لَيْسَ عَلَيْكُمْ جُنَاحٌ أَن تَبْتَغُوا۟ فَضْلًا مِّن رَّبِّكُمْ ۚ فَإِذَآ أَفَضْتُم مِّنْ عَرَفَـٰتٍ فَٱذْكُرُوا۟ ٱللَّهَ عِندَ ٱلْمَشْعَرِ ٱلْحَرَامِ ۖ وَٱذْكُرُوهُ كَمَا هَدَىٰكُمْ وَإِن كُنتُم مِّن قَبْلِهِۦ لَمِنَ ٱلضَّآلِّينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Sizga o`z Robbingizdan fazl istashingizda gunoh yo`qdir. Arafotdan qaytib tushganingizda, Allohni Mash'arul Haromda zikr qiling. Ilgari adashganlardan bo`lsangiz ham, sizni hidoyatga boshlagani uchun Uni zikr qiling.Сизга ўз Роббингиздан фазл исташингизда гуноҳ йўқдир. Арафотдан қайтиб тушганингизда, Аллоҳни Машъарул Ҳаромда зикр қилинг. Илгари адашганлардан бўлсангиз ҳам, сизни ҳидоятга бошлагани учун Уни зикр қилинг.Alauddin Mansour: (Haj safarida tijorat qilish bilan) Parvardigoringizdan fazlu karam istashingizdan sizlar uchun hech qanday gunoh yoʻqdir. Endi Arafotdan (Makka yaqinidagi togʻ) tushganingizdan keyin Mashʼar-ul-Haromda Allohni zikr qiling! U Zot sizlarni — garchi ilgari adashganlardan boʻlgan esangiz-da — Haq yoʻlga hidoyat qilgani yangligʻ sizlar ham U Zotni eslang — zikr qiling!»(Ҳаж сафарида тижорат қилиш билан) Парвардигорингиздан фазлу карам исташингиздан сизлар учун ҳеч қандай гуноҳ йўқдир. Энди Арафотдан (Макка яқинидаги тоғ) тушганингиздан кейин Машъар-ул-Ҳаромда Аллоҳни зикр қилинг! У Зот сизларни — гарчи илгари адашганлардан бўлган эсангиз-да — Ҳақ йўлга ҳидоят қилгани янглиғ сизлар ҳам У Зотни эсланг — зикр қилинг!»
Oyatda zikr qilingan «fazl» soʻzi rizq, kasb maʼnosini anglatadi. Odamlar oʻrtasida «Hajga borgan kishi tijorat bilan yoki boshqa biror kasb bilan shugʻullansa boʻlmaydi» degan tushuncha bor edi.
Imom Nasafiy rivoyat qilishlaricha, bir qavm: «Hammollik va tojirlik qilgan odamning haji haj boʻlmaydi», degan gapni tarqatganida shu oyat nozil boʻlgan ekan. Shunga oʻxshash maʼnolar bosh- qa rivoyatlarda ham kelgan.
Imom Ahmad qilgan rivoyatda Abu Umoma aytadilarki:
«Abdulloh ibn Umardan: «Biz kiraga ishlaymiz, haj qilsak boʻlardimi?» deb soʻrasam,
«Baytullohni tavof qilib, Arofatda vuquf qilib, tosh otib, sochingizni oldirasizmi?»–dedi.
«Albatta»–dedik. U kishi:
«Bir odam Rasulullohning huzurlariga kelib, sen hozir mendan soʻragan narsani soʻragan edi, javob bermay turdilar. Soʻng Jabroil: «Sizga oʻz Robbingizdan fazl istashingizda gunoh yoʻqdir», degan oyatni olib tushdi»,–dedilar.
Imom Buxoriy qilgan rivoyatda Abdulloh ibn Abbos:
«Ukoz, Majalna, Zul-Majozlar johiliyat bozorlari edi. Haj mavsumida savdo qilish gunohmikan, deb ikkilanib qolganlarida, Alloh tarafidan «Sizga oʻz Robbingizdan fazl istashingizda gunoh yoʻqdir», degan oyat nozil boʻlgan», deydilar.
Ibn Jarirning rivoyatlarida, Abu Solih hazrat Umardan:
«Ey, moʻminlarning amiri! Hajda tijorat qilarmidingiz?»– deb soʻraganida u kishi:
«Tirikchiliklarim hajdan boʻlardi-da»,–deb javob bergan ekanlar.
Ayni chogʻda, ulamolar, kimki haj va tijoratni niyat qilsa, tijorat niyati ustun boʻlsa, hajning savobi qolmaydi, deganlar. Demak, oldin tijorat, keyin haj boʻlishi kerak emas. Hajga astoydil harakat qilib, orada boʻsh vaqtlarda tijorat qilsa boʻlaveradi. Halol yoʻl bilan rizq talab qilish hech ayb boʻlmaydi.
