallarga qarasin, agar unga oʻxshashini topsa, yaxshi boʻladi.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda aytiladiki:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xutba aytayotib, qarasalar, bir kishi oftobda tik turibdi. U kishi haqida soʻraganlarida, «U Abu Isroil, oftobda tik turishni, oʻtirmaslik va soyaga chiqmaslikni va roʻza tutishni nazr qilgan», - deyishadi. Shunda Paygʻambar alayhissalom: «Aytinglar, gapirsin, soyaga chiqsin, oʻtirsin va roʻzasini oxiriga yetkazsin», - dedilar».
Bu holatda Rasuli akram alayhissolatu vassalom shariatda ibodat hisoblangan roʻzani davom ettirishga, savob berilmaydigan boshqa ishlarni esa, toʻxtatishga buyurdilar. Musulmonlar oʻzlaricha «taqvodorlik» deb turli ishlarni oʻylab chiqaravermasliklari kerak. Afsuski, odamlar bu haqda toʻliq tushunchaga ega boʻlmaganliklari sababli har xil xatolarga yoʻl qoʻyadilar.
Yuqorida oʻtgan oyatlarda Alloh taolo roʻzaga bogʻliq hukmlarni bayon etdi. Keyin keladigan oyatlarda hajning hukmlarini bayon qiladi. Roʻza oyidan keyin haj oylari boshlanadi.
Ammo roʻza va haj haqidagi hukmlar orasida–hozir keladigan oyatlarda haj oylarida urush masalasi bayon qilinadi.
Maʼlumki, Paygʻambarimiz alayhissalom boshchiliklaridagi musulmonlar Baytullohni ziyorat qilmoqchi boʻlib, ihromga kirib, niyat ila yoʻlga chiqqanlarida, ushbu masalaga duch kelishdi va qiynalishdi. Mushriklar ularga qarshi urush qilmoqchi boʻldilar. Bunday holatda nima qilish kerak? Ushbu savolga quyidagi oyatlar javob beradi: