وَمِنْهُم مَّن يَقُولُ رَبَّنَآ ءَاتِنَا فِى ٱلدُّنْيَا حَسَنَةً وَفِى ٱلْـَٔاخِرَةِ حَسَنَةً وَقِنَا عَذَابَ ٱلنَّارِ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Va ulardan ba'zilari: «Robbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilikni, oxiratda ham yaxshilikni bergin va bizni do`zax olovi azobidan saqlagin», deydir.Ва улардан баъзилари: «Роббимиз, бизга бу дунёда ҳам яхшиликни, охиратда ҳам яхшиликни бергин ва бизни дўзах олови азобидан сақлагин», дейдир.Alauddin Mansour: Va ularning orasida shunday zotlar ham borki, «Parvardigoro, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato qilgin, Oxiratda ham yaxshilik ato etgin va bizni doʻzax azobidan asragin», deydilar.Ва уларнинг орасида шундай зотлар ҳам борки, «Парвардигоро, бизга бу дунёда ҳам яхшилик ато қилгин, Охиратда ҳам яхшилик ато этгин ва бизни дўзах азобидан асрагин», дейдилар.
Bu duo–musulmonlarning duosi. Ular Alloh taolodan ikki dunyoning yaxshiligini soʻraydilar. Chunki Islom dini ikki dunyoning obodligiga chaqiradi. Dinsizu xudosizlarga oʻxshab, faqat bu dunyoning hoy-havasini soʻramaydilar. Yoki baʼzi toifalarga oʻxshab, faqat oxiratni oʻylab, bu dunyoni esdan chiqarmaydilar.
Bu duoda yuksak odob ham yorqin koʻrinib turibdi. Soʻraladigan narsani tayin qilib nomini aytmasdan, umumiy qilib «yaxshilik» deb aytilmoqda. Alloh taoloning Oʻzi «yaxshilik»ning nimaligini yaxshi biladi.
Imom ibn Kasir: «Ushbu duo dunyodagi barcha yaxshiliklarni oʻzida jamlab, yomonliklarni chetlatgan», deganlar.
Ibn Murdavayh Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollalohu alayhi vasallam:
«Baytullohning burchagidan har oʻtganimda, «Omin» deb turgan farishtani koʻrdim. Uning yonidan oʻtsangiz, «Robbana atina fiddunya hasanatan va fil oxirati hasanatan va qiyna azaban-naar»ni oʻqinglar», deganlar.
Bu duo Paygʻambarimiz Muhammad alayhissolatu vassalomning koʻp qiladigan duolari edi.
Ibn Abi Hotim Abu Tolutdan qilgan rivoyatda: «Anas ibn Molik huzurida edik. Sobit u kishiga:
«Birodarlaringiz duo qilishingizni soʻrashyapti»,–dedi. Anas ibn Molik «Robbana atina...»ni oʻqidilar. Bir muddat gaplashib oʻtirdilar. Turishmoqchi boʻlishganda:
«Ey Abu Hamza, birodarlaringiz turishmoqchi, ularni bir duo qilsangiz»,–dedi. Shunda Anas ibn Molik:
«Sizlarga ishlarni maydalab berishimni xohlaysizmi?! Agar Alloh sizga bu dunyo va oxiratning yaxshiligini berib, doʻzaxning azobidan saqlasa, yaxshilikning hammasini bergan boʻladi-ku»,–dedi.