Rizq talab qilish haqidagi gaplardan keyin bevosita haj ibodatlarining bayoni kelishi ham bejiz emas.
«Arafotdan qaytib tushganingizda Allohni Mashʼarul Haromda zikr qiling».
«Arafot»ning lugʻatdagi maʼnosi haqida hazrati Ali ibn Abi Tolib roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda aytilishicha, Alloh taolo Ibrohim alayhissalomga Hazrati Jabroil alayhissalomni yuborib hajni oʻrgatgan. Arafotga kelganlarida: «Arafta?» (yaʼni, «Tanidingmi?») deb soʻragan ekan. Chunki bundan avval ham bir marta kelgan ekanlar. Shundan «Arafot» deb nomlanib qolgan ekan. Maʼnosi–bilish, tanish degani.
Arafotda turish hajning bosh ibodati, rukni hisoblanadi. Paygʻambarimiz alayhissalom: «Haj Arafotdan iboratdir», deganlar. Arafotning chegarasi ichida hoji arafa kuni zavoldan boshlab shu kunning shomigacha boʻlgan muddatda bir oz boʻlsa ham turmasa, haji haj boʻlmaydi.
Paygʻambarimiz alayhissalom vidolashuv hajini qilganlarida, peshinni oʻqigandan soʻng, quyosh botguncha turganlar. Arafotdan qaytib tushish quyosh botgandan soʻng boshlanadi. Oyatda «Allohni Mashʼarul Haromda zikr qiling», deyilmoqda. Mashʼarul Harom esa «Muzdalifa deganidir. «Mashʼar»–ochiq alomat degani. Muzdalifaning bu nom bilan atalishi haram hududida boʻlganidandir. Muzdalifaning maʼnosi «yaqinlashish» boʻlib, hojilar u yerga tushganlarida Baytullohga yaqinlashadilar. Hojilar shom va xufton namozlarini qoʻshib Muzdalifada oʻqiydilar. Hanafiy mazhabiga koʻra, Muzdalifada hayit kuni fajrdan keyin bir lahza boʻlsa ham turish vojibdir. Paygʻambarimiz alayhissolatu vassalom ham oʻz hajlarida Muzdalifada bir azon ikki iqoma bilan shom va xufton namozlarini qoʻshib oʻqiganlar. Soʻngra, fajr-gacha yonboshlab, tong otgandan soʻng bomdodni oʻqib, keyin tuyalarini minib Mashʼarul Haromga kelganlar va qiblaga qarab duoi takbirlar qilganlar. Tong yorishgandan soʻng yurib ketganlar.
Alloh taolo musulmonlarga Mashʼarul Haromda Oʻzini zikr qilishga buyurmoqda, ularni hidoyatga boshlagani uchun zikr qilmoq ila shukr keltirishga amr etmoqda.
«Ilgari adashganlardan boʻlsangiz ham, sizni hidoyatga boshlagani uchun Uni zikr qiling».
Ilgari musulmonlar Islomdan oldingi hayotlari bilan musulmon boʻlganlaridan keyingi hayotlarini solishtirib koʻrib, bu ulugʻ neʼmatlarni tushunib yetar edilar va uni bergan Allohga shukr qilar edilar. Hozirgi kunda ham yangi musulmon boʻlganlarning koʻplari faqat musulmon boʻlganlaridan keyingina oʻzlarini haqiqiy inson deb his qilayotganlarini aytib, ularni hidoyatga boshlagan Allohga shukr aytmoqdalar. Asli musulmon boʻlib kelayotganlar esa, musulmonmas kishilarni koʻrib, ularning zalolat botqogʻida tortayotgan azoblarini bilib, oʻzlarini hidoyatga boshlagan Allohga shukrlar aytadilar.
Inson ilohiy taʼlimotdan uzoqlashganda turli nomaʼqulchiliklarni qiladi. Jumladan, oʻzini maqtash, mutakabbirlik qilish, boshqalardan ustun qoʻyishni ep koʻradi. Johiliyat davrida Quraysh qabilasi boshqa arablardan oʻzlarini yuqori tutishar, ulardan ajrab turadigan baʼzi imtiyozlarni oʻzlariga ravo koʻrishardi. Haj qilishganda boshqalarga qoʻshilmasdan, Arafotda ham alohida turishar edi. Arafotdan qaytib tushishda ham ayrim boʻlib, odamlardan bosh- qa joyda imtiyozli boʻlib turishardi.
Haj ibodatidagi koʻpgina notoʻgʻri narsalarni toʻgʻrilagani kabi, Qurʼoni Karim bu nooʻrin ishni ham toʻgʻrilab, deydiki: